O‘zA O`zbek

05.09.2018 15:06 Chop etish versiyasi

Suv teskari oqadigan dala

Suv teskari oqadigan dala
Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumanidagi “Chandir sardori” fermer xoʻjaligi dalalarida suv teskari oqar ekan.

Biz ham bu haqida xoʻjalik rahbari Kenja Jomurodov bilan suhbatlashganda bildik.

Bunga hech qanday moʻʼjizaning aloqasi yoʻq. Faqat uzoq yillik izlanish va chorasizlikdan chora qidirish kabi mehnat samarasida bunga erishildi. Tajriba yaxshi samara berdi.

Izlanuvchan mulkdor, u erishayotgan yutuqlar haqida batafsil soʻz yuritadigan boʻlsak, Oʻzbekistonda mustaqillik shamollari esib, xalqimiz oʻziga bek boʻlganda Jomurodovlar oilasidagi oʻn farzandning eng kichigi – Kenja toʻrt yoshda edi. U vaqtlarda Kenja erkinlik, ozodlik, istiqlol, fermerlik, xususiy mulk kabi soʻzlarning maʼnisiga ham bormasdi. Bolakay uchun buning qizigʻi ham yoʻq edi. Shundan otasining “endi yelkamizga oftob tegadi”, degan soʻzlarini maʼnosiga ham tushunmagandi.

Oradan yillar oʻtdi. Kenja maktabda, soʻng Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutida tahsil oldi.

2009-yili oʻqishni tamomlab, Mirishkor tumaniga – ona qishlogʻiga qaytdi. Mineral oʻgʻitlar sotish shoxobchasida ish boshladi. Biroz muddat hamma qatori ishga borib, uyga qaytib yurdi. Biroq “bir chiziqda” yurish uni zeriktirdi. Umrning shunchaki oʻtayotganidan yuragi norozi, chehrasi tund edi. Nima qilish haqida oʻylab, boshi qotdi.

Shunday kunlarda gazetada oʻzi kabi yoshlarning yurt taraqqiyotiga, obodligiga qoʻshayotgan hissasi haqidagi maqolaga koʻzi tushdi. Ana shunda Kenja Jomurodov oʻzi qidirayotgan, yuragini “jizillatayotgan”, hayajonga solayotgan tuygʻuning nima ekanini anglaganday boʻldi. Yurtimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik, yaratuvchanlik ishlariga hissa qoʻshishga ahd qildi.

2012 yili fermer boʻlish maqsadida tuman hokimligiga ariza bilan murojaat qildi. “Hamma maydonlar egali, ekishga yaroqli yerlar band“, deyishdi. Kurash tushib yurgan yigit emasmi, koʻnglida or-nomus, gʻurur ham shunga yarasha. Kenja qoʻriq yer ochishga qaror qildi.

Adir oʻzi nima? Yomgʻir koʻp yoqqan yili oʻt-oʻlan moʻl boʻlib, chorva yayraydigan, yoz jaziramasida esa qovjiragan, bir amallab suv chiqarsa bogʻ, tokzorga yaraydigan tepalik. Yosh, gʻayratli fermer niyatini amalga oshirish uchun Chandir qishlogʻidan 20 kilometr uzoqlikdagi adirlikdan 86 gektar yerni ekin ekish uchun tayyorladi.

Oʻtgan yillar davomida har yili 36 gektardagi gʻalladan ham moʻl hosil olinmoqda. 50 gektarda “Buxoro-6” navli gʻoʻza parvarishlanib, gektaridan 40 sentnerdan oshirib paxta yetishtirilmoqda. Bu nav nimasi bilan yaxshi, deb soʻrarsiz. Turli kasalliklarga, suvsizlikka chidamli, juda serhosil. Unumdor yer, suv boʻlsa, 50-55 sentnergacha hosil beradi. Muntazam ravishda shartnoma rejasini bajarib kelayotgan yosh fermer bir necha marta “Nexia” va “Damas” avtomobillariga sazovor boʻldi.

Eng qizigʻi nimada? Bu dalada suv teskari oqadi. Qanday deysizmi? Biz ham shuning mohiyatini tushunmoqchi boʻlib fermerning izohini tingladik.

– Keyingi yillarda suv tanqisligi bizni shunga majbur qilmoqda, – deydi fermer. – Choʻlda boʻlgani uchun har yili yerlarning shoʻrini yuvib, suvni zovurga tashlardik. Koʻpchilik biladiki, u gektarni adogʻida, yaʼni egatning oxirida – pastlikda boʻladi. Endilikda bu suvdan qayta foydalanish uchun choʻlga elektr olib bordik. Soʻngra atrofda yigʻilib qolgan bu suvlarni ikkita elektr nasos yordamida yuqoriga – dalaga haydashni yoʻlga qoʻydik. Ekinlarimizni sugʻorishda faqat ana shu shoʻr suvdan foydalanamiz. Natija yomon emas, yerning zaxi qochib, hosilga baraka kirmoqda.

Zamonaviy dehqonchilik faqat paxta, gʻalla va pilla degani emas. Balki qayta ishlash korxonalari, servis xizmatlarini yoʻlga qoʻyish ham degani. Kenja oʻylab qarasa, Chandirda bu sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar juda kam ekan. Shu sabab yosh fermer dastlabki hosildan olingan daromad evaziga aholi uchun xizmat koʻrsatadigan yirik savdo majmuasi barpo etdi.

Hozirda ana shu ikki qavatli majmua ishlab turibdi. Unda avtomobil ehtiyot qismlari, oziq-ovqat, uy-roʻzgʻor anjomlaridan tortib, veterinariya dorixonasi-yu kelinlar salonigacha bor. Joriy yilda fermer yangi majmua qurish uchun poydevor tashladi. Bunisi endi sutni qayta ishlash sexi va yoshlarning sport bilan shugʻullanishiga moʻljallangan zal boʻladi.

“Chandir sardori” fermer xoʻjaligida 30 ta doimiy, 50 ta mavsumiy ish oʻrni yaratilgan. Uning rahbari doʻstlari bilan tuya boqadi, yilqilar dupuri adirni tutgan. Koʻplab otlar orasidan “Mustang” laqabli tulpor eng yaqin hamrohi. Kelgusida xoʻjalik parrandachilik va baliqchilik hisobiga yanada kengayishi moʻljallanmoqda.

– Mehnat qilgan inson elda aziz boʻlishi, obroʻ topishi mumkinligiga oʻzim misol, – deydi K.Jomurodov. – Donolar bejiz “Barbod qiluvchilardan boʻlma, yaratish ishtiyoqi bilan yasha”, deyishmagan-da. Mehnat ortidan oʻnlab texnika va kombaynga ega boʻldim. Bir nechta yengil avtomobillarimiz uzogʻimizni yaqin qilmoqda.

Hosilga yarasha daromad ham zoʻr boʻlmoqda. Qishlogʻini obod qilishga kirishgan yigitga shu atrofda qarovsiz yotgan ferma binosi xunuk koʻrina boshladi. Topgan foydasini shu binoni taʼmirlashga sarfladi. Tomni yopib, atrofni tartibga keltirishni boshlab yubordi. 2 ming bosh qoramol sigʻadigan ferma binosini qurib bitkazdi. Bugun erta Ukrainadan 100 bosh naslli qoramol kelish arafasida. Shu maqsadda “Qishloq qurilish bank”dan ikki milliard kredit oldi. Hozircha fermer 300 bosh mahalliy qoramoldan sogʻib olinayotgan sutni Qarshidagi sutni qayta ishlash korxonasiga yetkazib bermoqda.

Yosh fermerning qizi Toʻmaris bu yil maktabga chiqdi. Tili biyron qizaloq kurash tushsa, tengdosh bolalarni ham bemalol yiqitadi. U mustaqillik, fermerlik kabi soʻzlarning mazmunini yaxshi anglaydi. Toʻmaris ulgʻaygach, tikkan liboslari, yaratgan modellari bilan dunyo kezib, Oʻzbekiston nomini yanada yuksaltirishini istaydi.

Bu niyat otasiga bir olam kuch-quvvat bagʻishlab, yangi bunyodkorlik ishlariga undamoqda. Ajab emas, yaqinda xoʻjalikda tikuv sexi ham ishga tushirilsa.

Sayyora Shoyeva, OʻzA
2 058