O‘zA O`zbek

24.01.2019 Chop etish versiyasi

Qalampir sotishni eplash va bugʻdoydan 100 sentner hosil olishning siri

U fermer xoʻjaligi tashkil etganiga unchalik koʻp boʻlmagan boʻlsa-da, bir qator yangiliklarga “qoʻl urdi”. Sholi orasida baliq yetishtirish deysizmi, qalampirdan moʻl hosil olish, hatto uni yuqori narxda sotishni ham epladi.

photo5296252309208148474.jpgShu kunlarda bu omilkor insonni “yutuqlari siri” bilan koʻplab mulkdorlar qiziqmoqda. Balki, bunday tajriba almashish fermer va dehqonlarni yerdan yanada unumli va samarali foydalanish imkoniyatini oshirar, yana kim biladi deysiz.

Otabek Qurbonov oʻzi erishayotgan yutuqlarga dunyo tajribasini kuzatib borishini, yangiliklarni faoliyatida sinab koʻrishdan qoʻrqmasligini sabab qilib koʻrsatmoqda.

– Doim internet orqali dunyoda roʻy berayotgan qishloq xoʻjaligi yangiliklari va yutuqlarni kuzatib boraman, – deydi Xorazm viloyatining Yangibozor tumanidagi “Xorazm faxri” fermer xoʻjaligi rahbari Otabek Qurbonov. –Oʻtgan yili gʻalla yetishtirish boʻyicha dunyo rekordi Angliyada oʻrnatilgan. Bir gektarga 80 kilogramm urugʻ ekib, har gektardan 168 sentner hosil yigʻib olingan. Bunday moʻl hosil bu davlatlarda har yili yetishtiriladi. Ularga havas qilib, oʻtgan yili 20 gektardan koʻproq maydonda 125 kilogramm urugʻ qadab, 100 sentnerdan oshirib hosil oldik.

Baʼzi maʼlumotlarga koʻra, yurtimiz mulkdorlari har gektar uchun 300 kilogramm urugʻ sarflashar ekan. Buni sababini fermerdan soʻraganimizda u “bizni fermerlarimiz boy-da” dedi kulib, soʻngra tushuntirdi “ekin ekiladigan yerlarimiz notekis, undan keyin ekish jarayonida aniqlik boʻlmagani bois urugʻlik yoʻqotiladi. Baʼzida urugʻning sifati haminqadar boʻladi, agrotexnikani bajarishda ham hosilni boy beramiz. Shu tariqa koʻp urugʻ sarflab, kam hosil olamiz” dedi kuyunib.

Ana shunday kamchiliklarni bartaraf etish uchun mulkdor 70 gektardan ortiqroq maydonda lazerli tekislash yumushini bajardi. Bunda yer yuzasi bir tekis boʻlib, sugʻorish ham ancha osonlashdi. Suv sarfi ham kamaydi. Xoʻjalik urugʻchilikka ixtisoslashgani uchun urugʻlik ham shu yerni oʻzida tayyorlandi. Germaniyadan olib kelingan ekish seyalkasi esa urugʻni bir xil tekislikda va aniqlik bilan ekilishini taʼminladi. Mahalliy oʻgʻitdan ham keng va samarali foydalanildi.

– Bu yilgi hosil uchun kuzda 140 kilogramm urugʻ qadadik, – deydi fermer. – Rejamiz gektariga 110 sentnerdan oshirish. Soha olimlari bilan gaplashsam, ular gektaridan 200 sentergacha hosil olish mumkinligini aytmoqda. Balki, kelgusida Angliyadagi fermerlar oʻrnatgan rekordni yangilarmiz.

Otasini fermer xoʻjaligida bir necha yil mehnat qilib, oʻzi mustaqil boʻlganiga endigina uch yil boʻlgan O.Qurbonov oʻtgan yili toʻrt gektarda achchiq qalampir yetishtirdi.

– Birinchi yil boʻlgani uchun, bir oz qiyin boʻldi, koʻplab fermerlarimizning qalampir yetishtirishdan koʻngli sovudi, – deydi fermer. – Lekin, ekinni foyda zararini bir yilda bilib boʻlmaydi. Bilganim esa sotish qiyinroq boʻlgan boʻlsa-da, achchiq qalampir yetishtirish paxta yetishtirishdan koʻra ancha foydali ekan. Faqat uni terib olishda bir oz qiynaldik. Chunki, qalampir pishgan vaqt paxta terimiga toʻgʻri keldi. Har kilo terilgan qalampir uchun bir yarim ming soʻmdan toʻladik. Yigʻilgan hosilni esa hoʻlligida 3,5 ming soʻmdan sotdik. Hozirda ozroq quritilgan qalampirimiz ham bor, uni har kilosini eksport qilish uchun ikki dollardan toʻlaydigan xaridorimiz tayyor. Kelgusi yili qalampir eksak, juda yaxshi foyda qilishimni yaxshi bilaman.

Ha, xalqimiz orasida bejizga “Qalovini topsa, qor ham yonadi”, degan ibora ishlatilmaydi. Mulkdor oʻz tajribasini qishloq xoʻjaligining har bir yoʻnalishida sinab koʻrmoqda. Xususan, sholi-baliq texnologiyasi ham shu xoʻjalikda tajriba qilib koʻrilgan edi.

Bu qanday tajriba ekan, deb qiziqayotgandirsiz? Sholi maydonlarida baliq parvarishlash usuli janubiy-sharqiy Osiyoda keng ommalashgan. Buning sholiga ham baliqqa ham foydali jihatlari koʻp. Misol uchun baliqlar yordamida sholi hosili sezilarli oshsa, ular tuproq unumdorligini oshirib zararkunandalarni yoʻq qiladi. Chiqindisi esa sholi uchun juda yaxshi oʻgʻit vazifasini oʻtaydi. Ular turli zararkunanda oʻtlar ildizini, hasharotlarni ularni urugʻlarini yeydi va bunda sholi hosil dorligi oshadi. Mutaxassislar fikriga qaraganda, bu usul serdaromad va qulaydir.

– Sholi 7-10 santimetr boʻy choʻzgach, sholizorga baliqlarning “Doʻngpeshona”, “Oq amur”, “Sazan” turiga mansub chavoqlarni tashladik, – deydi Otabek Qurbonov. – 200 gramm baliq chavogʻi 75 kunda 1,5 kilogramm tosh bosdi. Buning yana bir afzalligi baliqlar sholidagi hasharotlar hamda yovvoyi oʻsimliklarni isteʼmol qiladi. Natijada kimyoviy preparatlarga sarflanadigan mablagʻni ham tejab qoldik.

Hisob-kitoblarga koʻra, bir gektar maydonda sholi va baliq yetishtirish uchun yerni tekislash, urugʻlik hamda chavoq sotib olish, mineral oʻgʻitlar va omixta yemga taxminan 12 million soʻm atrofida mablagʻ sarflanarkan. Parvarish hamda oziqlantirish shartlariga rioya etilsa, 7-8 tonna sholi, 1,5-2 tonna baliq yetishtirish mumkin. Sakkiz tonna sholidan 4 tonna guruch olib, uning har kilogrammini oʻrtacha 6000 soʻmdan hisoblasak, 24 million soʻm boʻladi. 1,5 tonna baliq esa oʻrtacha 15-20 ming boʻlsa bir gektar yerdan koʻriladigan sof foydani hisoblab, olish qiyin boʻlmasa kerak. Agarda birinchi ekin sifatida lazer ekilsa, uning narxi hozirda bozorlarimizda 10 mingdan kam emasligini hamma biladi. Ana, sizga haqiqiy tadbirkorning ish tutumi!

Izlanishdan tolmaydigan fermer joriy yilda yana bir yangilikni sinab koʻrmoqchi. Sholi-baliq maydonlarini 10 gektarga yetkazish barobarida takroriy ekin sifatida gʻalla-sholi koʻchati-baliq yetishtirmoqchi.



6 151
Sayyora Shoyeva, OʻzA