Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

01.02.2017 17:26 Chop etish versiyasi

Rishtonda tuyaqush parvarishlanmoqda

Farg‘ona viloyati Rishton tumanidagi “STRAUS FARM” O‘zbekiston – Buyuk Britaniya qo‘shma korxonasida mahalliy sharoitda tuyaqush boqish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ayni kunlarda yuqori iqtisodiy samaradorlikka erishilmoqda.

Birinchi Prezidentimiz rahnamoligida qishloq xo‘jaligini tubdan isloh qilish jarayonida fermerlik harakati va agrobiznesni har tomonlama rivojlantirishga qaratilgan alohida e’tibor mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish va xalqimiz farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda. Agrar sohaga yangi texnologiyalar, istiqbolli loyihalar joriy etilayotir.

Farg‘ona viloyatida parrandachilikni rivojlantirish, parranda mahsulotlari yetishtirish hajmini oshirish va aholini sifatli parhez mahsulotlar bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

O‘tgan yili tashkil etilgan mazkur korxonaga 306 ming dollar evaziga xorijdan 200 bosh Afrika tuyaqushi keltirilib, zamonaviy inkubatorlar tashkil etilgan va tuyaqush jo‘jalarini ochirish yo‘lga qo‘yilgan edi. 16 gektarga yaqin yer ajratilib, tuyaqush boqish uchun kerakli maydon va o‘tloqlar barpo etildi.

– Zamonaviy parrandachilikda tuyaqush ko‘paytirish kun sayin oshib bormoqda, – deydi qo‘shma korxona rahbari Farangiz Azimova. – Mutaxassislar tuyaqush go‘shtining o‘ziga xos parhezbopligi, terisining mayinligi, hatto ba’zi a’zolarini inson tanasiga transplantatsiya qilish mumkinligini ta’kidlamoqda.

Ayni paytda bu yerda 120-150 kilogramm vaznga ega va yiliga 80-100 donadan jo‘ja ochadigan tuyaqushlar parvarishlanmoqda. Bahor oylaridan tuyaqush jo‘jalarini ochirish boshlanadi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, tuyaqush 4-yilda reproduktiv yoshga yetadi va parrandachilikda bunday qushlar “Brider” deb yuritiladi. Ularning o‘rtacha tuxum qo‘yish yoshi 10-15-yil, zotdor tuyaqushlar 40-yil davomida tuxum qo‘yaveradi. Bitta tuyaqush 10-12-yil davomida qo‘ygan tuxumdan chiqqan jo‘ja go‘shti o‘rtacha 72 tonnaga yetishi mumkin.Tuyaqush boqishni yo‘lga qo‘yish oilalar uchun ham qulay va daromadli bizneslardan biridir.

Parrandachilikda tuyaqush boqish yangi yo‘nalishlardan biri bo‘lib, bugun mamlakatimizning barcha hududlarida rivojlanib bormoqda. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka qaratilayotgan doimiy e’tibor esa, ana shunday istiqbolli loyihalarga keng yo‘l ochmoqda.

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA
3 883






Все о погоде - Pogoda.uz