O‘zA O`zbek

07.09.2018 15:54 Chop etish versiyasi

“Sof tekstil“ ip yigiruv fabrikasi yiliga 5 ming tonna toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega

“Sof tekstil“ ip yigiruv fabrikasi yiliga 5 ming tonna toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega
Andijon viloyatining Ulugʻnor tumani “Obod” mahalla fuqarolar yigʻinida “Sof tekstil“ ip yigiruv korxonasi ishga tushdi.

Hududlarda sanoatni rivojlantirish, yangi korxonalar barpo etish, mavjudlarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilayotgan alohida eʼtibor samarasida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi yildan-yilga ortmoqda.

“Vodiy sanoat faxri“ masʼuliyati cheklangan jamiyati negizida tashkil etilgan “Sof tekstil“ ip yigiruv fabrikasi ham ana shunday korxonalardan biri. Korxonaga zamonaviy toʻquv dastgohlari oʻrnatilib, ilgʻor texnologiyalar bilan jihozlandi.

– Loyihani amalga oshirish uchun 120 milliard soʻm mablagʻ sarflandi, – deydi korxona bosh direktori Sardor Umarov. – Korxonamiz yiliga 5 ming tonna toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega. Mahsulotlarning 40 foizi ichki bozorda sotiladi, 60 foizi esa eksport qilinadi.

250 nafar xotin-qiz mehnat qilayotgan fabrikada ishchi-xizmatchilar samarali ishlashi uchun barcha sharoit yaratilgan.

– Kasb-hunar kollejini bir necha yil avval bitirgan boʻlsam-da, ishsiz edim, – deydi Shohista Hotamova. – Mana endi mahallamizda barpo etilgan zamonaviy fabrikaga ishga qabul qilindim. Bundan oilamdagilar ham juda xursand.

F.Ubaydullayev, OʻzA
1 534