Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

15.02.2017 19:01 Chop etish versiyasi

«Toshkent-Aero» bojxona kompleksida tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining «Toshkent-Aero» ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksida Toshkent aviatsiya transport prokuraturasi bilan hamkorlikda tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun ochiq muloqot tashkil etildi.

«Toshkent-Aero» ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari M.Mirobidov, Toshkent aviatsiya transport prokurori I.Narimov va boshqalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 7-fevraldagi farmoni bilan tasdiqlangan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturi jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish, aholi bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yishning yangi, samarali mexanizm va usullarini joriy etish, mansabdor shaxslarning aholi oldida hisobot berish tizimini amalda tatbiq etish, shu asosda xalqning davlat hokimiyatiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga qaratilganini ta’kidladi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 5-oktabrdagi “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan tadbirkorlarga bojxona sohasida joriy qilingan yangi qulayliklar va yengilliklar hamda bojxona organlariga yuklangan vazifalarning mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritildi.

Tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarini qo‘llab-quvvatlash, mahalliy ishlab chiqarishni yanada kengaytirish maqsadida tadbirkorlarga 2016-yilda O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq «Toshkent-Aero» ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi bojxona to‘lovlari bo‘yicha 4 trillion 853,1 milliard so‘m miqdorida imtiyozlar berildi.

2016-yilda «Toshkent-Aero» ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari tomonidan tovarlarning belgilangan joydan boshqa joyda o‘tkazilgan bojxona rasmiylashtiruvi uchun tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari tomonidan 75,3 million so‘m miqdorida yig‘imlar undirilgan. Bu yildan boshlab bu kabi xarajatlar teng yarmiga qisqarib, tejalgan mablag‘ tadbirkor ixtiyorida qoladi.

2016-yilda «Toshkent-Aero» ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksining tashqi iqtisodiy faoliyat postlarida tadbirkorlarning 126 eksport shartnomasi ro‘yxatga olingan. Endilikda tadbirkorlar eksport shartnomalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni elektron shaklda interaktiv davlat xizmatlari yagona portali orqali, elektron raqamli imzodan foydalangan xolda tashqi savdo operatsiyalari yagona elektron axborot tizimi orqali kiritmokda. 2017-yilning 10-fevral holatiga ko‘ra, tadbirkorlarning 16 eksport shartnomasi va 1 qo‘shimcha bitim elektron shaklda ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

«Toshkent-Aero» ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini tezkorlik bilan ko‘rib chiqish, murojaat bilan kelgan aholi hamda tadbirkorlik subyektlari to‘siqlarsiz va qulay tarzda qabul qilinishini ta’minlash maqsadida boshqarmalarda fuqarolar qabulxonalari tashkil etilgan.

Muloqotda tadbirkorlar faoliyatida uchrayotgan muammoli masalalar va ularni keltirib chiqarayotgan sabablar muhokama qilinib, mutaxassislar tomonidan tegishli maslahat va tavsiyalar berildi.

Jurnalistlar bojxona imtiyozlaridan unumli foydalanib kelayotgan “Dentafill Plyus” farmatsevtika korxonasida bo‘lib, ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi. Korxona 2006-yilda o‘z faoliyatini boshlagan. Hozirgi kunda bu yerda uch yuzdan ortiq xodim mehnat qilmoqda, 150 turdan ziyod dori vositasi va tibbiyot buyumlari ishlab chiqarilmoqda.

– Germaniya, Shveytsariyadan keltirilgan zamonaviy texnologiyalar yordamida ishlab chiqarilayotgan dori vositalarimiz Afg‘oniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Gruziya kabi davlatlarga eksport qilinmoqda, – deydi korxona direktori Sarkor Isanboyev. – Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 31-oktabrdagi “Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori farmatsevtika sanoatini yanada rivojlantirishni yangi bosqichga ko‘tardi.

Nurillo Nasriyev, O‘zA
527






Все о погоде - Pogoda.uz