O‘zA O`zbek

15.07.2019 Chop etish versiyasi

Soliq siyosatidagi navbatdagi oʻzgarishlar aholiga qanday taʼsir qiladi?

Soliq siyosatidagi navbatdagi oʻzgarishlar aholiga qanday taʼsir qiladi?
Munosabat

Joriy yilning 28-iyun kuni Prezidentimizning “Soliq va bojxona imtiyozlari berilishini yanada tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni eʼlon qilindi. Unda 2019-yil 1-avgustdan boshlab yagona yer soligʻi toʻlovchisi hisoblangan qishloq xoʻjaligi tovarlari ishlab chiqaruvchilari ixtiyoriy ravishda qoʻshilgan qiymat soligʻini (QQS) toʻlashga oʻtishi qayd etilgan.

Savol tugʻiladi: xoʻsh, buning nima zarurati bor edi? Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi fermer va boshqa korxonalarning qoʻshilgan qiymat soligʻiga oʻtkazilishi tufayli narxlar oshib ketmaydimi? Bu esa aholiga qiyinchiliklar tugʻdirmaydimi?

Yaxshi bilasiz, iqtisodiy islohotlar jarayonida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning narxi oshishi tabiiy holat. Busiz iqtisodiy barqarorlikka erishish mumkin emas.

Biroq Prezidentimiz farmonida ilgari surilgan masalalarga toʻgʻri yondashish va islohotlar jarayonida xalq hisobidan ortiqcha daromad orttirish, ishlab chiqarilgan mahsulotlarning narxlari sunʼiy oshishiga yoʻl qoʻymaslik uchun barchamiz masʼulmiz. Shuning uchun aholi kundalik ehtiyojlarini qondirish maqsadida ishlatiladigan mahsulotlarning narxlari keskin oshib ketishiga yoʻl qoʻymasligimiz zarur.

Qabul qilinayotgan qonunlar, farmon va qarorlardan qoʻshtirnoq ichidagi tadbirkorlar faqat oʻz manfaatini koʻzlamasdan, avvalo, xalqimizning turmush sharoitini yaxshilashni oʻylab foydalansa, maqsadga muvofiq boʻlar edi. Shu maʼnoda, fermer xoʻjaligi oʻzi yetishtirgan mahsulotning realizatsiya etilishida va farmon talablarini toʻgʻri bajarish, eng muhimi, bozorlarda ayrim tadbirkorlarimiz tomonidan mahsulotlarning narxlari sababsiz oshib ketishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida jamoatchilik va tegishli nazorat organlari tomonidan oʻrganish ishlarini olib borish zarur, deb hisoblaymiz.

Xoʻsh, narx-navo borasida aholi hadigi nimadan iborat?

Keling, buni, avvalo, bir-ikki mahsulot – chorvachilik fermer xoʻjaligi tomonidan goʻsht yetishtirish misolida hisob-kitob qilib chiqsak.

Deylik, 1 kilogramm goʻsht mahsulotini yetishtirish tannarxi oʻrtacha 38 ming 75 soʻm. Shundan mehnat haqlari 2 ming 300 soʻm, yoqilgʻi-moylash mahsulotlariga 275 soʻm, mineral oʻgʻitlar uchun 31 ming soʻm, sugʻorish xarajatlariga, elektr energiya 200 soʻm, boshqa xarajatlarga (10 foiz) 4500 soʻm, sotish narxi 45 ming soʻm, yaʼni 6 ming 925 soʻm sof foydaga erishilmoqda. Rentabellik 18,2 foizni tashkil qilgan boʻlsa, farmon qabul qilingandan keyin ushbu fermer xoʻjaligi uchun 1 kilogramm goʻsht tannarxi oʻrtacha 32 ming 113 soʻmga tushadi. Yaʼni tannarx 5 ming 963 soʻmga kamayishi kerak.

Negaki, ayrim xarajatlar QQS bilan amalga oshirilgan, mehnat haqlari 2300 soʻm (oʻzgarishsiz), yoqilgʻi-moylash mahsulotlariga 229 soʻm (- 46 soʻm), mineral oʻgʻitlar uchun 25 ming 833 soʻm (-5167 soʻm), sugʻorish xarajatlariga va boshqa xarajatlarga (10 foiz) 3 ming 750 soʻm (-750 soʻm), sotish narxi 48 ming 375 soʻm, shundan (QQS) 8062 soʻm hisoblandi.

Endi ushbu hisoblangan summadan QQS bilan qilingan xarajatlarni chegirib tashlash kerak. Yaʼni 5 ming 996 soʻm chegiriladi. Qolgan 2067 soʻm byudjetga soliq toʻlanishi lozim. Sof foyda esa 8 ming 200 soʻmni va rentabellik 25,5 foizni tashkil qilmoqda.

Bu degani mahsulot ishlab chiqargan tashkilot hech qanday zarar koʻrmaydi. Lekin aholiga sotilayotgan goʻsht narxi 3375 soʻmga – 7,5 foizga, yaʼni 48375-45000 soʻmgacha oshishi kerak.

Ikkinchi misol. Amalda fermer xoʻjaligi tomonidan sholi mahsulotini yetishtirish mexanizmini tahlil etadigan boʻlsak, 1 kilogramm guruchning tannarxi oʻrtacha 5 ming 40 soʻm, mehnat haqlari 2 ming 500 soʻm, yoqilgʻi-moylash mahsulotlari 564 soʻm, mineral oʻgʻitlar uchun 607,3 soʻm, urugʻlik uchun 468,5 soʻm, mexanizator xarajatlariga 200 soʻm, boshqa xarajatlarga (10 foiz) 700 soʻm, sotish narxi 7 ming soʻm, yaʼni 1 ming 960 soʻm sof foydaga erishilmoqda. Rentabellik 38,9 foizni tashkil qilgan boʻlsa, farmon qabul qilingandan keyin ushbu fermer xoʻjaligi tomonidan yetishtirilgan 1 kilogramm guruchning tannarxi oʻrtacha 4 ming 617 soʻmni tashkil qiladi. Yaʼni narx 424 soʻmga kamayishi kerak.

Negaki, ayrim xarajatlar QQS bilan amalga oshirilgan (mehnat haqlari 2 ming 500 soʻm (oʻzgarishsiz), yoqilgʻi-moylash mahsulotlariga 470 soʻm (-94 soʻm), mineral oʻgʻitlar uchun 506 soʻm (-101 soʻm), urugʻlik uchun 390 soʻm (-78 soʻm) mexanizator xarajatlariga 167 soʻm (-34 soʻm), sugʻorish xarajatlariga, boshqa xarajatlarga (10 foiz) 584 soʻm (-117soʻm), sotish narxi 7 ming 700 soʻm, shundan QQS 1 ming 283 soʻm hisoblandi.

Endi ushbu hisoblangan summadan QQS bilan qilingan xarajatlarni chegirib tashlash kerak. Yaʼni 590 soʻm chegiriladi, qolgan 693 soʻm byudjetga soliq toʻlanishi lozim. Sof foyda esa 1 ming 800 soʻmni va rentabellik esa 39 foizni tashkil etmoqda. Bu mahsulot ishlab chiqargan xoʻjalik hech qanday zarar koʻrmaydi, deganidir.

Lekin aholiga oldin 7000 soʻmdan sotilayotgan guruch narxi 10 foizga oshirilib, 7 ming 700 soʻmga chiqib ketishi kutiladi.

Kuni kecha Prezidentimiz tomonidan joriy yilning 1-avgustidan eʼtiboran respublika boʻyicha eng kam ish haqi 10 foizga oshirilgani eʼlon qilindi. Demak, ushbu farmon yuqoridagi kabi narxlar oshishining aholi iqtisodiga taʼsirini sezilarli darajada kamaytirishni taʼminlaydi.

Muxtasar aytganda, davlatimiz rahbari tomonidan yaqinda imzolangan soliq sohasini isloh qilishga qaratilgan farmon ham aholining turmush farovonligini yuksaltirish, mamlakatimiz taraqqiyotini izchil taʼminlashga xizmat qilishi shubhasizdir.

Maqsud QURBONBOYEV,
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi deputati.

4 411
OʻzA