Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

05.12.2017 18:03 Chop etish versiyasi

Poytaxtimizda “FDIUZ” xalqaro biznes-forumi bo‘lib o‘tdi

Poytaxtimizda “FDIUZ” xalqaro biznes-forumi bo‘lib o‘tdi Poytaxtimizdagi “Hyatt Regency” mehmonxonasida 5-dekabr kuni mamlakatimizga xorijiy investitsiyalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri jalb qilishga bag‘ishlangan “FDIUZ” xalqaro biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi tomonidan RB Partners (Rossiya) va Globalscope (Buyuk Britaniya) xalqaro tashkilotlari hamkorligida tashkil etilgan tadbir mamlakatimizga xorijiy sarmoyalarni jalb qilishga oid xalqaro tajribalarni o‘rganish, biznes-jamoatchiligi vakillarining tarmoqlararo hamkorligini rivojlantirish, shuningdek, O‘zbekistonning investitsion jozibadorligini oshirishga qaratilgan loyihalar muhokamasiga bag‘ishlandi.

Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi A.Ahmadxo‘jayev va boshqalar 2017-2021-yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasi doirasida mamlakatimizda chet el investitsiyalarining kirib kelishini rag‘batlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Milliy iqtisodiyotni rivojlantirish va uning jahon iqtisodiyoti tizimiga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlashda sarmoyadorlarning moliyaviy va boshqa resurslarini maqsadli yo‘naltirish, ulardan oqilona foydalanish hamda ilg‘or texnologiyalarni amaliyotga keng joriy etish muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.

Tadbirda vazirlik va idoralar, investitsiya, iqtisodiyot va huquq sohasidagi yetakchi xorijiy va mahalliy mutaxassislar, ilmiy-tadqiqot va tahlil markazlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari qatnashdi. Unda mamlakatimizga sarmoyadorlarni jalb qilishning ilg‘or vositalari va imkoniyatlari, iqtisodiyotni liberallashtirishning istiqboldagi ustuvor yo‘nalishlari kabi muhim masalalar yuzasidan fikr almashildi. “Globalscope International M&A Association” xalqaro moliya uyushmasi, “Strategy Partners Group”, “RB Partners Group&Globalscope”, “Islamic Corporation for the Development of Private Sector” kabi xalqaro kompaniya rahbarlarining davlat korxonalariga investitsiya kiritishni rag‘batlantirish, davlat-xususiy sheriklik mexanizmi, sarmoyadorlarni jalb qilishda strategik yondashuvni ishlab chiqish masalalariga bag‘ishlangan ma’ruzalari tinglandi.

10 (1).JPG

– O‘zbekistonning keyingi besh yillik istiqbolini belgilab bergan Harakatlar strategiyasida davlat va jamiyat hayotini isloh qilishning barcha jabhalari qamrab olingan, – deydi “Strategy Partners Group” direktorlar kengashi raisi Aleksandr Idrisov. – Ularning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi bevosita mavjud imkoniyatlar va sarmoyalardan samarali foydalanishga bog‘liq. Bugungi forum mamlakatingizda investitsiya dasturlarini ishlab chiqish, tarmoqlar va mamlakat mintaqalarini rivojlantirishga qaratilgan uzoq muddatli dasturlarning joriy holatini tahlil etish imkonini berdi.

Mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, sohaning huquqiy bazasini jahon standartlari darajasida takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xalqaro tashkilotlar tomonidan ham e’tirof etilmoqda. Jumladan, Jahon banki tomonidan tuzilgan “Doing business – 2018” reytingida O‘zbekiston 13 pog‘ona ko‘tarilib, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash bo‘yicha dunyoning yetakchi mamlakatlari o‘ntaligiga kiritildi.

Anjuman ishtirokchilari chel el investorlari va xalqaro moliya institutlarini O‘zbekistonda yaratilgan qulay investitsiya muhiti haqida xabardor qilishni tashkil etish, korxonalarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash borasidagi ishlar jadal tus olganini alohida qayd etdi.

Dunyoning eng yaxshi huquqshunoslik firmalari o‘ntaligiga kiruvchi “Baker McKenzie” kompaniyalar xizmatlarini birlashtirish, oldi-sotdi shartnomalari, biznesda soliq tizimi faoliyatini yuritish bo‘yicha xalqaro darajadagi xizmatlar ko‘rsatadi. Mazkur kompaniya vakili Maks Gutbrod ma’ruza qildi va biznesda boshqaruvni sotib olish, kompaniyani qayta tuzish, moliyaviy sharoitlarda korxonaning to‘lov qobiliyatini oshirish kabi yo‘nalishlardagi ilg‘or tajribalar haqida ma’lumot berdi.

Tadbirda kichik va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy infratuzilma loyihalarini amalga oshirishda chet el investitsiyalarining o‘rni, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, iqtisodiyotni erkinlashtirishning joriy holatiga oid masalalar muhokama qilindi.

Ulug‘bek Shonazarov, Otabek Mirsoatov (surat), O‘zA
3 699