O‘zA O`zbek

26.12.2018 Chop etish versiyasi

Soliq yuki kamaydi: odamlarning turmush darajasi sezilarli oshadi

Soliq yuki kamaydi: odamlarning turmush darajasi sezilarli oshadi Bu qonun hujjati bilan mustahkamlab qoʻyildi.

Davlat toʻkin va iqtisodiy jihatdan qudratli boʻlishi mamlakatda ishbilarmonlaru tadbirkorlarga yaratilgan sharoit va imkoniyatlarga bevosita bogʻliq. Sababi, ular keltiradi-da asosiy daromadni gʻaznaga. Xalqni ish bilan taʼminlaydigan ham, ularning qozonini qaynatishga hissa qoʻshadiganlar ham oʻshalar, aslida. Shu bois, taraqqiyot yoʻlini tanlagan har qaysi davlat tadbirkorlarning ish faoliyati uchun hamma sharoitni yaratib berishga harakat qiladi. Zamonaviy tilda aytganda, buni qulay biznes muhitini yaratish, deyiladi. Uning bekami-koʻst boʻlishi uchun esa, albatta, soliq tizimi mukammal boʻlishi zarur. Bu masalaning bir tomoni...

Ikkinchi tomoni shu mamlakatda yashayotgan va mehnat qilayotgan odamlarning turmush darajasini oshirish. Qanday qilib, deysizmi? Turli toʻlovlar va soliqlardan yengilliklar yaratib berish orqali erishiladi, bunga.

Yodingizdami? Bundan chorak asr avval olgan maoshimizning deyarli oʻzdan bir qismi soliqqa bosib qolinardi. Tadbirkorlar toʻlaydigan oʻlpon shu darajada koʻp ediki, eplolmagan kuyib ketar edi. Yoʻlini topgan esa turli noqonuniy sxemalar orqali, xufiyona tarzda naqdiga ishlashga oʻtib olgandi. Chunki, besamar soliq tizimi shunga majbur qilgandi-da hammani. Oqibatida na xalqqa foyda kelardi, na davlat gʻaznasi toʻlardi va na odamlarning roʻzgʻorida baraka boʻlardi. Endi vaziyat tubdan oʻzgardi. Davlat rahbari tashabbusi bilan joriy yilda Soliq tizimini butunlay, tag-tugi bilan oʻzgartirish, uni zamonaviy bozor iqtisodiyoti sharoitiga mos ravishda takomillashtirishga harakat boshlandi.

Agar bu yoʻnalishda joriy yilning oʻzida qilingan ishlarni tahlil qilib koʻrsak, Soliq yukini pasaytirish, qoʻshilgan qiymat soligʻini undirishning samarali tizimini joriy qilish, oylik ish haqidan olinadigan soliqni kamaytirishni koʻzda tutuvchi oʻnga yaqin Prezident hujjatlari imzolandi. Buning tag zamiriga qulay biznes muhitini yaratish, odamlar uchun yaxshi halol daromad, va pirovardida munosib turmush sharoitini taʼminlash kabi ezgu maqsad mujassam qilindi.

Birgina, fuqarolardan Pensiya jamgʻarmasiga olib qolinadigan 8 foizlik sugʻurta badallarining bekor qilinishi, jismoniy shaxslarning daromad soligʻi stavkasining 12 foizga tushirilishi, yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi stavkasining 14 foizdan 12 foizga pasaytirilishi... Bu joriy yilning 29 iyunida Prezident farmoni bilan qabul qilingan yangi soliq konsepsiyasida aks etgan ayrim yangiliklar, xolos. Agar shu yoʻnalishda qabul qilingan hujjatlarni bir jamlab tizimdagi oʻzgarishlarni sanasak, ularning soni 30 dan oshadi. 

Galdagi vazifa esa bu yangiliklarni amaliyotga joriy qilish uchun tegishli huquqiy bazani takomillashtirib, bir tizimga soliqdan iborat. Yaʼni, Soliq kodeksi, bunga bogʻliq boʻlgan qonunlar, farmon va qarorlarga oʻzgartirish, qoʻshimchalar kiritib olish.

Aynan shu maqsadda Davlat rahbari “2019 yilga byudjet va soliq siyosatining asosiy yoʻnalishlari qabul qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonunni imzoladi.

Hujjatga asosan, birinchi navbatda, “Fuqarolarning Pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Qonunga hamda Soliq va Byudjet kodekslariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.

Yuqorida aytib oʻtganimizdek, joriy yilda Prezident Farmoni bilan Oʻzbekiston Respublikasi soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi qabul qilingandi. Prezident imzolagan Qonunda esa Konsepsiyadagi ustuvor yoʻnalishlarni oʻzida jam qilgan masalalarni hayotga tatbiq qilishga qaratilgan normalar aks etgan.

Masalan, Qonun hujjatlariga oʻzgartirish kiritish orqali fuqarolar tomonidanPensiya jamgʻarmasiga toʻlanadigan 8 foizlik sugʻurta badali, hamda Davlat maqsadli jamgʻarmalariga 3,2 foizlik ajratmalar bekor qilinmoqda (buning natijasida xoʻjalik yurituvchi subyektlar hisobida 5 trln. soʻm mablagʻ qoladi).

Shuningdek, jismoniy shaxslar daromadidan olinadigan soliq 12 foiz stavkada olinadi (natijada fuqarolarning qoʻliga tegadigan puli 6,5 foizga oshadi).

Yana bir yangilik. Kelasi yildan yuridik shaxslarning foyda soligʻi stavkasi 14 foizdan 12 foizga, mulk soligʻi 5 foizdan 2 foizga, yagona ijtimoiy toʻlov 15 foizdan 12 foizga pasaytirildi.

Intervyu: Soliq qoʻmitasi vakili -Asosiy vositalar, mulk va qurilishi tugallanmagan binolar va nomoddiy aktivlarni qoʻshilgan soliq qiymatiga kiritilishi hamda jismoniy shaxslarga mulk, yer va suvdan foydalanganlik soligʻi kiritiladi (68 mingta soliq toʻlovchi qoʻshiladi).

Bundan tashqari yillik tovar aylanmasi 1 mlrd. soʻmdan oshgan korxonalar umumbelgilangan soliqlarni toʻlashga oʻtkaziladi.Bunday xoʻjalik subyektlari soni 17 mingtani tashkil qilish kutilmoqda.

Boshlovchi (kadr ortidan) – 2019 yilgi Soliq siyosatining ustuvor yoʻnalishlariga asosan,soliq tushumlarining barqarorligini va bu tizimda adolatlilik tamoyilini taʼminlash maqsadida quyidagi tartiblar joriy qilinadi. Yaʼni,


• mobil aloqa xizmatiga aksiz soligʻi joriy etilmoqda (15%);

• ortiqcha toʻlangan mablagʻlarni qaytarish yoki qayta hisobga olishda moliya organlarining asossiz ishtirokini cheklash orqali byudjet va davlat maqsadli jamgʻarmalariga toʻlangan mablagʻlarni qaytarish tartibi takomillashtirilmoqda;

• Soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash muddatlarini buzganlik uchun hisoblanadigan penya miqdori esa oshirilmoqda;

• yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi boʻyicha soliq solinadigan foydani aniqlashda chegirilmaydigan xarajatlarning aniq roʻyxati belgilanmoqda;

• Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari – yuridik shaxslarning xalqaro obligatsiyalari boʻyicha daromadlari soliq solishdan ozod etilmoqda.

2019 yilga Byudjet siyosatining asosiy yoʻnalishlariga muvofiq esa:

• Respublika byudjetidan moliyalashtiriladigan idoralarning hududiy boʻlinmalari xarajatlarini mahalliy byudjetlari vakolatlariga oʻtkazilmoqda;

• prognoz yil uchun Davlat byudjetini hamda kelgusi ikki yilga oid byudjet moʻljallarini tasdiqlash yoʻli bilan oʻrta muddatli byudjetni rejalashtirish mexanizmni joriy qilish nazarda tutilgan;

• davlat, tarmoq va hududiy rivojlantirish dasturlarini bajarish uchun mablagʻlar yoʻnalishini aks ettiruvchi xarajatlarni guruhlashni ifodalagan xarajatlarning dasturiy tasnifi joriy qilinayapti;

• XVF ning tavsiyalariga muvofiq byudjet tizimi byudjetlarining moliyaviy oqimlarini konsolidatsiya qilish belgilangan;

• byudjet jarayoni ishtirokchilari uchun “fiskal tavakkalchiliklari” tushunchasi ham amaliyotga kiritilmoqda.

Shu bilan birga, kelgusi yilda soliq solish tizimida yana bir qator oʻzgarishlar boʻladi. Xususan,
• Normativ muddatda tugallanmagan qurilish obyektlari, boʻsh turgan binolar, shuningdek foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlariga mol-mulk va yer soliqlari oshirilgan stavkalar boʻyicha toʻlanishi nazarda tutilmoqda.

• Maydoni 4 sotixdan kam boʻlmagan dehqon xoʻjaligida, tomorqa yerida band boʻlgan yoki ushbu maydonda qoramol yoxud 50 boshdan kam boʻlmagan parranda parvarishlayotgan jismoniy shaxslar yiliga eng kam oylik ish haqining kamida bir baravari miqdorida yagona ijtimoiy toʻlov toʻlanishi nazarda tutilmoqda.

• Yangi tartibga koʻra, har bir yollangan xodim uchun yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan qatʼiy belgilangan soliq toʻlash majburiyati bekor qilinmoqda;

• Yana bir ahamiyatli jihati. Kelasi yili Soliq tekshiruvlarining muddati, asosi, turlari ham qayta koʻrib chiqiladi.

Bu hali hammasi emas. 2019 yildan boshlab, Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining loyihalari, shuningdek ularning ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlar Qonunchilik palatasi koʻrib chiqilishidan oldin majburiy ravishda jamoatchilik muhokamasiga qoʻyiladigan boʻldi.

Soʻnggi soʻz oʻrnida. Soliq tizimidagi oʻzgarishlar bilan biz yaqin vaqt ichida dongʻi ketgan mamlakatlardan oʻzib ketamiz, degan fikrdan yiroqmiz. Lekin, Boshida aytganimizdek, Prezidentning soliq tizimiga oid bir yilda 10 dan ortiq hujjatlarining imzolashi va bu yoʻnalishda 30 dan ortiq oʻzgarishlar boʻlishi 1-2 yilda Oʻzbekistonda qulay biznes muhiti yaratilishiga va odamlarining birini-ikki qilishga jiddiy kirishilganidan dalolat. Darvoqe, bunday oʻzgarishlar xorijiy investorlarning mamlakatimizga qiziqishining ortishiga ham sabab boʻladi.

Xullas, 2019 yildan bizda ham jahon tajribasida allaqachon qoʻllab kelinayotgan, tadbirkorlarning ham, oddiy odamlarning ham manfaatiga birdek xizmat qiladigan adolatli soliq tizimi ish boshlaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Axborot-tahlil multimedia markazi bilan hamkorlikda tayyorlandi




18 553
OʻzA