O‘zA O`zbek

27.09.2019 Chop etish versiyasi

Qashqadaryo investitsiya forumi: yaxshi imkoniyat va yangi loyihalar namoyishi

Qashqadaryo investitsiya forumi: yaxshi imkoniyat va yangi loyihalar namoyishi

Shahrisabz shahrida 27-28 sentabr kunlari “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” Davlat dasturi doirasida “Qashqadaryo investitsiya forumi“ bo‘lib o‘tmoqda.

Investitsiya forumi Qashqadaryo viloyatining iqtisodiy-ijtimoiy va turizm salohiyati bilan xorijiy kompaniyalar hamda moliya-kredit institutlarini tanishtirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. 

Forumda Buyuk Britaniya, Germaniya, Rossiya, Italiya, Turkiya, Hindiston va boshqa bir qator iqtisodiy salohiyati yuqori bo‘lgan davlatlarning 150 dan ortiq kompaniyalari ishtirok etmoqda.

Forumning birinchi kunida chet el kompaniyalari va boshqa mehmonlarni tantanali kutib olish marosimlari bo‘lib o‘tdi. Mehmonlarga Shahrisabz shahrining tarixiy joylari namoyish qilindi. Ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Qashqadaryo viloyati hokimligi vakillari forum haqida va forumdan kutilayotgan natijalar bo‘yicha ma’lumot berdi.

Forum qatnashchilari va xorijiy mehmonlar sharafiga konsert dasturi namoyish etildi.

Qarshi shahrilik ishbilarmonlar forumning birinchi kunidayoq xorijlik sarmoyadorlar bilan hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

– Forum doirasida olib borilgan muzokaralar natijasida birinchi kunda umumiy qiymati 20 million dollarlik investitsiya shartnomalari imzolashga muvaffaq bo‘ldik, – deydi Qarshi shahar hokimining investitsiya masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Anvar Qobilov. – Bu loyihalar Qozog‘iston va Pokiston davlatlari bilan gugurt ishlab chiqarish va junni qayta ishlash kabi hamkorlikdagi loyihalar hisoblanadi. Mazkur loyihalar 2019-2020 yillarda amalga oshiriladi. Biznes forumning keyingi kunlarida ham xorijlik tadbirkorlar bilan o‘zaro savdo ayirboshlash, madaniy-turistik aloqalar bo‘yicha hamkorlik qilishni rejalashtirmoqdamiz.

Investitsiya forumi davom etmoqda.

867
O‘.BAROTOV, O‘zA