Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

08.09.2017 16:31 Chop etish versiyasi

Namanganlik fermer 200 tonna sig‘imli muzlatgich-omborxona qurishni rejalashtirmoqda

Namanganlik fermer 200 tonna sig‘imli muzlatgich-omborxona qurishni rejalashtirmoqda Namangan shahrida yashovchi Sobirjon Musaboyev bog‘bon-fermer. U barpo qilgan bog‘ni ko‘rsangiz, shaharda yashab, doim xonada o‘tirib ishlagan, umrida qo‘liga ketmon ushlamagan inson shunday bog‘ yaratganiga ishongingiz kelmaydi. Negaki, Sobirjon aka ko‘p yillar suratkash bo‘lib ishlagan-da.

Bolaligidan tabiatga mehr qo‘yib ulg‘aygan Sobirjon aka hammaning havasini tortadigan bog‘i bo‘lishini orzu qilardi. Uning bu orzusi mustaqillik sharofati bilan amalga oshdi. Fotostudiyani shogirdlariga topshirib, fermer xo‘jaligi tashkil qildi.

Chortoq tumanidagi qir-adirlar etagidan paxtachilikda rentabelligi past bo‘lgan 5 gektar yer olib, “Bog‘i Eram invest” fermer xo‘jaligini tashkil qilganiga 5-yil bo‘ldi. O‘shanda Serbiyadan keltirib ekilgan “Golden”, “Aydaret”, “Grant Smit” navli 10 ming tup olma ko‘chatining qanchasi ko‘karadi-yu, qanchasi iqlimga moslasholmay nobud bo‘ladi, Sobirjon akaning o‘zi ham bilmasdi hali. Intilganga tole yor, deganlaridek, intensiv bog‘ yaratish yo‘lidagi qat’iy sa’y-harakatlar zoye ketmadi. Tajribali bog‘bonlar Muhammadjon Tursunov, Husniddin Usmonjonov, Shahlo Usmonjonova va o‘g‘li Sardorning tinimsiz mehnati samara berdi. Nihollar to‘liq ildiz otib, uchinchi yili hosilga kirdi.

9 (2).jpg

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, olma daraxti hosilga kirgach, har tupidan o‘rtacha 50-60 kilogrammdan, 5 gektar bog‘dan esa 300 tonna meva olish mumkin.

– Mamlakatimizda bog‘dorchilikni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor, ayniqsa, qayta ishlash va eksport har tomonlama rag‘batlantirilayotgani yutuqlarimizning muhim omili bo‘lmoqda, – deydi bog‘bon. – O‘tgan yili 150 tonna hosil oldik. Bu yilgi rejamiz undan ham ko‘proq. Hosilning yarmini eksport qilsak ham qancha daromad keltirishini hisob-kitob qilib ko‘ravering. Hozircha olmalarimiz ichki bozorning o‘zidan ortmayapti. Yana bir-ikki yilda, albatta, tashqi bozorga chiqamiz. Daromadimiz hisobidan 200 tonna sig‘imli muzlatgich-omborxona qurish, yana yer olib yong‘oqzor va bodomzor tashkil etishni rejalashtirganmiz.

Ha, mustaqillik o‘zligimizni anglash, milliy qadriyatlarimizni tiklash, jahonda tenglar ichra teng bo‘lish, g‘urur va iftixor tuyg‘usini berish bilan birga, har kimga, har birimizga iste’dod va salohiyatimizni yuzaga chiqarish, sharoit bo‘lsa nimalarga qodir ekanimizni namoyon etish imkoniyatini ham yaratdi. Bunga Sobirjon aka Musaboyev faoliyati yaqqol misoldir.

Akramjon Sattorov, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA
948






Все о погоде - Pogoda.uz