Sertifikatlar topshirildi
Qashqadaryoda “Bank expo – 2015” milliy ko‘rgazmasi o‘tkazildi.
Qashqadaryoda “Bank expo – 2015” milliy ko‘rgazmasi o‘tkazildi.
Prezidentimizning 2010-yil 26-noyabrdagi "2011-2015-yillarda respublika moliya-bank tizimini yanada isloh qilish va barqarorligini oshirish hamda yuqori xalqaro reyting ko‘rsatkichlariga erishishning ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida"gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan ko‘rgazmada viloyatda faoliyat olib borayotgan tijorat banklari, kredit tashkilotlari, yetakchi sug‘urta va lizing kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda keyingi yillarda bank-moliya tizimida erishilgan yutuqlar va istiqboldagi rivojlanish yo‘nalishlari, yangi texnologiya va xizmatlar, tadbirkorlik subyektlari, yosh oilalar, kollej bitiruvchilari, xotin-qizlarga taklif etilayotgan bank xizmatlari bo‘yicha ma’lumot berildi.
Ko‘rgazma doirasida tijorat banklari tomonidan chekka hududlarda ish olib borayotgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari, dehqon va fermer xo‘jaliklari, endi ish boshlayotgan yosh tadbirkorlarning bandlikni ta’minlashga qaratilgan istiqbolli loyihalarini aniqlash bo‘yicha o‘tkazilgan tanlov g‘oliblariga imtiyozli kredit olish huquqini beruvchi sertifikatlar topshirildi.
– Korxonamizda tikuvchilik va qandolat mahsulotlari ishlab chiqariladi, – deydi Dehqonobod tumanidagi “Aralova Mohinur” xususiy korxonasi rahbari Nodira Boynazarova. – Ayni paytda faoliyatimizni kengaytirish, non va non mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha ish olib bormoqdamiz. Istiqbolli loyihalarni aniqlash bo‘yicha tijorat banklari tomonidan o‘tkazilgan tanlovda ishtirok etib, 35 million so‘m imtiyozli kredit olish huquqiga ega bo‘lganimiz bunda qo‘l kelishi shubhasiz.