O‘zA O`zbek

27.05.2019 12:43 Chop etish versiyasi

Sayyohlar sug‘urta himoyasi bilan kafolatlanadi

Sayyohlar sug‘urta himoyasi bilan kafolatlanadi

“O‘zbekinvest” milliy sug‘urta kompaniyasi turistik firmalar, turoperatorlar, mehmonxona egalari, mahalliy va xorijiy sayyohlarning mulkiy hamda shaxsiy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan sug‘urta xizmatlarini kengaytirib bormoqda.

Bugungi kunda turizm dunyoda eng tez rivojlanib borayotgan va davlatga katta foyda keltiruvchi sohalardan biri hisoblanadi. Mamlakatimizda ham mazkur yo‘nalishga alohida e’tibor qaratilib, sayyohlik ob’ektlaridan samarali foydalanish, ko‘rsatilayotgan xizmat turlari sifatini oshirish, yurtimizga tashrif buyurayotgan sayyohlar oqimini ko‘paytirish yuzasidan barcha choralar ko‘rilyapti. 

Bu, tabiiyki, yurtimizda ichki va tashqi turizmni rivojlantirish uchun zarur infratuzilmani yaratish va sayyohlarga xalqaro darajada xizmat ko‘rsatishni talab etadi. Shu bilan birga, sohada sug‘urta xizmatlari ham alohida ahamiyatga ega. Bu borada “O‘zbekinvest” milliy sug‘urta kompaniyasi turistik firmalar, turoperatorlar, mehmonxona egalari, mahalliy va xorijiy sayyohlarning mulkiy hamda shaxsiy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan sug‘urta xizmatlarini kengaytirib bormoqda.

Jumladan, yaqinda kompaniya tomonidan bir qator yangi xizmat turlari ishlab chiqildi. Xususan, turoperatorlarning sayohat turining bekor qilinishi bilan bog‘liq ko‘zda tutilmagan xarajatlarini sug‘urtalash, turoperatorlarning xorijiy kontragentlarning bankrotlikka uchrashi bilan bog‘liq ko‘zda tutilmagan xarajatlarini sug‘urtalash, aviareyslarning o‘zgartirilishi yoki bekor qilinishi bilan bog‘liq ko‘zda tutilmagan xarajatlarni sug‘urtalash, bundan tashqari, sayyohlar bagajini sug‘urtalash shular jumlasidandir. 

Agar mazkur xizmat turlariga batafsil to‘xtalsak, ular mazmun-mohiyati oydinlashadi. Masalan, turoperatorlarning sayohatni bekor qilinishi bilan bog‘liq ko‘zda tutilmagan xarajatlarini sug‘urtalash bo‘yicha kompaniya sayohatchi tomonidan sayyohlik turi bekor qilinishi natijasida turoperatorning ko‘zda tutilmagan, ya’ni mehmonxona, transport, transfer va boshqa xarajatlari uchun amalga oshirilgan to‘lovlari bilan bog‘liq xarajatlari yuzasidan ko‘rilgan zararlarni qoplash majburiyatini zimmasiga oladi.

Turoperatorlar xorijiy kontragentining bankrot bo‘lishi bilan bog‘liq ko‘zda tutilmagan xarajatlarini sug‘urtalash bo‘yicha esa kompaniya turoperator kontragentlari (shartnoma bo‘yicha ishlovchi hamkorlari)ning to‘lov qobiliyatining to‘liq yo‘qolishi natijasida o‘z majburiyatlarini bajara olmay qolishi sababli turoperatorning ko‘zda tutilmagan, ya’ni xorij safarini tashkil qilish maqsadida mehmonxona, transport, transfer va bosh¬qa xarajatlari uchun amalga oshirgan to‘lovlari bo‘yicha ko‘rgan zararlarini qoplab beradi. 

Shuningdek, turoperatorlar aviareysning ko‘chirilishi yoki bekor qilinishi bilan bog‘liq ko‘zda tutilmagan xarajatlarni sug‘urtalash turi bo‘yicha kompaniya tabiat hodisalari, ob-havo ta’siri, aviakompaniyaning ichki tartiblari va boshqa sabablarga ko‘ra, aviareysning ko‘chirilishi yoki bekor qilinishi natijasida turoperatorning ko‘zda tutilmagan, ya’ni xorijiy turni tashkil qilish bilan bog‘liq mehmonxona, transport, transfer va boshqa xarajatlari uchun amalga oshirilgan to‘lovlari sababli ko‘riladigan zararni to‘lab berish majburiyatini zimmasiga oladi.

Sayyohlar bagaji (mol-mulki)ni sug‘urtalash turi shartlariga ko‘ra, kompaniya sayyoh bagajiga tabiat hodisalari, xususan, yong‘in, dovul, sel, suv bosishi, zilzila, to‘fon, yer ko‘chishi va hokazolar, shuningdek, uchinchi shaxslarning qonunga zid xatti-harakatlari (o‘g‘rilik, bosqinchilik, talon-taroj, qasddan zarar yetkazish va hokazolar) hamda yo‘ltransport hodisalari yoki sug‘urtalanuvchi bilan baxt¬siz hodisa sodir bo‘lishi oqibatida bagajga zarar yetishi sug‘urta hodisasi hisoblanadi. Shu bois, shartnomaga asosan, sayohatchi bagajiga, ya’ni mol-mulkiga yetgan zararni kompaniya to‘lab berish kafolatini oladi.

Ayni paytda “O‘zbekinvest” kompaniyasining hududlardagi 14 ta filiali va 190 ta bo‘limi tomonidan yuqorida qayd etilgan sug‘urta turlari bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatib kelinmoqda. Shuningdek, joylardagi tarkibiy bo‘linmalar tomonidan mijozlarga 160 dan ortiq sug‘urta mahsuloti bo‘yicha xizmatlar taqdim etilishi yo‘lga qo‘yilgan. 

Hosil KARIMOV
Manba: “Birja” gazetasi

O‘zA
532