Serdaromad soha
Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligining muhim tarmoqlaridan biri bo‘lgan baliqchilikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligining muhim tarmoqlaridan biri bo‘lgan baliqchilikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.Prezidentimizning qishloq xo‘jaligi sohasini isloh qilish, aholining tabiiy va sifatli oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talab-ehtiyojini to‘la ta’minlash, xususan, baliqchilik tarmog‘ini rivojlantirishga qaratilgan farmon va qarorlari bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Farg‘ona viloyatida ham mazkur tarmoq rivoji yo‘lida salmoqli ishlar amalga oshirilayotir. Baliqchilik xo‘jaliklarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yangilarini tashkil etish, buning uchun yer maydonlari ajratish, kafolatli suv hamda zarur texnik jihozlar bilan ta’minlash, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, banklar tomonidan kreditlar ajratish, tabiiy va sun’iy suv havzalarini tender asosida aholiga ijaraga berish shular jumlasidandir.
Viloyatda 2014-yilning o‘tgan davrida 34 baliqchilik xo‘jaligi tashkil etildi. Bu yil viloyatda 3 ming tonnadan ortiq baliq yetishtirish rejalashtirilgan.
Mamlakatimizda yaratilgan sharoit va imkoniyatlardan unumli foydalanayotgan “O‘roqboy ota” fermer xo‘jaligi yildan-yilga rivojlanib bormoqda. O‘tgan yili 4 gektar maydonda tashkil etilgan har xil o‘lchamli sadok usulidagi ko‘llarda do‘ngpeshona, karp, oq amur kabi baliqlar parvarishlanayotir. Xo‘jalikda 2,2 gektar maydonda sun’iy havza qurish ishlari davom etmoqda.
– Baliqning xosiyati ko‘p, – deydi “O‘roqboy ota” fermer xo‘jaligi rahbari Alisher Mamajonov. – Mutaxassislarning ta’kidlashicha, haftasiga bir marta baliq iste’mol qilgan odam yuragidan, ko‘zidan shikoyat qilmaydi. Qolaversa, baliqchilik – serdaromad soha. Xo‘jaligimizda bu borada katta tajriba to‘plangan. Joriy yilda iste’molchilarga 48 tonna parhez mahsulot yetkazib berishni rejalashtirganmiz.
Viloyatda mazkur sohani rivojlantirish uchun maxsus dastur ishlab chiqilgan. Unda belgilangan chora-tadbirlar ijrosi baliqchilikni rivojlantirish, eng muhimi, viloyat bozorlarida g‘oyat foydali va parhez mahsulot – baliqning serobligini ta’minlaydi.