Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.02.2017 20:03 Chop etish versiyasi

Qulay investitsiyaviy muhit samarasi

Mashinasozlik mamlakatimiz iqtisodiyotining muhim bo‘g‘inlaridan biridir. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida O‘zbekiston mashinasozlik sohasi rivojlangan davlatlar qatoridan o‘rin egalladi. Mazkur tarmoqni yanada rivojlantirish maqsadida ishlab chiqarishga ilg‘or texnologiyalarni keng joriy qilish ishlari izchil davom ettirilmoqda. Mashinasozlikka xorijiy investitsiyalar jalb etilib, ko‘plab qo‘shma korxonalar tuzilmoqda. Bu esa mahsulot sifatini yaxshilash, uning turlarini kengaytirish va ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirishga xizmat qilayotir.

Bugungi kunda O‘zbekistonda qulay investitsiyaviy muhit yaratilib, sarmoyadorlar uchun imtiyoz va preferensiyalarning samarali tizimi ishlab chiqilgan. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 5-oktabrdagi "Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoni bu boradagi ishlarni yanada takomillashtirib, uni yangi sifat bosqichiga olib chiqishda muhim omil bo‘lmoqda.

2012-yil Toshkentda Belarusdagi mashinasozlik bo‘yicha yetakchi “Amkador” xolding kompaniyasi tomonidan “Amkador-Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi xorijiy korxona tashkil etilgani bunga misol bo‘la oladi. Ushbu korxona qisqa vaqt ichida O‘zbekistonda maxsus texnika vositalarini yetkazib beruvchilar orasida yetakchi mavqega ega bo‘ldi.

Xorijiy korxona yo‘l qurilishi, kommunal, qishloq xo‘jaligi, aerodrom uchun mo‘jallagan texnika va boshqa maxsus texnikalarni sotish, ularga kafolatli xizmat ko‘rsatish, ta’mirlash, ehtiyot qismlari, sarflash materiallari va butlovchi qismlarni yetkazib berish, mazkur texnika foydalanuvchilarini o‘qitishga ixtisoslashgan.

“Amkador” xolding kompaniyasi 90-yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. U o‘tgan davr mobaynida o‘yinchoq ishlab chiqaradigan kichik bir fabrikadan mashinasozlik bo‘yicha xolding ko‘rinishidagi yirik kompaniyaga aylandi. Bugungi kunda kompaniya Yevropa, Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasining 33 mamlakatiga 90 dan ortiq rusum va modifikatsiyadagi texnika vositalarini yetkazib bermoqda.

Korxonada ishlab chiqarilgan frontal va universal yuklovchi mashinalar, elektr yuklovchi mashinalar, elektrtelejkalari, yo‘l katoklari, qor tozalash texnikalari, ekskavatorlar, MTZ traktorlari negizidagi turli-tuman agregatlar, jumladan, qishloq va suv xo‘jaligi uchun agregatlar, yuk-ko‘tarish transport uskunalari, don tozalash majmualari va boshqa ko‘plab texnika vositalari o‘zining yuqori sifati, xalqaro andozalarga to‘la mosligi, tejamkorligi, ishonchliligi, qulayligi hamda ekologik jihatdan xavfsizligi bilan ajralib turadi.

Xoldingda ishlab chiqarilayotgan yuk ortish va tushirish, maxsus mashinalar, turli uskunalar qishloq xo‘jaligida ham tobora keng qo‘llanilmoqda.

Bugungi kunda “Amkador-Toshkent” xorijiy korxonasi O‘zbekistonning barcha viloyatlarida o‘z vakillari va savdo agentlariga ega. Yuqori malakali servis xizmati va o‘quv komplekslari tashkil etilgan.

– O‘zbekiston xorijiy sarmoyadorlar uchun istiqbolli mamlakat hisoblanadi, – deydi “Amkador-Toshkent” korxona rahbari Anatoliy Levitskiy. – Yurtingizda mashinasozlik mahsulotlariga talab katta. Bu qishloq xo‘jaligi, sanoatning barcha tarmoqlari, xususan, kon-metallurgiya sohasi, kommunal xo‘jaligi, kichik biznes korxonalarining jadal rivojlanishi bilan bevosita bog‘liq. Davlatingiz tomonidan tadbirkorlar uchun yaratilayotgan qulay sharoit va imkoniyatlar muvaffaqiyatlarimizning muhim omilidir. Maqsadimiz texnika yetkazib berish hajmini yanada kengaytirish, kafolatli va sifatli xizmat ko‘rsatishni takomillashtirish, O‘zbekiston ichki bozorida unga talab yuqori bo‘lgan texnika rusumlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishdir.

Ayni paytda “Amkador” xoldingi hamda “Amkador-Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan “Toshkent qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodi” va “Texnolog” aksiyadorlik jamiyatlari negizida qishloq xo‘jaligi, kommunal va yo‘l-qurilishi texnikalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Amkador – Agrotexmash” qo‘shma korxonasi tashkil qilindi.

Yaqinda Belarus Respublikasi hukumat delegatsiyasining yurtimizga tashrifi paytida “Amkador – Agrotexmash” qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilishi rejalashtirilayotgan texnika vositalari namoyish etildi.

Xorijiy hamkorlar, xususan, belaruslik sarmoyadorlar ishtirokidagi istiqbolli loyihalar mamlakatimiz iqtisodiyotini yanada mustahkamlashga o‘zining munosib hissasini qo‘shadi.

Nodira Manzurova, O‘zA
612






Все о погоде - Pogoda.uz