Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

13.11.2017 17:09 Chop etish versiyasi

120 ish o‘rni yaratishni niyat qilgan tadbirkor endilikda fermerlikda ham omadini sinab ko‘rmoqchi

Ayol – mehribon ona, munis opa-singil, suyukli yor... Mana shunday bir-biridan aziz rutbalarning baxtu saodatini, quvonchu tashvishini, sharaf va mas’uliyatini nozik yelkasida ko‘tarib yurgan ayollarimiz nafaqat oiladagi vazifasini uddalamoqda, balki jamiyatimizning turli jabhalarida fidoyilik bilan mehnat qilib, ulkan yutuqlarga erishmoqda.

Mustaqillik yillarida mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng yo‘l ochildi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 5-oktabrdagi «Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni hamda 2017-yil 1-fevraldagi «Tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlarini ko‘rsatish mexanizmlarini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori mazkur ishlar samaradorligini yanada yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Bu jarayonda xotin-qizlarning jamiyatdagi mavqei va rolini yuksaltirish, huquq va manfaatlarini ta’minlash, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning iqtidor va salohiyatini yuzaga chiqarish, tashabbus va g‘oyalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bugun tadbirkorlik, hunarmandchilik, kasanachilik sohasida ayollarimizning mahoratini ko‘rishimiz mumkin.

Atrofida shogirdlarini jamlab, jonkuyar ustoz bo‘lib, o‘z kasbining sir-asrorini mehr va kuyunchaklik bilan shogirdlariga o‘rgatayotgan ayolni ko‘rganimizda haqiqiy ishbilarmon o‘zbek ayolining qiyofasi namoyon bo‘ladi.

Poytaxtimizning Yakkasaroy tumanida joylashgan «ELLE» O‘zbekiston – Turkiya qo‘shma korxonasi rahbari Manzura Yo‘ldosheva ana shunday tadbirkor ayollardan. Manzura opa qo‘li-qo‘liga tegmay, bir-biridan chiroyli va bejirim paltolarni tikayotgan xotin-qizlarga ham yo‘lboshchilik, ham ustozlik qiladi. Asli hunarmandlar oilasida voyaga yetgan M.Yo‘ldosheva 1995-yilda yakka tartibdagi tadbirkor sifatida o‘z faoliyatini boshlagan. Dastlab 8 ishchi ishlagan korxonada bugun 50 xotin-qiz mehnat qilmoqda.

– Korxonamizda ayollar uchun palto tikiladi, – deydi Manzura opa. – Yoshligimda onam, ammalarim davra qurib, do‘ppi, kamzul, erkaklar kostyumini tikishardi. Ularga havas qilib men ham nimalarnidir tikishga harakat qilardim. Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, tadbirkorlarga keng imkoniyatlar yaratildi. Bundan ruhlanib, men ham ayollar paltosini tikishni yo‘lga qo‘ydim. 2009-yil korxonamiz faoliyatini kengaytirib, turkiyalik hamkorlar bilan «ELLE» qo‘shma korxonasini ochdik.

Mazkur korxonada ishlab chiqarilgan paltolar o‘zining sifati, yengil va qulayligi bilan ichki va tashqi bozorda juda xaridorgir. Har bir fason uchun tanlangan ranglar o‘zining tiniq va nafisligi bilan ajralib turadi.

– Paltolar dizaynini xorijlik hamkorlimiz bilan birgalikda tayyorlaymiz, – deydi M.Yo‘ldosheva. – 2018-yildan boshlab bolalar uchun palto va qishki issiq kiyimlar ishlab chiqarishni rejalashtirganmiz. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlardan samarali foydalangan holda, sifatli mahsulotlar ishlab chiqarish, ularni eksport qilish orqali mamlakatimiz iqtisodiyoti rivojiga hissa qo‘shayotganimizdan juda baxtiyormiz.

Kelajakda korxona faoliyatini kengaytirib, 120 ish o‘rni yaratishni niyat qilgan Manzura opa endilikda fermerlikda ham o‘z omadini sinab ko‘rmoqchi.

– Piskent tumanidan 1,5 gektar yerda chorvachilik uchun mo‘ljallangan yer oldik. U yerda bozorga sifatli go‘sht mahsulotlarini yetkazib berishni yo‘lga qo‘ymoqchimiz, – deydi Manzura opa. – Bundan tashqari limonariya qurish, 700 tup gilos daraxtini parvarish qilib, bog‘dorchilikka ham qo‘l urmoqchimiz.

Korxonada faoliyat olib borayotgan xodimlarning 90 foizini yoshlar tashkil etishini inobatga olgan holda, ularning nafaqat mehnat qilishi, balki jamiyatda o‘z o‘rnini topishi, ijtimoiy, ma’naviy, moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga katta e’tibor qaratilmoqda.

Yakkasaroy yengil sanoat kasb-hunar kolleji bilan hamkorlikda «usta-shogird» tizimi asosida kollej o‘quvchilariga mahorat darslari tashkil etilib, bichish-tikish sirlarini o‘rgatish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA
1 999






Все о погоде - Pogoda.uz