Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

01.08.2017 18:43 Chop etish versiyasi

Tadbirkor xotin-qizlar tanlovi

Tadbirkor xotin-qizlar tanlovi Buxoroda “Ishbilarmon ayol – 2017” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi o‘tkazildi.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi viloyat kengashi, viloyat Fermerlar kengashi, viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi, viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tanlovda tadbirkor va fermer xotin-qizlar ishtirok etdi.

– Xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb etish orqali ularning bandligini ta’minlash, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish O‘zLiDePning dasturiy maqsadlaridan biri, – deydi partiya viloyat kengashi bo‘lim mudiri Robiya Solihova. – Bugungi kunda viloyatimizda 12 ming 500 dan ortiq, jumladan, 5 ming 305 xotin-qiz tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqda. Tadbirkor ayollarning 2 ming 904 nafari partiyamiz a’zosi. Joriy yilning birinchi yarmida 289 ayolga o‘z biznesini rivojlantirishi uchun tijorat banklari tomonidan 10 milliard 678 million so‘m miqdorida kredit mablag‘i ajratildi. Buning samarasida 202 yangi ish o‘rni yaratildi.

Tanlov doirasida ishtirokchilar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar namoyishi va bir qator loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.

“Zamonaviy tadbirkor ayol portreti” nominatsiyasida Buxoro shahridagi “Billur Tosh Fayz” oilaviy korxonasi rahbari N.Safarova, “Yilning muruvvatli ishbilarmon ayoli” yo‘nalishida Shofirkon tumanidagi “Favorite study servis” o‘quv markazi direktori F.Burhonova, “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirayotgan fermer ayol” nominatsiyasida Jondor tumanidagi “Jahongir-Muhriddin” fermer xo‘jaligi rahbari N.Rajabova, “Tashabbuskor ayol” yo‘nalishida Buxoro shahridagi “Lyuks Buxaralayn” korxonasi rahbari U.Ismoilova, “Bitiruvchi qizlarga eng ko‘p ish o‘rni yaratgan ishbilarmon ayol” yo‘nalishida Buxoro shahridagi “Sevinch teks servis” korxonasi rahbari L.Ravshanova birinchi o‘rinni egalladi.

G‘oliblar tanlovning mamlakat bosqichida ishtirok etadi.

Partiya viloyat kengashi, Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida “Oilaviy tadbirkorlikdan – mustahkam oilaga” loyihasi bo‘yicha ham viloyat tanlovi o‘tkazildi.

Tanlov doirasida tijorat banklari tomonidan taklif etilayotgan bank xizmatlari va tadbirkorlar ishlab chiqargan mahsulotlar ko‘rgazmasi tashkil etildi. O‘z biznes loyihasi taqdimotini o‘tkazgan ayollar o‘rtasida g‘oliblar aniqlanib, tijorat banklaridan imtiyozli kredit olish uchun sertifikatlar topshirildi.

Erkin Yodgorov, Tohir Istatov (surat), O‘zA
1 449






Все о погоде - Pogoda.uz