Sirdaryo viloyatida joriy yil oxiriga qadar 1 ming 110 tonna baliq yetishtiriladi
Viloyatda o‘tgan yili 1 ming 822 tonna baliq yetishtirilgan bo‘lsa, joriy yilning olti oyida 200 dan ziyod baliqchilik xo‘jaligi tomonidan 1 ming 440 tonnadan ortiq parhez mahsulot xaridorlarga yetkazib berildi.
Birinchi Prezidentimiz rahnamoligida go‘sht va go‘sht mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirish, aholining sifatli va ekologik toza mahsulotlarga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash maqsadida chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik va asalarichilik kabi sohalarni izchil rivojlantirishga qaratilgan alohida e’tibor yuksak samaralar bermoqda.O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 13-avgustdagi “Baliqchilik tarmog‘ida monopoliyadan chiqarish va xususiylashtirishni chuqurlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori baliqchilikni rivojlantirishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Ushbu hujjat ijrosi doirasida Sirdaryo viloyatida ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Baliqchilik yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan xo‘jaliklar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotir. Mavjud suv resurslaridan unumli foydalanilmoqda, tabiiy va sun’iy havzalar barpo etilmoqda.
Viloyatda o‘tgan yili 1 ming 822 tonna baliq yetishtirilgan bo‘lsa, joriy yilning dastlabki olti oyida 200 dan ziyod baliqchilik xo‘jaligi tomonidan 1 ming 440 tonnadan ortiq parhez mahsulot xaridorlarga yetkazib berildi. Yil yakuniga qadar yana 1 ming 110 tonna baliq yetishtirish rejalashtirilgan.
Baliq yetishtirishga ixtisoslashgan yirik xo‘jaliklardan biri – “Yangiyer baliq” mas’uliyati cheklangan jamiyati tasarrufidagi 370 gektarlik hovuzda baliq yetishtiriladi. Xo‘jalikda chavoq yetishtiradigan 4 sun’iy ko‘l ham tashkil etilgan.
– Xo‘jalikda 20 ishchi doimiy, yana shuncha kishi mavsumiy ish bilan ta’minlangan, – deydi “Yangiyer baliq” mas’uliyati cheklangan jamiyati raisi Anvar Nurmuhammedov. – Hovuzlarda asosan oq do‘ngpeshona, oq amur va zog‘ora baliqlari parvarishlanmoqda. Bu turlardagi baliq mahsulotlari xushta’mligi bilan xaridorlarga manzur. Sun’iy ko‘llarda yiliga 7,5 tonna chavoq yetishtirib, ehtiyojdan ortig‘ini boshqa xo‘jaliklarga sotamiz. Ovlangan baliq peshma-pesh viloyat va poytaxtimiz bozorlariga yetkazib berilmoqda. O‘tgan yili 90 tonna baliq ovlangan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkichni 110 tonnaga yetkazishni mo‘ljallamoqdamiz.