O‘zA O`zbek

27.09.2018 Chop etish versiyasi

Soxta tadbirkor faoliyatiga chek qoʻyildi

Soxta tadbirkor faoliyatiga chek qoʻyildi

Bugungi kunda sifatli paxta xomashyosini yetishtirish uni eksport qilish, qayta ishlash yurtimiz sanoatining muhim boʻgʻinlaridan biriga aylanib ulgurgan. Shu bois gʻoʻza parvarishiga, paxta xomashyosini nest-nobud qilmasdan yigʻib-terib olishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Joriy yilgi yigʻim-terim mavsumini betalofat oʻtkazish va turli noqonuniy harakatlarning oldini olish maqsadida viloyat ichki ishlar xodimlari tomonida Chiroqchi tumanida tezkor profilaktik tadbirlar olib borildi.

Tadbir davomida Chiroqchi tumani “Choshtepa” mahalla fuqarolar yigʻini Choshtepa koʻchasida yashovchi 1987 yilda tugʻilgan fuqaro Ismoil Ilhomovning uyi koʻzdan kechirilganda, yordamchi xoʻjalik xonalarining birida 2 ta qoʻlbola moyjuvoz uskunasi oʻrnatilib, noqonuniy ravishda foydalanib kelayotgani aniqlandi. Uskuna yordamida qoʻlbola usulda ishlab chiqarilgan 174 kilogramm paxta yogʻi, 80 kilogramm texnik chigit, 367 kilogramm kunjara va 37 kilogramm zigʻir tegishli tartibda shu yerning oʻzida hujjatlashtirib olindi.

Shu oʻrinda haqli savol tugʻiladi. Noqonuniy ravishda ishlab chiqarilgan ushbu yogʻ mahsulotlarining avvalo isteʼmolga yaroqli ekaniga kim kafolat beradi? Bundan tashqari “tadbirkor” moyjuvoz uskunasiyu xomashyoni qayerdan olgan?..

Ayni paytda mazkur holat yuzasidan Chiroqchi tumani IIB tergov boʻlimi tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

3 775
Oʻlmas Barotov, OʻzA