Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

04.01.2018 17:19 Chop etish versiyasi

Tadbirkorlarga ko‘maklashish markazi faoliyat boshladi

Tadbirkorlarga ko‘maklashish markazi faoliyat boshladi Prezidentimiz tomonidan tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularga davlat xizmatlari ko‘rsatish faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida har bir viloyatda Tadbirkorlarga ko‘maklashish markazi tashkil etish tashabbusi ilgari surilgan edi.

Sirdaryo viloyatida tashkil etilgan Tadbirkorlarga ko‘maklashish markazi ochilishiga bag‘ishlangan marosimda mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, soha subyektlari samarali faoliyat yuritishi uchun qulay sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. 2018-yil yurtimizda Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili, deb e’lon qilingani ham buning yorqin dalilidir.

2.JPG

Markaz «Beton-sanoat» mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan yangidan barpo etilib, barcha sharoit va qulayliklar yaratilgan 3 qavatli binoning birinchi qavatida faoliyat boshladi.

Ayni paytda markazning konsalting, rieltorlik va boshqa xizmatlari yo‘lga qo‘yilib, 30 nafar xodim faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, soha vakillariga yanada qulaylik yaratish maqsadida o‘nta tijorat bankining viloyat filiali ham ushbu binoda joylashtirildi. Kelgusida tadbirkorlarga davlat xizmatlari ko‘rsatish turlari kengayib, sifati yanada takomillashadi. Bu esa ishlab chiqarishning kengayishiga, mahsulot turi va sifati ortishiga, ko‘plab yangi ish o‘rinlari ochilishiga zamin yaratadi.

10.JPG

Binoning 2- va 3- qavatlari yangilangan loyihalar asosida barpo etilayotgan aholi turar joylari uchun mo‘ljallangan bo‘lib, ayni vaqtda u yerda so‘nggi pardozlash ishlari olib borilmoqda.

– Markaz faoliyati bilan tanishar ekanman, Prezidentimiz nima uchun tadbirkorlikni yanada rivojlantirishga bu qadar ulkan e’tibor qaratayotgani sababini chuqurroq tushungandek bo‘ldim, – deydi Sayxunobod tumanidagi «Ozodbek – Shavkat» ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi raisi Sh.Xolmurodov. – Mana endi tadbirkor hali u rahbar eshigida, hali bu byurokrat huzurida sarg‘ayib, vaqtini behuda o‘tkazmaydi. Barchasini shu markazning o‘zida bitirib, ertangi kuniga katta ishonch bilan ishini davom ettiraveradi. Qilayotgan ishining istiqboliga ishonch esa tadbirkor uchun juda muhim omildir.

Abdujalol Qayumov, Furqat Toshmatov (surat), O‘zA
16 262