Suv ta’minoti yanada yaxshilanadi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 24-25-fevral kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida “Qarshi nasos stansiyalar kaskadini qayta tiklash – III faza” loyihasi bilan ham tanishdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 24-25-fevral kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida “Qarshi nasos stansiyalar kaskadini qayta tiklash – III faza” loyihasi bilan ham tanishdi.Ushbu loyihaning amalga oshirilishini qashqadaryoliklar uzoq yillar kutdi. Loyiha amaliyotga to‘liq tatbiq etilishi bilan viloyatda yanada mo‘l hosil yetishtirish, million-million daromad qilish, suv tanqisligi keskin kamayib, yiliga ikki-uch marta hosil olish imkoniyati yaratiladi.
Qarshi nasos stansiyalar kaskadi 1972-1975-yillarda qurilgan bo‘lib, viloyatning 392 ming gektar yoki salkam 80 foiz yer maydonini obi-hayot bilan ta’minlardi. Lekin keyingi yillarda ushbu irrigatsiya tarmog‘i eskirgani, quvur va stansiyalarga Amudaryo suvining loyqasi cho‘kib qolgani sababli suv isrof bo‘lardi. Olingan suvga nisbatan energiya sarfi oshib ketardi.
To‘g‘ri, ushbu nasos stansiyalar kaskadida 2006-2010-yillarda yengil ta’mirlash va tiklash ishlari amalga oshirildi. Xususan, I faza loyiha doirasida 36 nasos agregati hamda 15 zemsnaryad uchun ehtiyot qismlar xarid qilinib, ularning texnik holati yaxshilandi. Bu ishlar uchun jami 5 milliard so‘m mablag‘ sarflandi.
II faza loyihasi doirasida birinchi nasos stansiyasidagi 6 nasos agregatidan 3 tasi chet elning modernizatsiyalangan agregatlari bilan almashtirildi. Bundan tashqari, 2 zemsnaryad, ular uchun ehtiyot qismlar xarid qilindi. Natijada yangi 3 nasos agregatining samaradorligi eski nasoslarga nisbatan 25 foiz oshdi. Ushbu nasos agregatlari suv sathi 1 metrgacha pasayganda ham samarali ishlamoqda. Kaskad orqali yiliga o‘rtacha 455 million metr kub qo‘shimcha suv olishga erishilib, viloyatning suv ta’minoti bir muncha yaxshilandi. Yiliga o‘rtacha 3,2 million kVt/soat elektr energiyasi yoki 610 million so‘m byudjet mablag‘i iqtisod qilinmoqda.
Shunday bo‘lishiga qaramasdan, bugungi kunda nasos stansiyalar kaskadini ishlatishda ko‘plab muammolar saqlanib qolmoqda. Masalan, kaskad qariyb 45-yildan buyon yoki belgilangan me’yorga nisbatan 1,8 marotaba ko‘p ishlatilmoqda. Jami 45 nasos agregatining 94 foizi texnik va ma’nan eskirgani ularni ishlatishda katta xarajatlar talab qilmoqda.
Kaskad bo‘yicha mavjud 3 ming 820 metr bosimli metall quvurning 79 foiz qismi xizmat muddatini o‘tab bo‘lgani bois ko‘plab avariya holati yuz bermoqda. Bir so‘z bilan aytganda, nasos stansiyalar kaskadining moddiy-texnik bazasi bugungi kun talablariga javob bermay qolgan.
Qarshi magistral kanalidan yiliga o‘rtacha 4,5 milliard metr kub suv olish uchun kanalning bosh qismida 12 million metr kub tozalash ishlarini bajarish talab etiladi. Ammo amalda bu ko‘rsatkich 7-8 million metr kubdan oshmayapti. Bu Amudaryodan limit bo‘yicha ajratilgan suvni olishda muammolar keltirib chiqarmoqda.
“O‘zGIP” loyiha korxonasi tomonidan “Qarshi nasos stansiyalari kaskadini qayta tiklash – III faza” loyihasining daslabki texnik-iqtisodiy asosi 2015-yilda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlandi. Ushbu loyihaga 128 million 934 ming dollar mablag‘ sarflanadi. NS-1 va NS-2 oralig‘idagi kanalning 8 kilometr qismini va kanalning chap qirg‘oq dambasini ta’mirlash rejalashtirilgan. 3 zemsnaryad va ehtiyot qismlar xarid qilinadi. Kanalning bosh qismidagi 20 kilometrlik uchastka loyqadan tozalanadi.
Loyiha to‘liq amalga oshirilgach, 402 ming gektar sug‘oriladigan maydonning suv ta’minoti tubdan yaxshilanadi. Bu yiliga 106,55 million kVt soat elektr energiyasi tejab qolish imkonini beradi. Eng muhimi, hududda zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish, aholi daromadlarini oshirish, turmush farovonligini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
Ilhom Qurbonov,
Qarshi magistral kanalidan foydalanish
boshqarmasi boshlig‘i.