O‘zA O`zbek

24.01.2019 Chop etish versiyasi

Soliq hisobotining yangi shakllari boʻyicha qanday oʻzgarishlar kiritildi?


Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi va Moliya vazirligining 2019 yil 7 yanvardagi “Soliq hisobotining shakllarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 2019-5, 2-sonli qaroriga asosan (Adliya vazirligida 2018 yil 21 yanvarda 3126-son bilan roʻyxatga olingan) soliq hisobotlarining yangi shakllari tasdiqlandi.

2018 yil yakunlari boʻyicha taqdim etiladigan soliq hisobotlari Adliya vazirligida 2013 yil 22 martda 2439-son bilan roʻyxatga olingan soliq hisoboti shakllarida davlat soliq xizmati organlariga topshiriladi.

2019 yil 1 yanvardan keyingi hisobot davri uchun esa barcha soliq turlari boʻyicha yangi soliq hisoboti shakllari asosida taqdim qilinadi.

Hisobot shakllaridagi asosiy oʻzgarishlar xususida quyida toʻxtalib oʻtamiz:

Yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi boʻyicha soliq hisoboti shakllari soddalashtirildi

2018 yil uchun amalda boʻlgan yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi hisob-kitobi soddalashtirilib, 37 qator va 16 ta ilovadan iborat boʻlgan boʻlsa, yangi hisob-kitob shakli 18 qator va 8 ilovaga, yaʼni 2 barobarga kamaytirildi.

Xususan:

1-ilova (Notijorat tashkilotlarining boshqa daromadlari),
2-ilovasi (Ijara haqining eng kam stavkalaridan kelib chiqib, shartnomada belgilangan ijara haqi miqdoridan oshgan summasi), 9-ilovasi (Mahalliylashtirilayotgan mahsulotni realizatsiya qilishdan olingan foyda hisob-kitobi), 11-ilovasi (Mobil aloqa xizmatlarini koʻrsatuvchi tashkilotlar (uyali aloqa kompaniyalari) tomonidan rentabellik darajasini aniqlash maʼlumotnoma-hisob-kitobi),12-ilovasi (Eksport ulushiga qarab foyda soligʻi stavkasiga tuzatish kiritish), 13-ilovasi (Nogironlar mehnatidan foydalanadigan korxonalar uchun foyda soligʻining tuzatish kiritilgan summasi), 14-ilovasi (Yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi qoʻshimcha summasining hisob-kitob-maʼlumotnomasi) bekor qilindi.

Toʻlov manbaida dividend va foizlar tarzidagi daromadlardan ushlab qolingan soliqning hisob-kitobi 2018 yilda yuridik va jismoniy shaxslar uchun alohida boʻlgan boʻlsa, 2019 yil uchun soddalashtirilgan variantda yuridik va jismoniy shaxslardan toʻlov manbaida ushlab qolingan soliq hisob-kitobi birlashtirildi.

Oʻzbekiston Respublikasi hududida faoliyatni doimiy muassasa orqali amalga oshiradigan Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlari tomonidan toʻlanadigan yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻining hisob-kitobida soliq imtiyozlari asoslarini koʻrsatib berish uchun yangi “Imtiyozlar” ilovasi qoʻshildi.

Ish haqi fondidan hisoblanadigan soliq va majburiy toʻlovlar boʻyicha endi bitta soliq hisoboti topshiriladigan boʻldi

(Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi va yagona ijtimoiy toʻlov hisob-kitobi)

Soliq solinadigan baza birxilligi hamda hisobot shakllarini toʻldirishda soliq toʻlovchilarning vaqtini tejash maqsadida Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi va yagona ijtimoiy toʻlov hisob-kitobi birlashtirildi. Hisob-kitob ilovasida hisoblangan ish haqi va ushlab qolingan daromad soligʻi hamda hisobot oyida toʻlab berilgan jismoniy shaxslarning shaxsiy jamgʻarib boriladigan pensiya badali summasi har bir xodim kesimida aks ettiriladi. Shuningdek, hisobotga har bir fuqaro kesimida toʻlangan mehnatga haq toʻlash tarzidagi, mulkiy, moddiy naf tarzidagi daromadlar toʻgʻrisidagi maʼlumotnomalar ilova qilinadi.

Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi va yagona ijtimoiy toʻlov hisoboti har oyda, hisobot oyidan keyingi oyning 25-sanasiga qadar yagona shaklda taqdim etiladi.

Hisobot shakliga yangi ilova sifatida mol-mulkni ijaraga beruvchi jismoniy shaxslar uchun belgilangan ijara toʻlovining eng kam miqdori maʼlumotnoma hisob-kitobi kiritildi. Ushbu maʼlumotnoma orqali qonunchilikda belgilangan ijara miqdorining eng kam stavkalariga rioya etilishi nazorat qilinadi.

Qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha soliq hisoboti shakllari

Qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha soliq hisobotlarining (hisob-kitoblarining) yangi shaklidagi ilovalar soni 9 tadan 5 taga qisqartirildi.

Shuningdek, ushbu qaror bilan hisobvaraq-fakturaning soddalashtirilgan shakli ham joriy qilinmoqda.

Hisobvaraq-fakturaning yangi soddalashtirilgan shaklidan ilgari toʻldiriladigan ayrim rekvizitlar, xususan, bank hisob raqami, telefon raqami, IFUT kodi kabi maʼlumotlar, shuningdek, aksiz soligʻini hisobga olish imkonini beradigan norma oʻz kuchini yoʻqotganligi uchun “Aksiz soligʻi” ustunlari chiqarib tashlandi.

Endilikda aksiz soligʻi toʻlovchilari 5-ustunda tovar (ish, xizmat)larning aksiz soligʻini hisobga olgan holdagi (QQSsiz) umumiy qiymatini koʻrsatishlari lozim boʻladi.

Ushbu qaror bilan resurs soliqlari boʻyicha topshiriladigan soliq hisoboti shakllariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.

Xususan, Samarasiz foydalanilayotgan obyektlar boʻyicha oshirilgan stavkalarda soliq summalarini taqdim etish uchun yuridik shaxslarning mol-mulk va yer soliqlari boʻyicha yangi shaklda Maʼlumotnoma hisob-kitob shakli kiritildi.

Shu bilan birga, mol-mulk soligʻining hisob-kitobi amaldagi shaklida keltirilgan mahalliylashtirilayotgan mahsulot ishlab chiqarish uchun foydalaniladigan mol-mulk hisob-kitobi va eksport ulushiga bogʻliq holda mol-mulk soligʻi stavkasiga tuzatish kiritish boʻyicha 5 va 6-ilovalari bekor qilindi.

Yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq boʻyicha hisob-kitob shaklida foydali qazilmalarning turlari va oʻlchov birligi aniq belgilab qoʻyildi.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 26 dekabrdagi PQ-4086-sonli qaroriga asosan 8 turdagi foydali qazilmalar uchun eng kam soliq miqdori joriy etilishi hisobiga soliq summasini soliq stavkasidan yoki eng kam soliq miqdoridan kelib chiqib hisoblanishi nazarda tutildi.

Soddalashtirilgan soliq turlari boʻyicha

Yagona soliq toʻlovi

Yagona soliq toʻlovi hisob-kitobi yangi shaklining asosiy farqli jihati shundaki, hisob-kitob ilovalarining soni 11 tadan 7 taga qisqardi. Xususan, hisob-kitobning 1-ilovasi (Davlatning koʻchmas mulkidan foydalanganlik uchun ijara haqining eng kam stavkalaridan kelib chiqib hisoblangan ijara haqi miqdorining shartnomada belgilangan ijara haqi miqdoridan oshgan summasi), 6-ilovasi (2018 yil I choragi uchun eksport ulushiga qarab foyda soligʻi stavkasiga tuzatish kiritish) hamda yagona soliq toʻlovining toʻlanishi lozim boʻlgan eng kam miqdorlari boʻyicha 9-1, 9-2, 9-3-ilovalari bekor qilindi.

Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida olingan dividend va foizlar koʻrinishidagi daromadlardan toʻlanadigan foyda soligʻining hisob-kitob maʼlumotnomasi soddalashtirildi.

Bundan tashqari, yagona soliq toʻlovi hisob-kitobi shaklidagi toʻldirilishi zarur boʻlmagan satrlar chiqarilib tashlandi.

Elektron tijorat orqali realizatsiya qilingan tovar (ish, xizmat)larning jami realizatsiya hajmidagi ulushini toʻgʻri aniqlash maqsadida “Elektron tijorat orqali tovarlar (xizmatlar)ni realizatsiya qilishdan sof tushum” boʻyicha maʼlumotnoma yagona soliq hisob-kitobiga ilova tariqasida joylashtirildi.

Yagona soliq toʻlovi hisob-kitobining yangi shakli soliq toʻlovchilar, xususan, yagona soliq toʻlovi toʻlashga oʻtadigan yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun sodda shaklga keltirildi. Bu orqali soliq toʻlovchilarning qimmatli vaqtini tejash imkoni yaratildi.

Yagona yer soligʻi

Endilikda meva-sabzavotchilik korxonalari uchun soddalashtirilgan yagona yer soligʻi joriy etilishi hisobiga alohida hisob-kitob shakli kiritildi.

Davlat soliq qoʻmitasi

Jamoatchilik bilan aloqalar

va huquqiy axborot boʻlimi.