Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

08.08.2017 18:19 Chop etish versiyasi

Sifatli urug‘, yetarli ozuqa – daromad manbai

Poytaxtimizda "O‘zbekipaksanoat" uyushmasi tomonidan "Pillachilik tizimida yuz berayotgan yangilanishlar va sohaga jalb etilayotgan investitsiya loyihalari" mavzuida matbuot anjumani o‘tkazildi.

"O‘zbekipaksanoat" uyushmasi boshqaruvi raisi B.Sharipov va boshqalar mamlakatimizda pillakorlarning manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha izchil choralar ko‘rilayotgani, urug‘ yetishtirish, tut plantatsiyalari tashkil etish borasida xalqaro tajribaga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Bunda joylarda «kumush tola» yetishtirish bilan birga qo‘shimcha tarmoqlar ham rivojlantirilmoqda. Misol uchun, viloyatlarning iqlim sharoiti va odamlarning qiziqishi asosida Xorazmda qo‘ychilikni, Surxondaryoda chorvachilikni, Buxoroda asalarichilikni rivojlantirish loyihasi ishlab chiqildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil 29-martdagi «O‘zbekipaksanoat» uyushmasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori mazkur sohani rivojlantirishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda. Mazkur hujjatga ko‘ra, 2023-yilgacha tizimdagi korxona va tashkilotlarga soliq imtiyozlari va boshqa qator preferensiyalar berildi. Kasanachilar daromad solig‘i to‘lashdan ozod qilingani, ularning mavsumda qilgan mehnati bir yillik stajga hisoblanishi pillakorlarni ruhlantirib yubordi.

Xalqaro hamkorlikning mustahkam huquqiy asosi yaratilgani tizimdagi 200 dan ziyod korxonaga investitsiyalar jalb etish va xorijdan malakali mutaxassislarni taklif qilishda qo‘l kelmoqda. Ayni vaqtda Hindiston, Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Buyuk Britaniya kabi davlatlarning shu sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlari O‘zbekistonga ishonchli sherik sifatida qaramoqda.

2018-2021-yillarda pillani qayta ishlash, yigiruv va ipak mato ishlab chiqarishga ixtisoslashgan oltita loyihani amalga oshirish mo‘ljallanmoqda. Andijon, Jizzax, Sirdaryo viloyatlari va Toshkent shahrida yangi korxonalar ishga tushadi.

– Bu loyihalardan tashqari uyushma tizimidagi o‘ttizdan ortiq qayta ishlash korxonasida modernizatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda, – deydi uyushma bo‘lim boshlig‘i Shuhrat Abdulazizov. – Jumladan, "Buxoro brilliant silk" qo‘shma korxonasi Shveytsariya, Italiya, Germaniyaning eng ilg‘or texnologiyalari bilan jihozlanmoqda. Andijon viloyatidagi "Xarir tola" mas’uliyati cheklangan jamiyati, Buxoro viloyatidagi "Romstar" qo‘shma korxonasiga Xitoydan pilla chuvash, qayta o‘rash, ipak momig‘i ishlab chiqarish uskunalari keltirilib, montaj ishlari olib borilmoqda. 18 ipak qurti urug‘i ishlab chiqarish korxonasini texnologik yangilash loyihalari boshlab yuborildi.

Jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar javob berdi.

Sayyora Shoyeva, O‘zA
2 013






Все о погоде - Pogoda.uz