O‘zA O`zbek

21.09.2020 Chop etish versiyasi

Tadbirkorga qoʻshilgan qiymat soligʻidan ortiqcha toʻlangan 220 million soʻm qaytarildi

Tadbirkorga qoʻshilgan qiymat soligʻidan ortiqcha toʻlangan 220 million soʻm qaytarildi

Soʻngi yillarda mamlakatimizda soliq toʻlovchilarning maʼlum toifalariga nisbatan soliq maʼmuriyatchiligini manzilli tartibda yuritilishi samarali ekani oʻz isbotini topmoqda.

Yangi tahrirdagi Soliq kodeksiga asosan soliq organlarining ortiqcha toʻlangan yoki ortiqcha undirilgan soliqlarni oʻz vaqtida qaytarish uchun javobgarligi kuchaytirildi.

Xorazm viloyati soliq boshqarmasida yangi tashkil etilgan “Qoʻshilgan qiymat soligʻi maʼmurchiligi” boʻlimi ortiqcha toʻlangan soliq summasini oʻz vaqtida qaytarish va ortiqcha undirilgan soliq summasini hisobga olish va uni qaytarish bilan shugʻullanadi.

Agar soliq davri oxirida QQS boʻyicha byudjetga toʻlash uchun hisobga olingan soliq summasi hisoblangan soliq summasidan koʻp boʻlsa, unda QQSni qoplash (qaytarish) bilan bogʻliq vaziyat yuzaga kelishi mumkin. Boshqacha qilib aytganda, soliq toʻlovchi ortiqcha toʻlagan yoki undan ortiqcha undirib olingan qoʻshilgan qiymat soligʻi mablagʻlarini qaytarib olish huquqiga ega. Soliq toʻlovchilar QQS summasini qoplash (qaytarish) boʻyicha ariza yuboradi. Har bir ariza belgilangan muddatda, tegishli organ tomonidan koʻrib chiqiladi.

– Hozirgi kunda viloyat boʻyicha jami 5 ming 193 ta qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchilari toʻliq viloyat davlat soliq boshqarmasi hisobiga koʻchirib oʻtkazildi, – deydi Xorazm viloyati davlat soliq boshqarmasi “Qoʻshilgan qiymat soligʻi maʼmurchiligi” boʻlimi boshligʻi Sanjar Xudoyberganov. – Joriy yil 1-iyun holatiga viloyat DSB tomonidan 396 ta ariza koʻrib chiqildi. Umumiy qiymati 10 milliard 768 million 305 ming 671 soʻmga teng boʻlgan 94 ta ariza Moliya boshqarmasiga yuborildi. Arizalarning 67 tasi asoslanmaganligi va xato-kamchiliklari sababli korxonalarga qaytarildi.

Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, hisobotida nomuvofiqliklar aniqlangan tadbirkorlik subyektlari xatoliklarini tuzatib, QQS summasini qaytarish uchun qayta murojaat qilish huquqiga ega.

Joriy yilning 1-sentyabr holatiga Xorazm viloyati boʻyicha jami 3 ming 948 ta xoʻjalik yurituvchi subyektlarning qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha ortiqcha toʻlovlari mavjud boʻlib, ushbu korxonalarni yashil, sariq va qizil yoʻlakchalarga ajratgan holda ulardan kelayotgan arizalarga asosan belgilangan muddatlarda tegishli tartibda hisob raqamlariga qaytarish yoki boshqa soliq turlariga qoplash ishlarini amalga oshirishda viloyat davlat soliq boshqarmasi tomonidan xizmat koʻrsatilishi yoʻlga qoʻyilgan.

– Qoʻshilgan qiymat soligʻining toʻlaqonli zanjirini shakllantirish va uning shaffofligini taʼminlash orqali barcha xoʻjalik yurituvchi subyektlarga QQS boʻyicha “manfiy” qoldiqni qaytarish huquqi berilgani biz kabi tadbirkorlar uchun yana bir imkoniyat boʻldi, – deydi “Xorazm Ipagi” MCHJ marketing boʻlimi boshligʻi Sardor Saidmamudov. – Soliq boshqarmasi xodimlarining huquqiy va amaliy yordami bilan “QQS oʻrnini qoplash” interaktiv xizmati orqali yuborgan arizamizni oʻz vaqtida koʻrib chiqib, belgilangan tartibda 220 million soʻm QQSni hisob raqamimizga qaytarib berishdi. Bunday qoʻshilgan qiymat soligʻining manfiy summasini tadbirkorlik subyektlariga qaytarilishi aylanma mablagʻlarning oshishiga va ishlab chiqarishga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

Shuningdek, tizim xodimlari tomonidan tadbirkorlik subyektlariga tashrif buyurgan xolda ularning muammolari oʻrganilib bartaraf etishga koʻmak berilmoqda. Faoliyat koʻrsatmayotgan korxonalar muammolarini oʻrganish, sabablarini aniqlash va ular faoliyatini tiklash choralari koʻrilmoqda.



17 094
Ahmadjon SHOKIROV, OʻzA