O‘zA O`zbek

26.09.2018 Chop etish versiyasi

Prezident Shavkat Mirziyoyevning davlat tashrifi arafasida Dehli shahrida “Oʻzbekiston-Hindiston: madaniyatlar muloqoti” media-iventi boʻlib oʻtdi

Prezident Shavkat Mirziyoyevning davlat tashrifi arafasida Dehli shahrida “Oʻzbekiston-Hindiston: madaniyatlar muloqoti” media-iventi boʻlib oʻtdi

Oʻzbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, mamlakatimizning Hindistondagi elchixonasi hamkorligi va “Eriell” kompaniyasi homiylik koʻmagida tashkil etilgan media-ivent dasturi doirasida Markaziy va Janubiy Osiyoning ikki yirik davlati xalqlari oʻrtasidagi madaniy-maʼrifiy hamkorlik mavzusiga bagʻishlangan turkum tadbirlar boʻlib oʻtdi.

25 sentyabr kuni Hindiston Milliy muzeyida ochilgan “Oʻzbekiston-Hindiston: madaniyatlar muloqoti” koʻrgazmasi ushbu mamlakat jamoatchiligida katta qiziqish uygʻotdi.

Oʻzbekiston Oliy Majlisi Senati raisining birinchi oʻrinbosari S.Safoyev, mamlakatimizning Hindistondagi Favqulodda va muxtor elchisi F.Arziyev, Hindiston madaniyat vazirining oʻrinbosari A.Goel, Hindiston Milliy muzeyi direktori B.Mani va boshqalar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Hindistonga davlat tashrifi ikki mamlakat oʻrtasidagi koʻpqirrali azaliy hamkorlikni yangi bosqichga koʻtarishda yangi istiqbollar ochishini taʼkidladi. Milliy muzeyda ochilgan va bir oy davom etadigan qoʻshma koʻrgazma Hindistonda oʻzbek xalqining boy madaniy-maʼrifiy merosi haqida yanada keng va chuqur tasavvur shakllanishiga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

Koʻrgazmaning ochilish marosimida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, turli yoʻnalishlar, jumladan, madaniy-maʼrifiy sohada samarali xalqaro hamkorlik qilish uchun yaratilayotgan yangi imkoniyatlar haqida hujjatli film namoyish etildi.

– Bugun har bir soha vakillari Oʻzbekistondagi hamkorlari bilan yangi loyihalarni hayotga tatbiq qilishga intilishmoqda, – deydi Hindiston Milliy muzeyi ilmiy xodimi Katibur Rahmon. – Biz ham ushbu koʻrgazmani tashkil qilganimizdan mamnunmiz. Muzeyimizda saqlanayotgan hamda oʻzbek xalqi davlatchiligi tarixi, boy madaniy merosi bilan bogʻliq eksponatlar, Xudo Baxsh va Rampur Raza kutubxonalaridagi noyob qoʻlyozmalarning asl nusxalari, shuningdek, Oʻzbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasining “Oʻzbekiston madaniy merosi mamlakatlar va xalqlar oʻrtasidagi muloqotga yoʻl” loyihasi doirasida chop etilgan turkum kitoblar koʻrgazma eksponatlarini tashkil qildi.

Mamlakatimizning Hindistondagi elchixonasida boʻlib oʻtgan rasmiy qabul marosimida ham oʻzaro madaniy-maʼrifiy aloqalarni rivojlantirish istiqbollari haqida soʻz ketdi. Ikki davlat rasmiy va akademik doiralari vakillari Hindistonning turli muzey va kutubxonalarida saqlanayotgan va xalqlarimiz rishtalarini bogʻlab turgan koʻplab noyob hujjatlarni birgalikda tadqiq qilish, keng jamoatchilik eʼtiboriga havola qilish masalalariga eʼtiborni qaratdi.
- Kutubxonamizda oʻzbek xalqining madaniy merosiga oid 200 dan ortiq qoʻlyozma saqlanmoqda, - deydi Xudo Baxsh kutubxonasi direktori vazifasini bajaruvchi Robert Chongtu. – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Hindistonga davlat tashrifi arafasida biz mazkur asarlar katalogini chop etdik.

photo6152055123103295545.jpg

- Kutubxonamizda Bobur devonining noyob qoʻlyozma nusxasi saqlanmoqda, - deydi Rampur Raza kutubxonasi direktori, professor Sayid Hasan Abbos. - Hind xalqi uchun mazkur qoʻlzyomaning ahamiyati shundaki, unda Bobur tomonidan hind tilidagi soʻzlar ishlatilgan. Masalan, “roti“ (non) va “pani“ (suv) soʻzlari. Qoʻlyozma sahifalarida Bobur oʻz qoʻli bilan kiritgan tahrirlar mavjud. Ushbu tahrirlarning haqiqiyligi uning avlodlaridan biri - Jahongir tomonidan yozma tarzda tasdiqlangan. Oʻzbek xalqi madaniy merosi bilan bogʻliq barcha tarixiy qoʻlyozmalar va hujjatlarni oʻrganish uchun kutubxonamiz xodimlari birgalikdagi ishlarni yanada faollashtirishga tayyor.

“Madaniy meros - Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasidagi muloqot koʻprigi” mavzusidagi ilmiy seminarda ikki mamlakat taniqli olimlari oʻzaro hamkorlikni yanada mazmunan boyitish, yangi loyihalar ustida ishlash, ilmiy-maʼrifiy almashinuvni faollashtirish istiqbollarini muhokama qildi.

photo6149820159561410571.jpg

- “Oʻzbekiston madaniy merosi mamlakatlar va xalqlar oʻrtasidagi muloqotga yoʻl” loyihasi doirasida 13 boblik “Oʻzbekiston meʼmoriy epigrafikasi” (“Arxitekturnaya epigrafika Uzbekistana”) va 10 boblik “Oʻzbekiston madaniy merosi dunyo sanʼat xazinalarida” (“Kulturnoye naslediye Uzbekistana v sobraniyax mira”) nashrlari va boshqa qator kitoblar chop etildi, - deydi Oʻzbekiston elektron ommaviy axborot vositalari assotsiatsiyasi raisi Firdavs Abduxoliqov. – Hindistonlik hamkorlar bilan ushbu yoʻnalishda yangi nashrlar tayyorlashga, mazkur jarayonga ikki davlat olim va mutaxassislarini jalb qilish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.

Media-ivent doirasida, shuningdek, Dehlidagi Javaharlal Neru va Jamiya Milliya universitetlari, Hindiston islom madaniyati markazida boʻlib oʻtgan anjumanlarda ham hamkorlikning yangi yoʻnalishlari belgilab olindi.

4 299
OʻzA