Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

21.08.2017 16:33 Chop etish versiyasi

Surxondaryoda 98 ming gektar yerga takroriy ekin ekildi

Surxondaryo viloyatida hosildan bo‘shagan maydonlarga takroriy ekin ekish, aholi tomorqasidan unumli foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, joriy yilda viloyat fermerlari 98 ming gektar maydondan o‘rtacha 55 sentnerdan don yig‘ib oldi. Hosildan bo‘shagan yerlarga dukkakli ekin, yeryong‘oq, turli ko‘katlar va boshqa mahsulotlar ekildi. 43 ming gektar aholi tomorqasida ham turli oziq-ovqat mahsulotlari parvarishlanmoqda.

Joriy yilning birinchi yarmida viloyatda 55 million dollarlik mahsulot eksport qilindi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 15 million dollarga ko‘pdir. Yil oxiriga qadar yana 85 million dollar miqdoridagi mahsulotni xorijga jo‘natish rejalashtirilgan.

Bu Termiz shahrida joriy yilning 19-avgust kuni o‘tkazilgan xalqaro press-klubning navbatdagi sayyor anjumanida qayd etildi.

“Surxondaryo: boy meros, turizm va islohotlar uyg‘unligi” mavzusidagi tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi E.Turdimov va boshqalar Prezidentimiz tashabbusi bilan ilgari surilgan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi hamda "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturi mamlakatimiz taraqqiyoti va xalqimizning yanada farovon hayotini ta’minlashda muhim omil bo‘layotganini ta’kidladi.

O‘zbekiston Rspublikasi Prezidentining Surxondaryo viloyati, shahar va tumanlardagi Xalq qabulxonalari fuqarolarning murojaatlarini tinglab, ular o‘rtaga tashlayotgan taklif va muammolarga qonuniy yechim topishga ko‘maklashayotgani yurtimizda inson manfaatini ta’minlashda yuksak samaralar bermoqda. O‘tgan davrda qabulxonalarga 27 mingdan ortiq ariza, shikoyat va taklif kelib tushgan. Ularning asosiy qismi uy-joy, toza ichimlik suvi ta’minoti, yo‘l qurilishi, tadbirkorlik, sud-huquq, tibbiyot, ta’lim kabi sohalarga oid masalalardir.

Anjumanda viloyat iqtisodiyotini yanada yuksaltirish, bozorni arzon, sifatli mahsulotlar bilan to‘ldirish, mahalliy bozordan ortgan qismini xorijga eksport qilish, turizm salohiyatini oshirish, xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi.

Harakatlar strategiyasini Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturi doirasida viloyat iqtisodiyotida tarkibiy o‘zgarishlarni chuqurlashtirish, yetakchi tarmoqlarni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, yangi quvvatlarni ishga tushirish hisobidan 2 trillion so‘mlikdan ortiq mablag‘ evaziga 1 ming 912 loyiha amalga oshirilib, 17 ming ish o‘rni yaratiladi. 218 ijtimoiy obyektda 505 milliard so‘mlik ish bajariladi.

Surxondaryo – yer osti tabiiy boyliklariga boy viloyat. Ayni paytda Boysun tumanida gazni qazib olish va qayta ishlash loyihasi amalga oshirilmoqda. Sherobod va Jarqo‘rg‘on tumanlarida sement zavodlari barpo etilayotir. Sharg‘un ko‘mir koniga 100 million dollar investitsiya kiritish hisobidan uning yillik quvvati hozirgi 360 ming tonnadan 900 ming tonnaga yetkaziladi.

Davlatimiz rahbarining shu yil 10-11-fevral kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida ko‘plab istiqbolli loyihalar, jumladan, sanoatni rivojlantirish masalalari chuqur muhokama etilib, bu yo‘nalishdagi ustuvor vazifalar belgilab berildi. Shu asosda qamishdan qurilishda ishlatiladigan DSP materiali ishlab chiqarish korxonasi bunyod etildi. Zamonaviy jihozlangan korxona kuniga 5 ming kvadrat-metr sifatli, arzon mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega. 365 million dollar mablag‘ evaziga barpo etilayotgan 15 yengil sanoat korxonasi kelajakda paxta tolasini viloyatning o‘zida to‘liq qayta ishlash imkonini beradi. “Gold dried fruts” mas’uliyati cheklangan jamiyatida qayta ishlanayotgan meva-sabzavotlar dunyoning turli davlatlariga eksport qilinmoqda.

Viloyatda 360 dan ortiq madaniy meros obyekti ro‘yxatga olingan. O‘zining noyob tarixiy obidalari, boy arxeologik yodgorliklari va rang-barang milliy hunarmandlik buyumlari bilan mashhur viloyatda mustaqillik yillarida turizmni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Surxondaryo viloyatining 2017-2018-yillarda turizm sohasini kompleks rivojlantirish dasturiga muvofiq, servis va xizmat ko‘rsatish yangi bosqichda davom ettirilmoqda. Zamonaviy turizm infratuzilmasi yaratilib, tarixiy obidalar rekonstruksiya qilinmoqda. Yapon usulida bog‘ va mehmonxonalar tashkil etilayotir. Omonxona, Sangardak, Vaxshivor kabi maftunkor tabiat qo‘ynidagi hududlarda ekoturizm yo‘lga qo‘yilayotir. Vohaning serjilo raqs san’ati va milliy hunarmandligini rivojlantirishga alohida ahamiyat berilmoqda.

– Bugungi kunda nafaqat ichki, balki tashqi turizm ham yildan-yilga rivojlanmoqda, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining Surxondaryo viloyatidagi vakili Shuhrat Ibrohimov. – Yilning o‘tgan davrida viloyatga 4 mingga yaqin xorijiy sayyoh tashrif buyurgani fikrimiz tasdig‘idir. Prezidentimizning 2017-yil 16-avgustdagi “2018-2019-yillarda turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori xorijlik turistlar oqimini ko‘paytirish bo‘yicha mavjud salohiyatdan yanada samarali foydalanish imkoniyatlarini kengaytirdi. Ushbu hujjatda milliy turizm mahsulotlarini ichki va tashqi bozorda faol va kompleks ilgari surishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilab berildi. Bu sayyohlar oqimini yanada ko‘paytirib, valyuta tushumini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi turmush farovonligini yuksaltirishdek muhim masalalarni hal etishga ko‘maklashadi.

Sayyor anjumanda telefon orqali aholi tomonidan bildirilgan uy-joy, tabiiy gaz va ichimlik suvi ta’minoti, yo‘l qurilishi, tadbirkorlik, ta’lim, tibbiyot kabi sohalarga oid taklif va tashabbuslar ham ko‘rib chiqildi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA
1 749






Все о погоде - Pogoda.uz