O‘zA O`zbek

29.09.2019 Chop etish versiyasi

Qashqadaryo investitsiya forumida 300 million dollarga yaqin shartnomalar imzolandi

Qashqadaryo investitsiya forumida 300 million dollarga yaqin shartnomalar imzolandi

Shahrisabz shahrida 27-28-sentyabr kunlari oʻtkazilgan Qashqadaryo Investitsiya forumi 30 dan ortiq mamlakatdan 160 dan ziyod ishbilarmon doira vakillari ishtirok etdi.

Forum davomida 11 ta hujjat imzolanib, umumiy qiymati 276 million dollarlik qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirish boʻyicha dastlabki kelishuvlarga erishildi. Xususan, Hindistonning NTPS kompaniyasi bilan Chiroqchi tumanida “Quyosh elektrostansiyasi qurish”, (80 million dollar), Polshaning “Elkyu” kompaniyasi Muborak tumanida “Quyosh elektrostansiyasi qurish” (100 million dollar), Eronning “Poya Polimer” kompaniyasi bilan “Gʻuzor tumanida tomchilatib sugʻorish tizimlarini ishlab chiqarish” (10 million dollar), Turkiyaning “Akansu grup” korxonasi bilan Koson tumanida “Polietelindan quvurlar ishlab chiqarish” (15 million dollar), Pokiston Islom Respublikasining “Mega Injenering Vorks” korxonasi bilan hamkorlikda Qarshi shahrida “Gugurt ishlab chiqarish” kabi loyihalar boʻyicha memorandumlar imzolandi.

Forum doirasida 27-sentyabr kuni jurnalistlar va blogerlar ishtirokida matbuot anjumani oʻtkazilib, tadbir doirasida viloyatning investitsiya jozibadorligi, tadbir dasturi, xorijiy hamkorlarga taklif etilayotgan investitsiya loyihalari hamda xorijiy investorlarga yaratilayotgan sharoitlar haqida batafsil maʼlumot berildi.

– Xalqaro biznes forum yuqori saviyada tashkil etilgan, – deydi “Global Biznes Promoshn Grup” kompaniyasi vakili Vardenski Marek. – Ayniqsa, bu kabi xalqaro forumning Shahrisabzdek goʻzal shaharda tashkil etilgani katta taassurot qoldirdi. Buning uchun tashkilotchilardan juda minnatdormiz. Aytish joizki, mamlakatingiz bilan chorvachilik sohasida bir necha yillardan buyon hamkorlik qilamiz. Masalan joriy yilda ham yirik shoxli naslli chorva mollari olib kelish boʻyicha yirik loyihalarni amalga oshirmoqdamiz. Goʻshtni qayta ishlash texnologiyalarini olib kelish esa loyihamizning keyingi bosqichi sanaladi. Bugun forumda mana shu masalani muhokama qildik va dastlabki kelishuvlarga erishdik. Bundan juda xursandmiz. Oʻylaymizki hamkorligimiz bardavom boʻladi.

Janubiy Koreyaning “Xanbek” kompaniyasi vakillari esa viloyatda yetishtirilayotgan sarxil mevalar bilan qiziqdi. Xususan ular dastlabki ishni anor eksportidan boshlamoqchi.

– Bilamizki, Qashqadaryo viloyatida yetishtirilgan mevalar oʻzining betakror taʼmi va sifati bilan ajralib turadi, – deydi “Xanbek” kompaniyasi vakili Kan Chje Kvon. – Rostdan ularni tatib koʻrgan kishi hech oʻylamay shunday xulosaga kelishi tabiiy. Koreyada bunday mevalarni sevib isteʼmol qilishadi. Shu bois bugungi forumda anor eksporti boʻyicha 10 million dollarlik shartnoma imzoladik. Loyihamizni amaliyotga toʻliq tadbiq etgandan keyin olcha eksportini ham yoʻlga qoʻyishni rejalashtirganmiz. Manfaatli bu hamkorlikdan juda mamnunmiz.

Bundan tashqari forumda Dehqonobod tumani gilamchilik sanati alohida taqdimot qilindi. Qoʻy va echki junidan tayyorlangan tabiiy gilamlar xorijliklarning eʼtiborini tortdi.

Tadbir doirasida Oqsaroy maydoni boʻylab, viloyatdagi tuman va shaharlarning investitsiya salohiyati aks etgan koʻrgazma pavilyonlari tashkil etilib, ishtirokchilar viloyatning ishlab chiqarish salohiyati, istiqbolli loyihalar taqdimotlari bilan tanishdi. Shu bilan birga mazkur pavilyonlarda vohaning qadimiy urf-odatlari, hunarmandchilik, milliy sanat va qadriyatlari aks etgan ekspozitsiya tashkil etildi.

Xalqaro biznes forumning ikkinchi kuni xorijlik investorlar ishtirokida forumning rasmiy ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda viloyat hokimi Zafar Roʻziyev mehmonlarni tantanali marosim bilan qutlab, oʻzaro manfaatli hamkorlikdan xursand ekanligini taʼkidladi. Rasmiy uchrashuv davomida koʻplab shartnomalar imzolandi.

Biznes forumda turkiyalik sarmoyadorlar ham faol ishtirok etdi.

– Bugungi forum biz uchun ham samarali boʻldi, – deydi Turkiyadagi “Sade” kompaniyasi rahbari Kaya Aynaji. –Kelajakda Chiroqchi tumanida 3 ming gektarlik klaster tashkil etib, bugʻdoy yetishtirishni va olingan hosilni qayta ishlab, undan un va makaron mahsuloti ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻymoqchimiz. Boisi kompaniyamiz ushbu yoʻnalishda uzoq yillik tajribaga ega. Bugun mana shu loyiha boʻyicha tuman hokimligi bilan kelishuvga erishdik. Nasib etsa hujjatlarni rasmiylashtirish yakunlangach ishlarni boshlab yuboramiz.

Oqsaroy majmuasi yonida B2B usulida xorijlik ishbilarmonlar bilan mahalliy tadbirkorlar ishtirokida yuzma-yuz muzokaralar boʻlib oʻtdi. Bir qator samarali bitimlar imzolandi. Bitimlarning asosiy qismini sanoat, qishloq xoʻjaligi va ijtimoiy sohalar tashkil etdi.

Forum davomida xorijlik mehmonlar koʻngilochar konsert dasturlari va oʻzbek milliy taomlaridan bahramand boʻldi. Shahrisabz shahrining diqqatga sazovor joylariga uyushtirilgan sayohat ham mehmonlarga xush kayfiyat ulashdi.

1 046
Oʻ. BAROTOV, J. NORQOBILOV (curat), OʻzA