O‘zA O`zbek

26.09.2019 Chop etish versiyasi

Tadbirkorlarning necha yillik orzusi roʻyobga chiqmoqda

Tadbirkorlarning necha yillik orzusi roʻyobga chiqmoqda

Soliq islohotlari boshlanganidan respublikamizda soliq yukini kamaytirish va biznes uchun teng raqobat muhitini yaratish ustuvor vazifa qilib belgilangan edi.

2019-yildan boshlab, tovar aylanmalaridan 3,2 foiz miqdorida ajratmalarning bekor qilinishi, mulk soligʻini 5 foizdan 2 foizga tushirilishi, ish haqidan 8 foiz miqdorida sugʻurta badalining bekor qilinishi va jismoniy shaxslarning daromad soligʻiga 12 foiz miqdorida yagona stavkada shkalaning belgilanishiga koʻpchilik ekspertlar hadik bilan qaragan edi.

Lekin Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilingan qarorning qanchalik toʻgʻri ekanligini vaqt isbotlab berdi.

Biznes va tadbirkorlar tomonidan soliq islohotlari ijobiy qoʻllab-quvvatlandi. Natijada byudjet tushumlari joriy yilning birinchi yarim yilligi yakuni bilan kamayish emas, 161 foizga oʻsdi.

Tadbirkorlik subyektlari ilgari yagona soliq rejimida qolishi uchun yashirib kelgan, 571 mingdan ortiq ish oʻrinlarini hisobotlarida ochiq-oshkora koʻrsatishga oʻtdi. Bu oʻz navbatida, jismoniy shaxslarning daromad soligʻidan byudjetga tushumlarni qariyb ikki baravarga oshirdi.

Masalan, Termiz shahridagi “Termiz taʼminot” masʼuliyati cheklangan jamiyati yagona soliq rejimida qolish uchun ilgari 132 ta ishchilarini koʻrsatgan boʻlsa, joriy yildan 361 ta ish oʻrinlarini hisobotlarida aks ettirdi.

Endigi eng katta qadam, biznesning istagi asosida qoʻshilgan qiymat soligʻi stavkasi 2019-yil 1-oktyabrdan boshlab 20 foizdan 15 foizga tushirildi.

Eʼtibor bering, qoʻshilgan qiymat soligʻi stavkasining pasaytirilishi davlat byudjetiga 10 trillion soʻm miqdorida tushumlar kamayishiga olib kelsa-da, tadbirkorlikni yanada rivojlantirish ustuvor qoʻyilib, Prezidentimiz tomonidan ularning takliflari qoʻllab-quvvatlandi.

Farmonda tadbirkorlar uchun yana bir juda muhim, joiz boʻlsa, ularni qiynab kelayotgan masala – hisobraqamlarini soliq organlari tomonidan toʻxtatib turishning amaldagi tartibi bekor qilinib, shaffof mexanizmini yaratish topshirildi.

Masalaning muhimligini bitta raqamda keltirmoqchiman, 2019-yil 1 sentyab holatiga 18,6 mingta ishlab turgan biznes vakillarining ayrim sabablarga koʻra bank operatsiyalari toʻxtatib turilgan edi.

Qabul qilingan ushbu yangiliklar tadbirkorlarimizning yanada rivojiga hamda mamlakatimizga sarmoya kiritishning jozibadorligiga xizmat qiladi.

Xolbuta ISMATOV,
DSQ Kotibiyat mudiri

1 078
OʻzA