O‘zA O`zbek

27.07.2020 Chop etish versiyasi

Qurilish sohasida korrupsiyani oldini olish boʻyicha xorijiy davlatlar tajribasi qanday?

Qurilish sohasida korrupsiyani oldini olish boʻyicha xorijiy davlatlar tajribasi qanday?

Mamlakatimiz bugungi kunda jadal surʼatlar bilan rivojlanmoqda. Yalpi ichki mahsulot hajmi yildan-yilga oʻsib bormoqda. Xorijiy investitsiyalarni jalb qilish hamda eksport hajmini koʻpaytirish davlat rahbari tomonidan iqtisodiy sektor vakillariga qoʻyilayotgan eng ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi hamda ushbu vazifalarni samarali bajarish uchun eng avvalo korrupsiyani bartaraf etish lozim boʻladi.

Qurilish sohasi iqtisodiyotning barcha sektorlari uchun lokomotiv vazifasini oʻtaydi. Zero, har bir mamlakatning xalqaro maydondagi obroʻyini va jozibadorligini ushbu yurtda mavjud boʻlgan eng mashhur arxitektura namunalari koʻrsatib beradi. Prognozlarga asosan, dunyo boʻylab kapital-qurilish sohasiga ajratiladigan mablagʻlar hajmi 2025-yilga kelib, 70 foizga oʻsadi hamda 14 trillion AQSH dollariga yetadi.

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasida ham ushbu sohaga ajratilgan byudjet mablagʻlari yildan-yilga koʻpayib, 2019-yilda 69 trillion soʻmni tashkil qilgan.

BMT barqaror rivojlanish dasturi, Yevropa komissiyasi, Jahon banki, “Transparency international”, “GIACC” kabi xalqaro tashkilotlar qurilish sohasi iqtisodiyot va ijtimoiy hayotning boshqa sektorlari orasida eng korrupsiyalashganini taʼkidlab kelishadi.

2020-yilning aprel-may oylarida Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida boʻlgan voqealar ham bajarilayotgan ishlarning sifatini ochiq koʻrsatib berdi.

Qurilish sohasida korrupsiyani oldini olish, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf qilish yuzasidan muayyan bir rasmiy xalqaro hujjat mavjud emas. Shunga qaramasdan, BMT, Jahon banki, “Transparency international” va bir qator boshqa xalqaro notijorat tashkilotlari tomonidan sohada korrupsiyani kamaytirishga qaratilgan tahliliy hujjatlar tuzib chiqilgan.

Jumladan, BMTning 2030-yilga qadar barqaror rivojlanish dasturi (UNDP)ga 17 ta maqsad kiritilgan boʻlib, ulardan 16 maqsad tinch, adolatli va taʼminlangan jamiyat qurishni oʻz ichiga oladi. Bunda 2030-yilga qadar barqaror rivojlanish dasturini roʻyobga chiqarish uchun bugungi kunda har yili bir necha trillion dollarlab mablagʻlarni “oʻgʻirlayotgan” jahon kapital-qurilish tizimidagi korrupsiya bartaraf etilishi lozim boʻlgan eng muhim muammolar sirasiga kiritilgan.

Sohada korrupsiyani bartaraf etish hamda shaffoflikni targʻib qilishga qaratilgan tadbirlarni muvaffaqiyatli olib borayotgan xalqaro tashkilotlardan biri sifatida “CoST” xalqaro shaffof qurilish dasturini olishimiz mumkin.

Mazkur dastur 2012-yildan beri faoliyat olib boradi. Bugungi kunda 15 ta mamlakat bilan hamkorlikda tadbirlar tashkil etib kelmoqda. Tadbirlar davomida sohada korrupsiyani bartaraf etish uchun davlat xaridlarini amalga oshirish yuzasidan olib borilgan barcha maʼlumotlarni oshkor qilish hamda tender (tanlov) jarayoni va natijalari barcha uchun ochiq boʻlishi tavsiya qilingan.

Mazkur tashkilot tomonidan unga aʼzo boʻlmagan davlatlardagi fuqarolar uchun qurilish tizimida korrupsiyani oldini olishga qaratilgan alohida qoʻllanmalar ishlab chiqilgan. Tashkilotga aʼzo davlatlarga esa, yirik qurilish obyektlarida oʻzining qoʻshimcha anti-korrupsion ekspertizasini taklif qiladi. Bunday amaliy tadbirlar ayrim davlatlar uchun byudjet mablagʻlarini saqlab qolishga sabab boʻlgan.

Jumladan, tashkilot ekspertlari tomonidan Gvatemalada davlat organi mansabdor shaxslari tomonidan aslida barqaror turgan koʻprikni taʼmirtalab holatda deb koʻrsatib, unda 5 million AQSH dollari miqdoridagi qurilish-taʼmirlash ishlarini favqulodda tez protseduralardan foydalanib, tanlovsiz tanish boʻlgan pudratchiga topshirilgani aniqlangan. Natijada shartnoma bekor qilinib, byudjet mablagʻlari saqlab qolingan.

Mazkur tashkilot nodavlat notijorat tashkilot sifatida kapital-qurilish tizimida jamoatchilik nazoratini amalga oshirishini, barcha darajadagi mansabdor shaxslarga mahalliy ommaviy axborot vositalaridan koʻra samarali bosim oʻtkaza olishini hamda mahalliy pudratchi tashkilotlarning huquqlarini himoya qilib kelishini taʼkidlab, aʼzo boʻlmagan davlatlarni hamkorlikka chaqirgan. Yurtimizda ham shu kabi tashkilotlar bilan hamkorlik oʻrnatilishi maqsadga muvofiq boʻlar edi.

Sohada shaffoflikni targʻib qiluvchi xalqaro dasturlardan yana biri sifatida 2012-yilda Jahon bankidan alohida dastur sifatida ajralib chiqqan “Open contracting partnership” dasturini olishimiz mumkin. Mazkur tashkilot davlat organlari, tashkilot, idora va muassasalar hamda davlat egaligidagi korxonalar tomonidan oʻtkazilgan har qanday davlat xaridlarini internet tarmogʻida ochiq eʼlon qilib borishni targʻib qiladi. Bugungi kunga qadar, ushbu tashkilot dasturini 30 dan ortiq davlatlar implementatsiya qilgan boʻlib, mazkur davlatlar tomonidan ushbu tashabbus yuqori darajada baholangan.

Dasturning asosiy qoidalaridan biri kapital-qurilish sohasida davlat xaridlarini amalga oshirishda, yer tanlash, loyiha ishlarini olib borish, ekspertizadan oʻtkazish, tender (tanlov) savdolarini oʻtkazish, pudratchi bilan shartnoma tuzish, qurilish ishlarini olib borish hamda obyektni qabul qilish jarayonida rasmiylashtiriladigan barcha hujjatlarni onlayn platformada bitta hujjatlar paketiga yigʻish hamda jamoatchilikka eʼlon qilish gʻoyasi sanaladi.

Shuningdek, dastur tomonidan eʼlon qilinishi lozim boʻlgan hujjatlar roʻyxati, ushbu hujjatlarning barcha davlatlar uchun yagona namunalari hamda mazkur hujjatlarda koʻrsatilishi lozim boʻlgan maʼlumotlar roʻyxati ham ishlab chiqilgan.

Kapital-qurilish tizimida korrupsiyani bartaraf etish bilan global darajada shugʻullanuvchi maxsus xalqaro tashkilotlar soni u qadar koʻp emas va ularning aksariyati XX asrning boshlaridagina faoliyatini boshlagan. Ular orasida eng birinchilaridan biri sifatida 2008-yilda Britaniyalik ikki advokat tomonidan tashkil etilgan Qurilishda korrupsiyaga qarshi kurash global markazini olishimiz mumkin. Mazkur tashkilot tomonidan kapital-qurilish sohasida 12 ta korrupsiyaga qarshi kurash boʻyicha minimal standartlar eʼlon qilingan. Ular orasida shaffoflik va qulay axborot qidiruv tizimini tashkil qilish, ichki va tashqi audit hamda komplayens-nazorat tizimlarini joriy etish mavjud.

Yuqorida qayd etilgan standartlar kapital-qurilish sohasining ham davlat, ham nodavlat sektordagi subyektlariga qaratilgan umumiy standartlar boʻlib, ularning koʻpchiligi u yoki bu shaklda Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligidan oʻrin olgan. Shu oʻrinda yuqoridagilardan “komplayens nazorat” tizimini joriy qilish boʻyicha oʻrnatilgan standart ham milliy qonunchiligimizdan oʻrin olishi korrupsiyaviy xavf-xatarlarni kamaytirish uchun xizmat qilgan boʻlar edi.

Xorijiy ekspertlar tomonidan sohada korrupsiyani oldini olish yuzasidan berilgan tavsiyalarda odob-axloq qoidalariga taalluqli tavsiyalarni koʻp uchratishimiz mumkin.

Masalan, dunyoning korrupsiyaga qarshi kurash boʻyicha yetakchi tashkilotlaridan biri boʻlgan “Transparency international” tashkiloti tomonidan qurilish sohasida davlat xaridlarini olib boradigan har qanday organ yoki tashkilotlar korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha qatʼiy qoidalarni oʻz ichiga olgan odob-axloq qoidalarini tuzib chiqishlari va uning ichiga manfaatlar toʻqnashuvi, korrupsiya toʻgʻrisida xabardor qilish hamda xabar bergan shaxslarning himoyasini taʼminlashning mexanizmlarini yaratishlari lozimligi belgilangan.

Yuqoridagi aksariyat fundamental talablar boʻyicha yurtimizda biror-bir amaliyot mavjud emas.

Jumladan, kapital-qurilishda davlat nazoratini olib boruvchi organ hamda korxonalarda xodimlarning odob-axloq qoidalari ishlab chiqilmagan boʻlib, bu borada idoralarda korrupsiya holatlariga yoʻl qoʻymaslik toʻgʻrisida xodimlarga yigʻilish oʻtkazib, uqtirish va yigʻilish bayoni tuzgan holda rasmiylashtirish kabi samarasiz hamda koʻzboʻyamachilikka asoslangan amaliyot saqlanib qolgan.

Qolaversa, qurilish sohasida jamoatchilik nazorati hamda shaffoflik institutlarini qoʻllash oʻrniga tender (tanlov) savdolarini oʻtkazishda talabgorlarning takliflarini oʻrganish va baholash, shuningdek, tender gʻolibini aniqlash yopiq yigʻilishlarda oʻtkazilishi hamda takliflarni oʻrganish va baholashga oid axborot oshkor qilinmasligi talablari Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga asosan buyurtmachilarga “namuna” qilib berilganini qanday tushunish mumkin.

“Transparency international” xalqaro tashkilotining xalqaro investorlar orasidagi nufuzini hamda undagi korrupsiyani qabul qilish indeksida Oʻzbekiston Respublikasi 180 ta davlat orasida 153 oʻrinni egallaganligini inobatga olib, sohadagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi hamda buyurtmachi xizmatini funksiyasini bajaruvchi barcha kompaniyalarda yuqorida nazarda tutilgan odob-axloq qoidalarini tuzib chiqish majburiyatini yuklash, tender (tanlov) savdolarida jamoatchilikning ishtirok etish huquqini taʼminlash hamda tender savdolari natijalarini jamoatchilik uchun ochiq eʼlon qilish maqsadga muvofiq boʻlar edi.

Mirshod XOʻJAYEV,
Bosh prokuratura Akademiyasi
magistratura tinglovchisi.

15 376
OʻzA