Shifobaxsh mahsulot yetishtirish ko‘paymoqda
Sog‘lom bola yilida Farg‘ona viloyatida 875 tonna asal yetishtirildi. 17 mingdan ortiq asalari paketi xorijga eksport qilindi.
Sog‘lom bola yilida Farg‘ona viloyatida 875 tonna asal yetishtirildi. 17 mingdan ortiq asalari paketi xorijga eksport qilindi.
Bugun yurtimiz bozorlari, aholi dasturxoni dehqon va sohibkorlar mehnati evaziga yetishtirilgan turfa noz-ne’matlar bilan to‘la. Bunday to‘kin-sochinlik Prezidentimiz rahnamoligida qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan tub islohotlar, fermerlik harakatini rivojlantirishga qaratilayotgan ulkan e’tibor, yaratilayotgan qulay sharoit va imkoniyatlar samarasidir.
– Farg‘ona viloyatida qishloq xo‘jaligining muhim tarmoqlaridan bo‘lgan asalarichilikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi viloyat asalarichilar uyushmasi raisi Sherali Suyarqulov. – Viloyatda 900 dan ortiq asalarichilik xo‘jaligi faoliyat yuritmoqda. Sohani yanada yuksaltirish hamda raqobatbardosh texnologiyalar yaratish uchun keng ko‘lamli ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda. Mahsulot eksporti hajmini ko‘paytirish, mutaxassislar tayyorlash va ularning malakasini oshirish borasida aniq vazifalar belgilangan. Yangi xo‘jaliklar tashkil etish hisobidan asal yetishtirishni yanada ko‘paytirish va yangi ish o‘rinlari yaratish ham doimiy e’tiborimizda.
Farg‘onalik asalarichilar AQSh, Isroil, Rossiya, Ukraina, Kanada, Avstraliya kabi asalarichilik yaxshi rivojlangan davlatlarda bo‘lib, xorijlik hamkasblari bilan o‘zaro tajriba almashib, o‘z bilim va malakasini oshirib borayotir. Bu mo‘l mahsulot yetishtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Asalarichilikni rivojlantirish borasidagi ilmiy izlanish va amaliy ishlar xorijlik mutaxassislarda ham katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Quvasoy tumanidagi “Tolibjon G‘anijon asalarichi” fermer xo‘jaligi asalari naslini yaxshilash, undan mo‘l mahsulot olish va yangi avlod yetishtirish sohasida mamlakatimizda tanilgan xo‘jaliklardan.
– Asalari xosiyatli va mehnatkash jonivor, – deydi G‘.Yo‘ldoshev. – Shu mitti jonivor mehnatining barakasi tufayli ming bir dardga davo ne’mat yaraladi. Bir tomchi asalda minglab gul toti mujassam. Xo‘jalikda 650 dan ortiq naslli asalari oilasini parvarishlab, xorijga 400 tadan ortiq asalari paketi sotdik. “Karpat” zotli ona arilar g‘umbagidan 6 mingdan ortiq sermahsul zotlar yaratishga erishdik. Davlatga 5 ming kilogrammdan ziyod asal yetkazib berildi. Bu boradagi ishlarni davom ettirayotirmiz.
Bunday tajribali asalarichilar safi viloyatda yildan-yiga kengayib bormoqda. Bag‘dod tumanidan Zokirjon Siddiqovlar oilasi 200 quti asalarini zamonaviy texnologiya asosida parvarishlab, mo‘l asal olmoqda. Uchko‘prik tumanidan Madaminjon Karimovning ish tajribasi ham ko‘pchilikning e’tiborini tortmoqda. Farg‘ona shahrida yashovchi Baxtiyor Parpiyev o‘tgan yili o‘g‘li Dilshod bilan 15 gektar yerda asalarichilikka ixtisoslashtirilgan fermer xo‘jaligi tashkil etib, 600 dan ortiq asalari oilasini parvarishlashni yo‘lga qo‘ydi. Quvalik Vladimir Ulyankov xorijda tajriba o‘rganib kelgach, o‘z faoliyatini chet elga zotli asalari paketlarini eksport qilishga yo‘naltirib, yuksak natijalarga erishmoqda.
Muxtasar aytganda, Farg‘ona viloyatida zamonaviy texnologiyalar asosida asal yetishtirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Yaratilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar bois asalarichilar manfaatdorligi oshayotir. Bu esa xalqimiz dasturxonida ming bir dardga davo ushbu ne’matning yanada mo‘l bo‘lishiga xizmat qilmoqda.