Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.09.2017 18:22 Chop etish versiyasi

O‘zA muxbiri Toshkentda davom etayotgan II xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi ishtirokchilarining fikrlari bilan qiziqdi

Toshkentda davom etayotgan II xalqaro meva-sabzavot yarmarkasida AQSh, Buyuk Britaniya, Birlashgan Arab Amirliklari, Janubiy Koreya, Yaponiya, Italiya, Fransiya, Malayziya, Hindiston, Rossiya kabi qirqdan ortiq mamlakatdan qishloq xo‘jaligi sohasiga ixtisoslashgan vazirlik va idoralar, savdo-sanoat palatalari, logistika kompaniyalari, meva-sabzavotchilik sohasida faoliyat yurituvchi korxonalar vakillari qatnashmoqda.

O‘zA muxbiri yarmarka ishtirokchilarining fikrlari bilan qiziqdi.

Ales Vondrasek, «my-work.cz» korxonasi direktori (Chexiya):

– Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi yuksak saviyada tashkil etilganini alohida ta’kidlashni istardim. O‘zbekistonda aholini yuqori sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri etib belgilangani e’tiborga molik.

O‘zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirishni rejalashtirganmiz. O‘zbek zaminida yetishtirilgan o‘rik, qovun-tarvuz va uzumlar sifati va xushta’mligi bilan ajralib turadi. Meva-sabzavotlaringiz inson salomatligi uchun muhim bo‘lgan mikroelementlar va turli foydali biologik moddalarga boyligi, sifati, raqobatbardoshligi, betakror mazasi bilan bizga manzur bo‘ldi. Mamlakatingizdagi qator korxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishmoqdamiz, o‘zaro foydali shartnomalar imzolash niyatidamiz.

Mark Volmarans, «Ashvak» kompaniyasi bosh menejeri (Birlashgan Arab Amirliklari):

– O‘zbekistonda barcha sohalar qatori qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati ham izchil rivojlanmoqda. Xususan, mamlakatingiz meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirish bo‘yicha dunyoda yetakchi o‘rinlardan birini egallab turibdi.

O‘zbekistonda yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga Birlashgan Arab Amirliklarida talab yuqori. Kompaniyamiz o‘tgan yili gilos xarid qildi. Mazkur yarmarkada esa Namangan viloyati fermerlari bilan sabzavotlar va ko‘katlar sotib olish bo‘yicha shartnoma imzolash yuzasidan muzokaralar olib borayapmiz. Bu boradagi hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdormiz.

Rasul Zarikeyev, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshlig‘i:

– Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi yuzdan ziyod eksportchi korxona yarmarkada ko‘plab turdagi mahsulotlari bilan qatnashmoqda. Ular joriy yilning o‘tgan davrida Hindiston, Germaniya, Eron, Rossiya kabi davlatlarga qovun, olma, o‘rik, qizil shirinmiya, mosh va boshqa mahsulotlar eksport qildi.

Joriy yilda besh mingdan ziyod fermer xo‘jaligida 350 ming tonnadan ortiq sabzavot, 180 ming tonna kartoshka, 182 ming tonna poliz ekinlari, 12,9 ming tonna uzum yetishtirildi. Yarmarkada yangi hamkorlar topish va xalqaro hamkorligimizni yanada mustahkamlash borasida kelishuvlarga erishish bo‘yicha muzokaralar olib borayapmiz.

Abdumutal Sulaymonov, Andijon viloyati qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i:

– Mamlakatimizda yildan-yilga meva-sabzavot yetishtirish ko‘payib, uning eksporti uchun qulay imkoniyatlar yaratilmoqda. Bugungi yarmarka ana shunday g‘amxo‘rlikning ifodasidir. Viloyatimizda 28,5 ming gektar mevali bog‘lar bor. Yetishtirilgan mevaning yarmidan ko‘pi qayta ishlanmoqda. Joriy yilda yong‘oqzorlarni ko‘paytirish maqsadida yangi plantatsiyalar tashkil etdik. Kuz va bahorda bu ishlar davom ettiriladi.

Bu yil fermerlarimiz o‘tgan yilgi tajribadan kelib chiqqan holda, yarmarkada yanada ko‘proq turdagi mahsulotlari bilan qatnashmoqda. Qayta ishlangan va eksportga yo‘naltirilgan xilma-xil mahsulotlardan namunalar olib keldik. Masalan, pomidorning “cherri” turi tashqi ko‘rinishi, boshqa navlarga nisbatan mazali ekani va sanoatbopligi bilan xorijliklar e’tiborini tortmoqda, “oq dur” navli piyoz ko‘pchilikka manzur bo‘layotir. Bu yil yangi ekin – xorijda talab yuqori bo‘lgan aysberg salatini katta maydonlarga ekdik. Yarmarka doirasida ko‘plab shartnomalar imzolash, mamlakatimiz eksporti hajmini oshirishga munosib hissa qo‘shish niyatidamiz.

Sayyora Shoyeva, O‘zA
2 160






Все о погоде - Pogoda.uz