O‘zA O`zbek

09.10.2019 Chop etish versiyasi

Raqamli iqtisodiyotning rivojlanish istiqbollari ortmoqda

Raqamli iqtisodiyotning rivojlanish istiqbollari ortmoqda

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida “Raqamli iqtisodiyotdan raqamli innovatsiyalarga” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Toshkent shahar kengashi tomonidan tashkil etilgan tadbirda qayd etilganidek, mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, davlat organlari, turli tashkilotlarda elektron hujjat almashinuvi hamda jismoniy va yuridik shaxslarga masofaviy xizmat ko‘rsatish uchun elektron tijorat tizimlari bosqichma-bosqich joriy etilmoqda.

– 2020-2025 yillarda O‘zbekistonda elektron hukumat tizimini rivojlantirish konsepsiyasi loyihasi ishlab chiqilgan, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Shuhrat To‘xtaboev. – Uning strategik maqsadi – elektron hukumat tizimining keyingi bosqichiga o‘tish, integratsiyalashgan hukumatni rivojlantirishga ko‘maklashishdir. Bunda asosiy e’tibor davlat organlarining axborot tizimlari, axborot resurslari va ma’lumotlar bazalarini joriy etish hamda rivojlantirishda yagona texnologik yondashuvni amalga oshirish, ma’lumotlarni markazlashgan holda saqlash, ishlov berish va almashish tamoyilini ta’minlash, “Elektron hukumat” tizimi ishtirokchilarining o‘zaro kelishilgan, bir-birini to‘ldiruvchi va birlashtirilgan usullari va yondashuvlarini qo‘llashga qaratilgan.

Hozir jahonning turli mamlakatlarida moliyaviy texnologiyalar, yer resurslarini boshqarish, transport, sog‘liqni saqlash, ta’lim sohalarida blokcheyn tizimidan foydalaniladi. Blokcheyn tizimi har qanday sohaning shaffoflik darajasini oshiradi, korrupsiya holatlarining kamayishiga xizmat qiladi. Aynan raqamli iqtisodiyot kirib kelishi bilan raqamli platformalar yaratish va tez sur’atlarda o‘sib borayotgan raqamli ma’lumotlarni monetizatsiya qilish muammolari vujudga kelmoqda. Bunda qiymat yarata olish yo‘llarini, mazkur jarayonlardagi to‘siqlarni bartaraf etish vositalarini aniqlash muhimdir. Bu qiymatni yaratish va tarqatish salohiyatini, qiymatni yangilash, boshqarish hamda qiymatni qo‘lga kiritish shakllarini tushunish imkonini beradi

Davra suhbatida O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyotning rivojlanishi borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, istiqboldagi rejalar, bu boradagi kamchiliklarni bartaraf etish bilan bog‘liq masalalar atroflicha muhokama qilindi. Ishtirokchilarning taklif va mulohazalari o‘rganildi. O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyotning rivojlanish xususiyatlariga oid mavzularda mutaxassislarning ma’ruzalari tinglandi.

Talabalar raqamli iqtisodiyotni yanada rivojlantirish bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassislardan javob oldi.

523
Abdulaziz MUSAEV, O‘zA