Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

09.08.2017 19:58 Chop etish versiyasi

Qishloqda yangi korxona

Qishloqda yangi korxona Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida faoliyat ko‘rsatayotgan “Dilrabo SDA tekstil” ko‘p tarmoqli xususiy savdo ishlab chiqarish firmasi Bekobod qishlog‘ida yangi korxonani ishga tushirdi.

Davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, tadbirkorlar, mehnat faxriylari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan korxonaning ochilish marosimida Prezidentimiz rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, sanoat, xususan, eksport o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

Trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Dilrabo SDA tekstil” korxonasi rahbari M.Sodiqova 100 million so‘mlik bank kreditidan foydalangan holda, 2004-yilda viloyatda birinchilardan bo‘lib Yaponiyadan 100 ga yaqin zamonaviy tikuv dastgohi keltirib ish boshlagan. O‘tgan davr mobaynida korxonaga 80 ming dollar miqdorida sarmoya yo‘naltirilib, ishlab chiqarish xorij texnologiyalari asosida modernizatsiya qilindi. Dastlab 30 ishchi bilan faoliyat boshlagan korxonada bugun 350 dan ziyod doimiy ish o‘rni mavjud. 2009-yilda Moskva shahrida korxonaning “Dilrabo-M” maxsus savdo uyi ochilishi uning eksport salohiyatini yanada oshirdi. 2016-yilda qariyb 300 ming dollarlik mahsulot Rossiya bozorlariga chiqarilgan bo‘lsa, joriy yilning birinchi choragida bu ko‘rsatkich 272 ming dollardan oshdi.

Korxonaning iqtisodiy salohiyati yildan-yilga mustahkamlanib, yangi loyihalarni ro‘yobga chiqarish imkoniyati kengaymoqda. To‘raqo‘rg‘on tumanining Bekobod qishlog‘ida barpo etilgan yangi korxona ana shu sa’y-harakatlar samarasidir. Tadbirkor qishloqda foydalanilmay turgan eski binoni nol qiymatda o‘z tasarrufiga olib, 1 milliard 200 million so‘m sarmoya kiritdi. Bino rekonstruksiya qilinib, zamonaviy dastgohlar keltirib o‘rnatildi.

Oyiga 45 ming dona mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega korxonada 200 kishi ish bilan ta’minlandi. Ularning aksariyati kasb-hunar kollejini bitirgan yosh mutaxassislardir.

– Eng ulug‘, eng aziz bayramimiz oldidan qo‘shimcha yangi uskunalar keltirishni rejalashtirganmiz, – deydi M.Sodiqova. – Bu yana 150 ish o‘rni yaratish imkonini beradi. Korxonamiz mahsulotlari 100 foiz eksport qilinadi. Joriy yil yakuniga qadar 500 ming dollarlik mahsulotni eksport qilish rejalashtirilgan.

Ishtirokchilar yangi korxona faoliyati, ishlab chiqarish jarayonlari, ishchilarga yaratilgan mehnat va boshqa ijtimoiy sharoitlar bilan tanishdi.

Tadbirda Namangan viloyati hokimi X.Bozorov so‘zga chiqdi.

Akramjon Sattorov, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA
3 565






Все о погоде - Pogoda.uz