O‘zA O`zbek

15.09.2020 Chop etish versiyasi

“Samsung Zomin” korxonasida mahalliylashtirish 75 foizga yetkazildi

“Samsung Zomin” korxonasida mahalliylashtirish 75 foizga yetkazildi

Oʻrta Osiyoda yagona boʻlgan personal kompyuterlar uchun monitor “Trust elektroniks” masʼuliyati cheklangan jamiyatining Zomin tumanidagi “Samsung Zomin” korxonasi pandemiya davri qiyinchiliklariga qarmay ishlab chiqarish surʼatini barqaror tutib qolgan korxonalardan biri.

Korxonada “Samsung” va “Artel” brendlari ostida personal kompyuterlar uchun monitorlardan tashqari elektr asoboblari uchun kabel-shnurlar ham ishlab chiqariladi.

40 kishilik jamoa bilan ishni boshlagan korxonada ayni paytda 250 dan ortiq odam mehnat bilan band. Korxonada yiliga 50 ming donadan ziyod monitor ishlab chiqarilib, xorijga eksport qilinmoqda.

Keyingi ikki yilda korxonaga Turkiya va Xitoydan 5 million dollarlik 30 dan ziyod zamonaviy uskunalar olib kelindi va zavod hududida qoʻshimcha yangi kabel-shnur sexi ishga tushirildi.

– Korxonamiz dunyoga mashhur “Samsung” va Toshkentdagi “Artel” kompaniyalari hamkorligida faoliyat yuritadi, – deydi korxona ijrochi direktori oʻrinbosari Murodjon Abdunabiyev. – Motor ekranlari Vyetnamdan keltiriladi. Monobloklarni Toshketdagi korxonalardan olamiz. Monitorning qolgan qismlari oʻzimizning sexda ishlab chiqarilmoqda. Bundan tashqari, korxonamizda 130 dan ortiq kabel-shnur va montaj simlari ishlab chiqariladi. Mahsulot ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasini 33 foizdan 75 foizga yetkazdik. Kelgusida korxonada monoblok kompyuter va noutbuk ishlab chiqarish, hozirda xorijdan import qilinayotgan 5 ta oʻta noyob kabel turini oʻzimizda ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻymoqchimiz.

19 738
T. BEKNAZAROV, OʻzA