Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

08.09.2017 21:07 Chop etish versiyasi

Poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz”da II xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi yakunlandi

Poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz”da II xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi yakunlandi O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirliklari, “O‘zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi, “O‘zbekoziqovqatzaxira” uyushmasi, “O‘zagroeksport” ixtisoslashtirilgan tashqi savdo kompaniyasi hamkorligida tashkil etilgan yarmarkada 350 dan ziyod xorijiy kompaniya vakillari qatnashdi.

Xalqaro yarmarka stendlarida mamlakatimizning yetakchi fermer xo‘jaliklari, tarmoq korxonalari tomonidan namoyish etilgan meva va sabzavotlar, quritilgan va qayta ishlangan mahsulotlar O‘zbekistonda mazkur sohadagi islohotlar berayotgan samaralarning amaliy namoyishi bo‘ldi.

– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida mamlakatimizda tashqi savdo ishtirokchilariga yaratilayotgan qulayliklar, meva-sabzavot mahsulotlari yetkazib berishni ham son, ham sifat jihatdan yaxshilash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijasida mazkur mahsulotlarni eksport qilish hajmi muttasil oshib bormoqda, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligining Samarqand viloyatidagi vakolatli vakili Najmiddin Sulaymonov. – Viloyatda so‘nggi bir oyda meva-sabzavot mahsulotlari eksporti qariyb 30 foizga oshgani bu boradagi imkoniyatlarimiz katta ekanidan dalolat beradi. Yarmarka davomida viloyatimizning 80 dan ortiq ishbilarmoni tomonidan 190 ming tonnadan ziyod mahsulot yetkazib berish bo‘yicha 130 million dollardan ortiq eksport bitimlari imzolangani bizni yangi marralar sari chorlaydi.

13.JPG

Yarmarkada ho‘l va quruq mevalar, sitruslar, sabzavotlar, poliz ekinlari, dukkakli o‘simliklar, yong‘oq, ziravorlar, ichimliklar, qadoqlash texnologiyalari, sovutish uskunalari, transport va logistikaga oid ko‘plab bo‘limlar ishladi. Mamlakatimizning barcha viloyatlaridan kelgan 150 dan ortiq kompaniya vakillari o‘z ekspozitsiyalarida ko‘plab turdagi meva-sabzavot mahsulotlarini namoyish qilib, o‘z xizmatlarini taklif etdi. Barcha hududlarning meva-sabzavotchilik sohasidagi salohiyatiga oid taqdimotlar o‘tkazildi.

Saxovatli zaminimiz in’om etayotgan meva-sabzavotlarning turli vitaminlarga boyligi ushbu mahsulotlarni qayta ishlab, tayyor mahsulot ishlab chiqarayotgan korxonalarning ham jahon bozorlarida munosib o‘rin egallashida muhim omil bo‘lmoqda. «Marwin Brands» korxonasining (Toshkent viloyati) «Dena», «Like» singari brend ostida ishlab chiqarayotgan tabiiy sharbatlari bugun nainki mamlakatimiz, balki Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston aholisining ham sevimli ichimliklari qatoridan joy olishida ana shu xususiyatlarning o‘rni alohida e’tirof etiladi.

Korxona menejeri Ravshan Boymatovning ta’kidlashicha, kompaniya qo‘shni mamlakatlar bilan cheklanmay, Janubiy Afrika Respublikasi hamda Birlashgan Arab Amirliklariga ham mahsulot yetkazib berishni yo‘lga qo‘ygan. Natijada joriy yilning o‘tgan davrida 1 million 400 ming dollarlik mahsulot xorijga eksport qilingan bo‘lsa, yarmarka davomida yangi shartnomalar imzolash bo‘yicha hamkorlar bilan kelishuvga erishilgan.

II xalqaro meva-sabzavot yarmarkasida AQSh, Rossiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Avstriya, Shvetsiya, Shveytsariya, Portugaliya, Ukraina, Belarus, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Singapur va boshqa mamlakatlar ishbilarmonlari qatnashgani chet el ishlab chiqaruvchilari hamda savdo kompaniyalarining O‘zbekiston bilan hamkorlikdan manfaatdorligi oshayotganini yana bir bor ko‘rsatdi.

42.JPG

Chet ellik qatnashchilarning fikricha, bunday samarali hamkorlik mamlakatimizda yaratilgan qulay investitsiya va ishbilarmonlik muhiti tufayli izchil rivojlanmoqda. O‘zbekistonda turli sohalar qatori agrar sanoatda faoliyat ko‘rsatayotgan chet ellik investor va sheriklar uchun qator soliq va bojxona imtiyozlari, boshqa preferensiyalar joriy etilgan bo‘lib, bu ularning mamlakatimizda muvaffaqiyatli biznes yuritishiga qulaylik yaratmoqda.

– Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi yuksak saviyada tashkil etilgani bilan ham e’tiborga loyiq, – deydi “MyWork” kompaniyasi vakili Alesh Vondrachek (Chexiya). – Yarmarka stendlarida namoyish etilayotgan mahsulotlar bilan tanishib, O‘zbekistonda meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash borasida ham katta tajriba to‘planganiga amin bo‘ldik. Yurtingiz tadbirkorlari bilan muzokaralar o‘tkazib, mamlakatingizda yetishtirilayotgan meva-sabzavotlarni xorijiy mamlakatlarga yetkazishga ko‘maklashish borasida aloqalarni yo‘lga qo‘yish istagidamiz.

Anjuman doirasida ishtirokchilar viloyatlardagi korxonalar, fermer xo‘jaliklari va bog‘larda bo‘lib, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar samaralari, meva-sabzavot yetishtirish, sifatli saqlash va qadoqlash tizimi, eksportga tayyorlash jarayoni bilan bevosita tanishdi.

14.JPG

Muxtasar aytganda, II xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi mamlakatimiz tadbirkorlari va chet ellik hamkorlar o‘rtasida muzokaralar o‘tkazish, tajriba almashish, o‘zaro hamkorlik istiqbollarini belgilash, shartnomalar imzolash, xorijiy investitsiyalarni jalb etish, jahon oziq-ovqat mahsulotlari bozorining yo‘nalishlari va rivojlanish istiqbollarini tahlil etish, O‘zbekistonning eksport salohiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.

Yarmarkaning yopilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari N.Otajonov so‘zga chiqdi.

Behzod Bozorov, Oqil G‘ulomov (surat), O‘zA
1 203






Все о погоде - Pogoda.uz