Surxondaryoda qizil lavlagidan uch yuz baravar shirin o‘simlik navi yaratildi
Surxondaryo viloyatidagi “Ollohyoroxun” fermer xo‘jaligi uch gektar maydonda stiveya o‘simligini ochiq dalada parvarishlab, undan mahalliy iqlim sharoitida ko‘paytirishga mos urug‘ oldi.
Surxondaryo viloyatidagi “Ollohyoroxun” fermer xo‘jaligi uch gektar maydonda stiveya o‘simligini ochiq dalada parvarishlab, undan mahalliy iqlim sharoitida ko‘paytirishga mos urug‘ oldi.– Bu o‘simlikni uzoq yillar tajriba maydonimizda parvarishlab, bir necha yil oldin uning mahalliy iqlimga chidamli, serhosil “Surxon” navini yaratgandik, – deydi fermer X.Allayorov. – Shundan so‘ng uni ochiq dalaga ekib, sinovdan o‘tkazdik. Kutilganidan ham yaxshi natija berdi. Jumladan, bargidan olinadigan steviozid moddasi o‘simlik vatani –Paragvayda 6-7 foizni tashkil etgan bo‘lsa, biz o‘stirgan stiveya bargida bu ko‘rsatkich 12,4 foizgacha bo‘lgani qayd etildi. Yangi yilda 50 gektar maydonga urug‘ini qadab, mo‘l hosil olishni mo‘ljallamoqdamiz.
Qizil lavlagidan uch yuz baravar shirin bu o‘simlikdan olingan preparatlar jahon tibbiyotida oshqozon-ichak, kamqonlik, ortiqcha vazn bilan bog‘liq kasalliklarni davolashda samarali vosita hisoblanadi. Qandli diabet bilan kasallangan bemorlar uchun shakar va boshqa shirinlik o‘rnini bosuvchi noyob darmondori sanaladi. Oziq-ovqat sanoati va salqin ichimliklar ishlab chiqarishda xushbuy ta’m beruvchi modda sifatida qo‘llaniladi.
Fermer yetishtirayotgan o‘simlik Toshkent viloyatidagi “Chirchiq stiveya interfarm” mas’uliyati cheklangan jamiyatida qayta ishlanmoqda. Bu yerda shifobaxsh choy tayyorlanib, “Stiveya shirin hayot choyi” belgisi bilan savdoga chiqarilmoqda.