O‘zA O`zbek

19.09.2018 Chop etish versiyasi

SHHTga aʼzo davlatlar temir yoʻllari maʼmuriyatlari rahbarlarining birinchi majlisi toʻgʻrisida axborot

SHHTga aʼzo davlatlar temir yoʻllari maʼmuriyatlari rahbarlarining birinchi majlisi toʻgʻrisida axborot Toshkent shahrida 19-sentyabr kuni “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ raisligida Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar temir yoʻllari maʼmuriyatlari rahbarlarining birinchi majlisi boʻlib oʻtdi.

Unda Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar vakillari – Hindiston Respublikasi Temir yoʻllar vazirligining Temir yoʻllar kengashi aʼzosi Girish Pillay, “Qozogʻiston temir yoʻllari” Milliy kompaniyasi“ boshqaruvi raisi Kanat Alpisbayev, ”Qirgʻiziston temir yoʻllari“ Milliy kompaniyasi” davlat korxonasi bosh direktori oʻrinbosari Ruslan Bektemirov, Xitoy Xalq Respublikasi temir yoʻllari davlat boshqaruvi boshligʻining oʻrinbosari Lyu Kesyan, “Pokiston temir yoʻllari” raisi Muhammad Javad Anvar, Rossiya Federatsiyasi temir yoʻllari ochiq aksiyadorlik jamiyati bosh direktori – boshqaruvi raisi Oleg Belozyorov, “Tojikiston temir yoʻllari” davlat unitar korxonasi boshligʻi Komil Mirzoali ishtirok etdi.

Shuningdek, majlisda SHHTda kuzatuvchi davlatlar – Afgʻoniston Islom Respublikasi, Belarus Respublikasi va Mongoliya Respublikasi temir yoʻl tashkilotlari rahbar va mutasaddilari, SHHTning muloqot boʻyicha hamkori – Ozarbayjon Respublikasi temir yoʻllari raisi hamda SHHT Bosh kotibi oʻrinbosari Se Syaoyun qatnashdi.

SHHT doirasidagi hamkorlikning mazkur yangi formatiga Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan shu yil iyun oyida Xitoyning Sindao shahrida oʻtgan Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar rahbarlari uchrashuvida asos solindi.

Qayd etilganidek, tashkilotga aʼzo davlatlarning iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishi bevosita transport-kommunikatsiya tarmoqlarini kompleks taraqqiy ettirishga bogʻliq. Xususan, temir yoʻl transporti davlatlararo tovar ayirboshlash, import-eksport tashuvlarni amalga oshirish, dengiz yoʻllari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri ulanish imkoniga ega boʻlmagan mamlakatlarning jahon bozoriga chiqishi uchun muhim oʻrin tutadi.

– Transport borasidagi imkoniyatlarni birlashtirish SHHTga aʼzo davlatlar iqtisodiyotini rivojlantirish barobarida, xalqlar oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarini ham mustahkamlaydi, – deydi Girish Pillay. – Oʻzbekiston tashabbusi bilan doimiy faoliyat yuritadigan muloqotning yangi shakli Sharqni Gʻarb bilan, oʻz navbatida, Shimolni Janub bilan bogʻlaydigan transport-kommunikatsiya tarmoqlarining integratsiyalashuvini taʼminlash hisobiga yuk tashuvlar hajmini oshirish imkonini beradi. Buning uchun, avvalo, barcha milliy transport tarmoqlari yagona meʼyorlarini ishlab chiqish zarur. Tadbirda bu borada Hindiston tomoni takliflari yuzasidan maslahatlashdik.

Uchrashuvda transport bozori xizmatlarini kengaytirish, bojxona hujjatlarini rasmiylashtirishni yengillashtirish va tarif siyosati masalalari boʻyicha muzokaralar olib borildi. Yangi iqtisodiy xalqaro yoʻlaklarni yaratish, dengiz portlariga chiqish imkoniyatlari koʻrib chiqildi.

Kun tartibidan oʻrin olgan yana bir muhim masala logistika markazlari tizimini tashkil qilish, eksport-import yuklarini jahon bozoriga olib chiqish boʻyicha koʻrsatiladigan xizmatlarni yaxshilash imkoniyatlarini tahlil qilishdan iborat boʻldi.

Muloqot chogʻida temir yoʻl infratuzilmalariga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, xalqaro moliya institutlari ishtirokida yangi temir yoʻl yoʻlaklarini ochish, mintaqada yuk tashishni oshirish imkonini beradigan istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish masalalari keng muhokama qilindi.

– XXI asrda transport tizimlarimiz oldida turgan vazifalar koʻlami hamkorlikning ana shunday yangi yoʻnalishini yaratishga ehtiyoj tugʻdirayotganini taʼkidlamoqchiman, – deydi Oleg Belozyorov. – Shu nuqtai nazardan Oʻzbekistonning SHHTga aʼzo davlatlar temir yoʻllari maʼmuriyatlari rahbarlarining doimiy muloqoti borasidagi tashabbusini toʻliq qoʻllab-quvvatladik. Endilikdagi vazifamiz transport borasidagi imkoniyatlarni birlashtirishning huquqiy asosini ishlab chiqishdan iborat. Shuningdek, tariflar, logistika xizmatlari, yuk tashish mexanizmlari boʻyicha qarashlarni uygʻunlashtirish zarur. Majlis davomida shu kabi ustuvor vazifalar haqida oʻzaro fikr almashish imkoniga ega boʻldik.

Majlisda Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar temir yoʻllari maʼmuriyatlari rahbarlarining Bayonoti imzolandi.

Ushbu hujjatda SHHTga aʼzo davlatlarning transport xizmatlarini birlashtirish yoʻnalishidagi rejalarga toʻliq mos keladigan, oʻzaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga moʻljallangan asosiy yoʻnalishlar oʻz ifodasini topgan.

Tomonlar SHHTga aʼzo davlatlar temir yoʻllari maʼmuriyatlari rahbarlarining navbatdagi uchrashuvini Qozogʻistonda oʻtkazishga kelishib oldi.

3 588
Ulugʻbek Shonazarov, OʻzA