O‘zA O`zbek

17.10.2019 Chop etish versiyasi

Soliq islohotlari: Tadbirkor boy boʻlsa davlat ham boy boʻladi

Soliq islohotlari: Tadbirkor boy boʻlsa davlat ham boy boʻladi

Mamlakatimiz soliq tizimidagi islohotlar milliy iqtisodiyotimizni yanada rivojlantirish, qulay ishbilarmonlik muhitini yaratishga xizmat qilmoqda.

Soliqlar aslida davlatning mustahkam byudjetini shakllantirishga qaratilgan tushumlar manbai hisoblanib, hududlarni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishga qayta yoʻnaltirilishi bilan ahamiyatlidir. Shu bois har bir fuqaro oʻzi tasarruf etgan mulki yoki daromadining belgilangan ulushini mamlakat rivoji uchun ajratishi bu iqtisodiy jarayonning barqarorligini taʼminlaydi.

Mustaqil Oʻzbekistonimizda har bir islohot inson hamda uning manfaatlari uchun amalga oshirilayotganini joriy yil avvalidan Soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasining qabul qilinishi, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻining yagona 12 foizga tushirilgani, konsepsiyaning mantiqiy davomi sifatida soliq va bojxona sohasidagi imtiyozlarni tartibga solish borasida huquqiy asosning ishlab chiqilgani, yanada eʼtiborlisi, tadbirkorlar uchun qoʻshilgan qiymat soligʻi stavkasining 20 foizdan 15 foizga, yagona ijtimoiy toʻlov stavkasining esa 25 dan 12 foizga pasaytirilganida ham koʻrish mumkin.

Darhaqiqat, soliq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar avvalo tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning qonuniy faoliyat ortidan halol daromad orttirishiga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Prezidentimizning 2019-yil 26-sentyabr “Oʻzbekiston Respublikasining soliq siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni soliq yukini kamaytirish va tadbirkorlik subyektlarini soliqqa tortishdagi nomutanosibliklarni qisqartirishda muhim dasturilamal boʻlmoqda. Bu bilan qoʻshilgan qiymat soligʻining uzluksiz “zanjiri”ni shakllantirish, isteʼmol bozorining barqarorligini taʼminlash hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilarning raqobatbardoshligini oshirish uchun munosib sharoit yaratish maqsadida joriy yilning 1-oktyabridan boshlab qoʻshilgan qiymat soligʻining stavkasi 20 foizdan 15 foizgacha pasaytirildi.

Endi tahlillarga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, birgina Navoiy viloyatida qariyb 2 ming nafar qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchilari mavjud boʻlsa, avvalgi tartibda bir oyda oʻrtacha 80 milliard soʻm davlat byudjetiga majburiy toʻlovlarni amalga oshirgan. Joriy yil 1-oktyabrdan boshlab yangi tartib joriy qilingach noyabr va dekabr yakuni bilan yaʼni 2 oyda byudjetga tushum qariyb 42 milliard soʻmga kamayadi. Demak, bir oyda oʻrtacha 21 milliard soʻmdan ortiqroq mablagʻ isteʼmolchilar ixtiyorida qolmoqda.

Joriy yil boshidan qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchilar ikki xil rejimda soliq toʻlab kelmoqda. Yaʼni, tovar aylanmasi 3 milliard soʻmgacha boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar soddalashtirilgan qoʻshilgan qiymat soligʻi rejimida va tovar aylanmasi 3 milliard soʻmdan oshgan soliq toʻlovchilar umumbelgilangan rejimda qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlamoqda. Vaholanki, ushbu holatda bir xil ishlab chiqarishga ega boʻlsada, yirik korxona 20 foizli stavkada, kichik korxona esa tabaqalashtirilgan holda faoliyat turidan kelib chiqib, oʻrtacha 7 foiz stavkada byudjetga qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlaydi. Bu bir xil ishlab chiqarishga ega soliq toʻlovchilarning soliq yuki mutanosib emasligidan dalolat berardi.

Shuni qatʼiy inobatga olib, 2020-yil 1-yanvardan soddalashtirilgan tartibda qoʻshilgan qiymat soligʻi hisoblash rejimining bekor boʻlishi adolat va tenglik, mahsulot tannarxining arzonlashishi, soliq toʻlovchilar daromadining oshishi va qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchilarning soliq yuki birxillashishiga olib keladi.

Shu oʻrinda yana bir muhim jihatga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, bugungi kunda viloyatda 333 ta davlat tashkilotlari va 209 ta davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan yagona ijtimoiy toʻlovchi tadbirkorlik subyektlari faoliyat koʻrsatayotgan boʻlib, ular tomonidan joriy yil yakuni bilan 1 trillion 87 milliard 466 million soʻm mablagʻ byudjetga yoʻnaltirilishi koʻzda tutilgan. Endilikda, yaʼni 2020-yil 1-yanvardan yagona ijtimoiy toʻlov stavkasining 25 foizdan 12 foizga tushirilishi natijasida 518 milliard soʻm xoʻjalik yurituvchi subyektlar ixtiyorida qolishi koʻzda tutilyapti.

Bugungi shiddatli iqtisodiy raqobat muhitida tadbirkorlarga keng imtiyozlar berish, zarur qulayliklarni yaratish muhim ahamiyatga ega. Davlatimiz soliq siyosatida ana shunday zamonaviy tamoyillarni inobatga olib, ayrim hollarda oddiygina hisobotlarni topshirish muddatlaridagi kechikish yoki baʼzi tushunmovchiliklar yuzaga kelgan vaziyatlarda tadbirkorlarning banklardagi hisob raqamlarini vaqtincha yopib qoʻyish holatlari kuzatilar edi. Endilikda bu tartibdan voz kechilib, tadbirkorga zarur maslahat va koʻmak berish, qoʻllab-quvvatlash maqsadida shaffof tizim yaratildi.

Prezidentimizning joriy yil 10-iyuldagi “Soliq maʼmuriyatchiligini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan tadbirkorlik subyektlari aniqlangan soliqqa oid huquqbuzarlikni tan olib, davlat soliq xizmati organlarining soliqqa oid huquqbuzarlik uchun javobgarlikka tortish toʻgʻrisidagi qarorini olgan kundan eʼtiboran oʻn kun muddatda ichida moliyaviy jarimalarni ixtiyoriy ravishda toʻlasa, tadbirkorlik subyektlari mazkur huquqbuzarlik uchun qonun hujjatlarida belgilangan jinoiy va maʼmuriy javobgarlikdan ozod etiladi. Shuningdek, mazkur qaror bilan yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor unga nisbatan qoʻllanilgan moliyaviy jarimalar toʻgʻrisidagi qarorni olgan kundan boshlab, qoʻllanilgan moliyaviy jarimalar miqdorining 50 foizini oʻn kun davomida ixtiyoriy ravishda toʻlaganda, uni jarima summasining qolgan qismini toʻlashdan ozod etish boʻyicha moliyaviy jarimalarni undirishning soddalashtirilgan tartibini joriy etish masalasi ham koʻrib chiqilmoqda.

Mazkur islohotlar natijasida davlat byudjetiga taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan ayrim omillar ham yuzaga kelishi tabiiy. Birgina qoʻshilgan qiymat soligʻi stavkasining pasayishi evaziga, yoʻqotilayotgan byudjet tushumlarini qoplash maqsadida viloyatda qoʻshimcha manbalar aniqlanib, dastlabki hisob-kitoblarga koʻra oyiga oʻrtacha 43 milliard soʻm mablagʻ tushumi prognoz qilinmoqda. Bunda xususan, soliq stavkasining pasayishi natijasida yangi tadbirkorlik subyektlari yoki soliq toʻlovchilarning ortishi, yagona yer soligʻi toʻlovchilarning qoʻshilgan qiymat soligʻiga oʻtishi va boshqa yengilliklar hisobidan byudjet daromadlari barqarorlashib boraveradi.

Xullas, yaratilayotgan barcha imkoniyatlar zamirida yagona gʻoya mujassam: tadbirkor boy boʻlsa davlat ham boy, aholi turmushi farovon boʻladi.

Sh.RAHIMOV,
Navoiy viloyat davlat soliq boshqarmasi
boshligʻining birinchi oʻrinbosari.

1 243
OʻzA