O‘zA O`zbek

12.06.2019 18:37 Chop etish versiyasi

Sudlarning yangi binosi uchun qariyb 3 milliard soʻm mablagʻ sarflandi

Sudlarning yangi binosi uchun qariyb 3 milliard soʻm mablagʻ sarflandi

Sirdaryo viloyati Oqoltin tuman iqtisodiy hamda maʼmuriy ishlar boʻyicha sudlari yangi binoda ish boshladi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Sirdaryo viloyati hamda Oqoltin tumani hokimliklari, huquq-tartibot idoralari, jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

“Mirzachoʻlagroqurilish” loyihasi asosida barpo etilgan 2 qavatli inshootning qurilish ishlariga 2 milliard 951 million soʻm mablagʻ sarflandi.

– Bino 2 ta sud zali, xodimlarning mehnat qilishlari uchun barcha qulayliklar yaratilgan 7 ta ish kabineti, 2 ta arxiv, navbatchilik, dam olish xonalaridan iborat, – deydi “Yangiyer red gold” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Ramiz Sharipov. – Inshootning zarur joylariga kuzatuv kameralari, aloqa vositalari oʻrnatildi, bugungi kun talabi darajasidagi eng zamonaviy kompyuter, mebel va boshqa zarur buyumlar bilan jihozladi. Shuningdek, bino yonidan alohida zamonaviy oshxona barpo etildi. Hovli qismida obodonlashtirish, koʻkalamzorlashtirish ishlari amalga oshirilib, mevali, manzarali daraxt va tur gul koʻchatlari oʻtkazildi.

Shuningdek, tuman fuqarolik sudi binosi ham rekonstruksiyadan keyin foydalanishga topshirildi.

Tadbirda Sirdaryo viloyati hokimi Gʻ.Mirzayev soʻzga chiqdi.

A.QAYUMOV, F.TOSHMATOV (surat), OʻzA
653