Qo`shilgan qiymat solig`i to`lovchilari soni bir chorakda 5 barobarga ko`paydi
Davlat soliq xizmati organlari soliq islohotlarining yangi davrida qo`shilgan qiymat solig`i ma`murchiligini va soliq hisobotlarini soddalashtirishga alohida e`tibor qaratmoqda
Davlat soliq xizmati organlari soliq islohotlarining yangi davrida qo`shilgan qiymat solig`i ma`murchiligini va soliq hisobotlarini soddalashtirishga alohida e`tibor qaratmoqda.
Davlat soliq qo`mitasi axborot xizmatining ma`lumotiga qaraganda, hisobot shakllarining 9 ta ilovasi 5 taga kamaytirilgan bo`lsa, hisobvaraq-fakturalarning elektron ko`rinishi sinov tariqasida Navoiy va Sirdaryo viloyatlari hamda Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida qo`llanilmoqda.
Natijada joriy yil birinchi choragi yakunlariga ko`ra, qo`shilgan qiymat solig`i to`lovchilari soni 5 barobarga ko`payib, 35 mingtaga etdi. Ushbu soliq orqali tushgan mablag`lar 5,2 trln. so`mni tashkil qildi va o`tgan yilning mos davriga nisbatan 2 barobarga oshdi.
Shu bilan birga, joriy yildan qo`shilgan qiymat solig`i to`loviga o`tgan 26 mingta yangi soliq to`lovchi sub`ektlarning 7,4 mingtasi hisobotlarini nol va 5,5 mingtasi manfiy summada taqdim etgan.
Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida 4 aprel kuni 2019 yilning birinchi choragi yakunlari bo`yicha Davlat byudjetiga tushumlar va eksport prognozlari ijrosi natijadorligi hamda birinchi yarim yillik uchun belgilangan ko`rsatkichlarning so`zsiz bajarilishini ta`minlash yuzasidan o`tkazilgan videoselektor yig`ilishida qo`shilgan qiymat solig`ini hisoblashning samarali va sodda mexanizmlari ishlab chiqilmaganligi tanqid qilingan edi.
Ҳozirda qo`shilgan qiymat solig`i ma`murchiligini to`liq avtomatlashtirish va tadbirkorlik sub`ektlariga qulay raqobat sharoitini yaratish bo`yicha tegishli qaror loyihasini ishlab chiqish maqsadida jahon bankining ekspertlar guruhi bilan birgalikda ish olib borilmoqda.