Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

11.08.2017 18:46 Chop etish versiyasi

Tadbirkorlar muammolarining yechimiga yangicha yondashuv

O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash va eksport qilishdagi muammolarni bartaraf etish bo‘yicha ekspertlar kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Xalqimiz meva-sabzavot yetishtirishda boy tajribaga ega, har qarich yerdan, tomorqadan unumli foydalanadi. Olimlarimizning izlanishlari ham e’tiborga molik. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari turi va hajmini ko‘paytirish, ularni qayta ishlash orqali oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojni ta’minlash, eksportga yo‘naltirish borasidagi tadqiqotlar yaxshi samara bermoqda. Pirovardida, agrotadbirkorlik mamlakatimizda jadal rivojlanayotgan va mo‘may daromad keltirayotgan tarmoqlardan biriga aylandi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 1991-yilda mamlakatimizda 5,6 million tonna meva-sabzavot yetishtirilgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 24,3 million tonnani tashkil etishi kutilmoqda. O‘z navbatida yetishtirilgan mahsulotlarni sifatli saqlash, ularni qayta ishlash, yer maydonlarini kengaytirish, issiqxonalar sonini ko‘paytirish, eksport hajmini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

160 mingdan ortiq fermer xo‘jaligining 36 mingdan ziyodi ko‘p tarmoqli faoliyatni yo‘lga qo‘ygan. Ular dehqonchilik va chorvachilik bilan cheklanib qolmay, zamonaviy texnologiyalar yordamida o‘zlari yetishtirgan mahsulotlarni qayta ishlamoqda, aholi ehtiyojidan kelib chiqib xo‘jalikda zarur boshqa turdagi mahsulotlarni ham yetkazib bermoqda. Bu, albatta, qishloq odamlarining bandligini ta’minlash, daromadini oshirishga xizmat qiladi.

Ekspertlar kengashi a’zolari fikricha, bu kabi amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar, mavjud imkoniyat va imtiyozlarga qaramay, sohada kamchiliklar ham uchrab turibdi.

Bu jihatlar tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini muhofaza qilishda, tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish va rivojlantirishda turli sun’iy to‘siqlar kuzatilayotganida, ishbilarmonlik muhiti faoliyatini nazorat qiluvchi ayrim rahbarlarning mas’uliyatsizligida ko‘zga tashlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bu borada tadbirkorlarga yaqin ko‘makchi. Shu maqsadda tashkil qilingan ekspertlar kengashi yig‘ilishida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishda, uni xalqimiz dasturxoniga yetkazish, qayta ishlash va eksport qilishdagi mavjud muammolarni aniqlash, ularni bartaraf etish yuzasidan takliflar bildirildi.

Ulug‘bek Asrorov, O‘zA
773






Все о погоде - Pogoda.uz