Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

08.08.2017 19:36 Chop etish versiyasi

Qo‘qondan Andijonga elektropoyezd qatnay boshladi

Eng ulug‘, eng aziz ayyom – Vatanimiz mustaqilligining 26-yillik bayrami arafasida 8-avgust kuni Qo‘qon, Marg‘ilon va Andijon shaharlari o‘rtasida elektropoyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi.

Mamlakatimizda temir yo‘l transportini izchil rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilib, tizimda keng ko‘lamli islohotlar, ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda, yo‘lovchi va yuk tashish hajmi ortmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil 2-avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transporti xodimlari kunini nishonlash to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq joriy yildan boshlab avgust oyining birinchi yakshanbasi “O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transporti xodimlari kuni” deb e’lon qilingani ham sohaga bo‘lgan yuksak e’tiborning amaldagi ifodasi bo‘ldi.

Mamlakatimiz temir yo‘l tarmog‘ini modernizatsiya qilish, aholiga qulay, arzon va xavfsiz transport xizmati ko‘rsatish yo‘lida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Farg‘ona vodiysining yirik shaharlari o‘rtasida elektrichkalar harakati yo‘lga qo‘yilgani bu boradagi muhim qadamlardan bo‘ldi.

Davlatimiz rahbari joriy yil 22-23-iyun kunlari Farg‘ona viloyatiga tashrifi davomida Qo‘qon, Marg‘ilon va Andijon shaharlari o‘rtasida elektrichka qatnovini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriq bergan edi. O‘tgan qisqa muddatda Qo‘qon shahridan Andijon shahrigacha elektropoyezd qatnovini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha dastur tuzildi. Bu jarayonda yo‘llar mustahkamlandi, elektr ta’minoti masalasi hal qilindi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan ushbu yo‘nalishlar uchun 5 elektrichka modernizatsiya qilindi. Natijada transport vositalarining tashqi va ichki qiyofasi butunlay o‘zgardi. Vagonlarga konditsioner, zamonaviy o‘rindiqlar o‘rnatildi. Xorijdan yana 10 elektropoyezd keltirish rejalashtirilgan. Har bir elektrichka 6 vagondan iborat.

Qayd etilishicha, birinchi sinov muddatida qatnaydigan poyezdlar yengil avtomobilga nisbatan 40 daqiqa tezroq manzilga yetib bormoqda. Poyezd soatiga 120 kilometr tezlikda harakatlanadi. Bag‘dod, Oltiariq tumani, Marg‘ilon shahri, Quva tumani va Asaka shahriga to‘xtab o‘tadi.

– Shaharlarimiz orasida zamonaviy elektropoyezd qatnovi yo‘lga qo‘yilgani mustaqilligimizning 26-yillik bayramiga ajoyib sovg‘a bo‘ldi, – deydi Qo‘qon shahridan Yorqinjon ota Qayumov. – Xalqimizga katta imkoniyatlar yaratildi, uzog‘i yaqin bo‘ldi. Endi ortiqcha ovoragarchiliklar bo‘lmaydi. Bu inson manfaatlarini ta’minlashga bo‘lgan yuksak e’tibor namunasidir. Biz, qo‘qonlik keksalar poyezdda Marg‘ilon va Andijon shaharlariga borib, o‘zgarishlarni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rish, ziyorat qilishni niyat qildik.

Elektropoyezd qatnovi yo‘lga qo‘yilishi munosabati bilan Qo‘qon temir yo‘l vokzalida tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Unda so‘zga chiqqanlar ushbu yangi temir yo‘l yo‘nalishi xalqimizning turmush darajasi va sifatini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA
3 641






Все о погоде - Pogoda.uz