Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

16.03.2018 19:30 Chop etish versiyasi

Savdo yarmarkalari ish boshladi

Savdo yarmarkalari ish boshladi Navro‘z umumxalq bayrami arafasida Andijon shahrida savdo yarmarkalari tashkil etildi.

Shahar mahallalarida ish boshlagan oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yarmarkalaridan “Andijongo‘shtsutsavdo”, “Andijonbaliq”, “Elga xizmat” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari, viloyatdagi agrofirmalar, parrandachilik korxonalari va savdo tashkilotlarining, shuningdek, fermer xo‘jaliklari hamda dehqonlar tomonidan yetishtirilgan meva-sabzavot, oziq-ovqat va poliz mahsulotlari o‘rin olgan.

6.JPG

Savdoga qo‘yilgan mahsulotlar narxi bozordagiga nisbatan arzon. Namunali xizmat ko‘rsatilishi, savdolarning bank plastik kartalari orqali yo‘lga qo‘yilgani ko‘pchilikka manzur bo‘lmoqda.

1.JPG

– Yarmarkadagi mahsulotlarning sifatli va arzonligidan xursandmiz, – deydi Andijon shahridagi “Iqbol” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi mehnat faxriysi Muharramxon Xudoyberdiyeva. – Ayniqsa, go‘sht, tuxumning narxi bozorga nisbatan ancha arzonligi, plastik karta orqali ham sotilayotgani bizga yaxshi qulaylik yaratmoqda.

Xalqimiz uchun mehr-oqibat, ezgulik timsoliga aylangan Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan tashkil etilgan mazkur savdo yarmarkalari yurtimizda inson omiliga bo‘lgan e’tibor va g‘amxo‘rlikning yorqin namunasi, qolaversa, aholi turmush farovonligini oshirishga, xalqimiz dasturxoni to‘kinligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Bu kabi savdo yarmarkalari viloyatning barcha tuman va shaharlari markazlarida ham tashkil etildi.

Fahriddin Ubaydullayev, Zuhriddin Umurzoqov (surat), O‘zA
3 261