O‘zA O`zbek

25.09.2018 Chop etish versiyasi

Soliq tizimidagi oʻzgarishlar – iqtisodiy imkoniyatlar yaratilishida muhim qadam

Soliq tizimidagi oʻzgarishlar – iqtisodiy imkoniyatlar yaratilishida muhim qadam


Prezidentimizning 2018 yil 29 iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi toʻgʻrisida”gi farmoni va shu yil 26 iyundagi “Davlat soliq xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida yurtimiz soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasining asosiy yoʻnalishlari belgilab berildi.

Mazkur hujjatlarga muvofiq, endi soliq yukini kamaytirish, soliq solishning soddalashtirilgan va umumbelgilangan tizimini birxillashtirish tizimi joriy etilmoqda. Shuningdek, soliq hisobotlarini qisqartirish va soddalashtirish, qonunchilik, normativ hujjatlardagi qarama-qarshiliklar va ziddiyatlarni bartaraf etish orqali insofli soliq toʻlovchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoyasini kuchaytirishga ham alohida eʼtibor qaratilgan.

Mamlakatimiz soliq tizimida bu kabi huquqiy hujjatlar ijrosi boʻyicha nima ishlar qilinmoqda? Aholi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik vakillari uchun bu oʻzgarishlar qanday yengilliklar beradi?

Bu jarayonda davlatimiz rahbarining soliq xizmatining endilikda insofli soliq toʻlovchilarning ishonchli hamkori boʻlishi shart ekanini belgilab bergani diqqatga sazovordir. Soliq sohasi ijtimoiy jamiyat hayotida asosiy oʻrinni egallaydi. Shu bois, tizimda yuritilayotgan siyosat har jihatdan pishiq va puxta boʻlishi kerak. Aytish joizki, oʻtgan davrda tizimda ayrim talab va ortiqcha qogʻozbozliklar mavjud boʻlib, bu boradagi ishlar koʻlamini oshirish sifatiga salbiy taʼsir qilayotgan edi.

Prezidentning “Oʻzbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi toʻgʻrisida”gi farmoni aynan shu kabi muammolar yechimiga keng yoʻl ochdi. Unga koʻra, bugungi kunda Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi normalarining toʻgʻridan-toʻgʻri amal qilishi taʼminlanadi. Bunda soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar stavkalarining miqdorini belgilash, xorijiy investorlar va investitsiyalar uchun qulay rejimni saqlab qolish, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va ishonchli huquqiy himoyalash muhimdir. Shu bilan birga, bugungi kun uchun muhim boʻlgan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish inobatga olingan.

Soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiya doirasida 2019 yil 1 yanvardan boshlab barcha fuqarolar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻining amaldagi 4 pogʻonali stavkasi yagona 12 foizli stavkada belgilandi hamda oylik ish haqidan pensiya jamgʻarmasiga ushlab qolinadigan 8 foizlik sugʻurta badali bekor qilindi. Bunda yuridik shaxslar, yaʼni tadbirkorlar uchun ham juda katta qulayliklar yaratildi. Masalan, byudjet tashkilotlari va davlat korxonalari uchun yagona ijtimoiy toʻlov stavkasini 25 foiz miqdorida, boshqa barcha yuridik shaxslar uchun esa 15 foizdan 12 foizgacha pasaytirish belgilangan. Yuridik shaxslar tomonidan toʻlanadigan davlat maqsadli jamgʻarmalariga 3,2 foizli majburiy ajratmalar esa bekor qilindi. Ular uchun yana dividendlar va foizlar koʻrinishidagi daromadlar boʻyicha foyda soligʻi stavkasini 10 foizdan 5 foizgacha, mol-mulkka solinadigan soliq stavkasini 5 foizdan 2 foizga pasaytirish belgilandi.

Tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish tizimi takomillashtirilib, ularning erkin faoliyat yuritishi uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda. Bu yoʻlda soha subyektlari faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan qator huquqiy hujjatlar qabul qilinayotganini katta quvonch bilan taʼkidlash maqsadga muvofiqdir. Davlat rahbarining 2018 yil 27 iyuldagi “Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni bu boradagi ishlarni qayta koʻrib chiqish imkoniyatini tugʻdirdi.

Bunday talablardan kelib chiqib, tizimda muqobil va rejadan tashqari tekshiruvlarning barcha turlari bekor qilindi, tadbirkorlik faoliyati sohasidagi bir qator litsenziyalanadigan faoliyat turlari va ruxsat berish tartib-taomillari qisqartirildi hamda soddalashtirildi. Bu oʻzgarishlar esa mamlakatda ishbilarmonlik muhitini rivojlantirishga va Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro miqyosdagi reytingiga ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda. Shu bilan birga, tadbirkorlik faoliyati sohasida bir qator tizimli muammolar saqlanib qolmoqda, ularning hal etilishi biznesni rivojlantirish yoʻlidagi toʻsiqlarni bartaraf etish, mamlakatga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish hamda tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarining kafolatli himoyasini taʼminlash imkonini beradi.


Aytish joizki, ushbu farmonning qabul qilinishi tadbirkorlar faoliyati uchun juda muhim qadam boʻldi. Farmonda tadbirkorlik subyektlarini himoya qilishning huquqiy mexanizmlarini kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratilgan. Unga koʻra, tadbirkorlik subyektlarining moliya-xoʻjalik faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan rejali tekshiruvlar hamda nazorat tartibidagi tekshiruvlar bekor qilindi. Tadbirkorlar faoliyatida oʻtkaziladigan tekshiruvlar Bosh prokuratura tomonidan muvofiqlashtiriladi. Tekshiruvlarni elektron roʻyxatga olish yagona tizimida roʻyxatga olinadi, bu tizimda roʻyxatga olinmagan tekshiruvlar esa noqonuniydir.

2018 yil 1 aprelga qadar yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yoʻqotgan jismoniy shaxslarga va 2018 yil 1 apreldan moliyaviy-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan (shu jumladan, faoliyatini vaqtincha toʻxtatgan) yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda davlat roʻyxatidan oʻtmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanganligi uchun bir yillik qatʼiy belgilangan soliq summasi hisoblangan jismoniy shaxslar 2019 yil 1 yanvarga qadar muddatda tadbirkorlik faoliyatini tiklagan yoki qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtgan hollarda qatʼiy belgilangan soliq va ushbu qarzdorlik uchun hisoblangan penyalar boʻyicha qarzdorlikni, shuningdek, moliyaviy jarimalar va sud xarajatlari (sud chiqimlari bundan mustasno) hamda bir yillik qatʼiy belgilangan soliq summasini hisobdan chiqarilishi qayd etilgan.

Yakka tartibdagi tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtmay tadbirkorlik qilgan shaxslarga bir yillik miqdordagi qatʼiy belgilangan soliqni bir yoʻla undirish tartibi ham bekor qilindi.

Ushbu farmon ijrosi boʻyicha 151,8 ming nafar yakka tartibdagi tadbirkor va fuqaroning qariyb 705,9 milliard soʻm soliq qarzi kechilishi kutilmoqda. Bu esa oʻz navbatida ularning tadbirkorlik faoliyatini qayta tiklashi, yangi ish oʻrinlari yaratishi hamda byudjet tushumlariga hissasini qoʻshish maqsadida hukumatimiz tomonidan birinchi bor berilayotgan imkoniyatdir.

Shu masaladagi yana bir muammomiz oʻz yechimini topdi. Koʻpchilik fuqarolarimizga maʼlum, 2013 yil 31 maydagi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligidan roʻyxatdan oʻtgan Davlat soliq qoʻmitasi va Moliya vazirligi bilan ishlab chiqilgan Tartib bor edi. Bu ham bekor qilindi.

Bunda fuqarolar davlat roʻyxatidan oʻtmasdan tadbirkorlik faoliyati uchun ularga bir yillik qatʼiy belgilangan soliq hisoblanib toʻlovlar amalga oshirilmasdan qolingan edi. 10 ming 231 nafar fuqaroda 45 milliard soʻm soliq qarzdorligi mavjud boʻlib, ular endi tadbirkorlik faoliyatini tiklash bilan bir qatorda qarzdorlik hisobidan chiqarilishi belgilandi. Bunday katta imkoniyat hukumatimiz tomonidan birinchi marta berilmoqda.

Bugun ushbu hujjat ijrosi va uning mazmun-mohiyatini tushuntirish va targʻib qilish choralarini koʻrish muhim ahamiyat kasb etadi. Negaki, unda koʻrsatilgan barcha imkoniyatlar xalqimiz, qolaversa, tadbirkorlik subyektlari uchun foydalidir. Ayni kunlarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil boshchiligida Bosh prokuratura, hokimliklar, Savdo-sanoat palatasi, Markaziy bank bilan birgalikda tadbirkorlik va moliya-xoʻjalik faoliyatini tiklashda, shuningdek, ularning qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazishda faol yordam berish uchun viloyat, shahar va tumanlarda fuqarolarimiz bilan uchrashuvlar oʻtkazilmoqda.

Konstitutsiyamiz hamda Soliq kodeksida har bir shaxs soliqlar va boshqa toʻlovlarni toʻlashga majbur ekanligi belgilab qoʻyilgan. Shundan kelib chiqib, endi qarzdorligi bor boʻlgan jismoniy va yuridik shaxslar oʻrtasidagi majburiy toʻlovlarning qonun doirasida ijrosi taʼminlanadi.

Maʼlumki, byudjetga va byudjetdan tashqari davlat maqsadli jamgʻarmalarga toʻlangan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar vatanimiz sarhadlarini mustahkamlashga, xalqimiz farovonligini oshirishga va ularning kuchli ijtimoiy himoyasini taʼminlashga xizmat qiladi. Aks holda esa, soliqlarni oʻz vaqtida toʻlamaslik, soliq organi tomonidan majburiy undiruv sifatida sudga murojaat etilishiga hamda sud ijro hujjati asosida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi tomonidan choralar koʻrilishi belgilab qoʻyilgan.


Jumladan, qarzdorlik mol-mulk hisobidan undirilishi yoxud uni chet elga chiqishi chegaralanishi, jarima, ijro yigʻimi, davlat boji hamda pochta xarajatlari toʻlanishi oʻz navbatida soliq qarziga qoʻshimcha ravishda moliyaviy xarajatga olib keladi.

Prezidentimiz tomonidan 2018 yil 17 aprel kuni iqtisodiyot tarmoqlarida hisob-kitoblar tizimini takomillashtirish, debitorlik-kreditorlik qarzlar, shu jumladan, byudjet oldidagi qarzlarni qisqartirish masalalari yuzasidan oʻtkazilgan majlisda berilgan topshiriqlardan kelib chiqib Davlat soliq qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining 2018 yil 21 maydagi qoʻshma buyrugʻi ishlab chiqildi va 1121 nafar xodim tadbirlarga jalb etildi.

Bunday choralar natijasida 1,4 trillion soʻmlik soliq qarziga ega 39,9 mingta obyektda tadbir oʻtkazilib, 33,4 tasidan 1082,8 milliard soʻm mablagʻ xatlov jarayonida undirib olindi. Shuningdek, 6 ming 461 nafar qarzdorning 345,1 milliard soʻm qiymatdagi mol-mulklari xatlandi.

Albatta, bunday raqamlar har birimizni soliq toʻlovlariga munosabatimizni oʻzgartiradi. Chunki bu toʻlovlar vatanimiz ravnaqi va xavfsizligini taʼminlashdek ezgu ishlarga ajratiladi. Yana bir masala, jismoniy shaxslarning yer va mol-mulk soligʻi toʻlov muddati tugashiga 1 oydan kam vaqt qolayapti, bugungi kunda yirik miqdorda soliqlar toʻlanmasdan turibdi. Shu fursatdan foydalanib, 15 oktyabrni kutmasdan toʻlovlar amalga oshirilsa, yuqorida qayd etilgandek, bu mablagʻlar oʻzimizga qaytib kelishini unutmasligimiz kerak.

Shunday ekan, biz soliq toʻlovlaridan qochmasligimiz, aksincha, hukumatimizning farovon turmush yoʻlida qilayotgan ishlariga “labbay” deb javob bermogʻimiz zarur. Bunda qonun bilan belgilangan soliq va boshqa majburiy toʻlovlarni belgilangan muddatlarda va toʻliq amalga oshirish juda muhimdir.

Jahongir Rajabov,

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi

Soliq qarzlarini undirishni tashkil etish

boshqarmasi boshligʻi.

5 212
O'zA