O‘zA O`zbek

26.04.2020 Chop etish versiyasi

Plastik kartangiz yoʻqoldimi? Uyda qoling, plastik karta uyingizga boradi

Plastik kartangiz yoʻqoldimi? Uyda qoling, plastik karta uyingizga boradi

Koronavirusning naqd pullar orqali ham yuqish ehtimoli yuqori ekani haqida koʻp aytilmoqda. Bunday vaziyatda bank plastik kartasidan foydalanish juda qulay. Ammo plastik kartangiz yoʻqolgan, muddati tugagan yoki blokka tushib qolgan boʻlsachi?

“Ipoteka-bank” ATIB bu borada oʻz mijozlariga qator qulayliklar yaratmoqda.

– Bank plastik kartasini yoʻqotgan, muddati tugagan yoki tugayotgan, blokka tushib qolgan mijozlarimiz bankning “Ipoteka mobile” nomli mobil ilovasi yoki 78 150-11-22 telefon raqamli “Call-center” orqali bizga ariza qoldirishi mumkin, – deydi “Ipoteka-bank” ATIB Mehnat filiali xodimi Islom Ubaydullayev. – Mijozlarning arizalari qisqa muddatda oʻrganib chiqilib, bank plastik kartalari 1-1,5 bank ish kunida tayyor boʻlmoqda. Alohida taʼkidlash joizki, murojaatchi bankka kelishi shart boʻlmaydi. Tayyor boʻlgan plastik kartalar karantin qoidalariga toʻliq rioya etilgan holda mijozlar uyiga yetkazib berilmoqda. Bu chora-tadbirlar bankda koʻpchilik toʻplanishining, navbatlarning oldini olish, keksalarni ovora qilmaslik maqsadida amalga oshirilmoqda.

Albatta mijozlar ham yaratilgan qulayliklardan mamnun.

– Pul eng faol infeksiya tarqatishi haqida shifokorlar koʻp taʼkidlashmoqda, – deydi Toshkent shahrida yashovchi fuqaro Mahfuza Shermuhammedova. – Naqd pulda nafaqat koronavirus, boshqa kasalliklarni qoʻzgʻovchi mikroblar ham istagancha topiladi. Qolaversa, koronavirus koʻzga koʻrinmas narsa boʻlsa, pul tarqatayotgan bank xodimi tasodifan virus yuqtirib olib, fuqarolarga xavf tugʻdirishi ham hech gap emas. Shu boisdan, men bank plastik kartadan foydalanishni afzal bilaman. Yaqinda plastik kartamni yoʻqotib qoʻygan edim. “Ipoteka-bank”ka qoʻngʻiroq qildim. Murojaatimni oʻrganib chiqib, ikki kunda uyimizga bank xodimlari kelib, kartamni topshirib ketdi. Bu kabi sharoitlarni yaratgani uchun “Ipoteka-bank” xodimlariga rahmat.

Shu oʻrinda haqli savol tugʻiladi. Bu kabi qulayliklar “Ipoteka-bank”ning uzoq tuman va shaharlardagi filiallarida ham amalga oshiriladimi?

– Mijozlarimizga qulaylik yaratish maqsadida Oʻzbekiston hududida joylashgan tashkilot xodimlarining bank plastik kartasi yoʻqolsa, muddati tugasa yoki blokka tushib qolsa, yuqorida aytib oʻtilganidek, bankning mobil ilovasi yoki qoʻngʻiroq orqali ushbu xizmatni amalga oshirishi mumkin, – deydi “Ipoteka-bank” ATIB Chakana xizmatlar departamenti direktori Dilshod Qutliyev. – Qabul qilinayotgan murojaat boʻyicha barcha filiallarimizda xodimlarimiz bir xil tartib asosida ishlarni bajaradi. Bu murojaatchi oʻziga xizmat koʻrsatuvchi bankiga kelishi shart emasligini anglatadi.

Yana bir maʼlumot, agar bank kartangizni yoʻqotib qoʻysangiz, uni blokka qoʻyish uchun bankka murojaat qilishingiz shart emas. Bankning “Ipoteka mobile” mobil ilovasi bilan kartangizni bir lahzada bloklash imkoningiz bor. Buning uchun mobil ilovaning kartalar qismiga kirib, tegishli bank kartasi ustidagi qulf belgisini bosishingiz kifoya. Shundan keyin, sizga kartangiz bloklangani haqida sms-xabar keladi. “Ipoteka mobile” mobil ilovasi orqali kartangizni qulay, oson va xavfsiz boshqaring.

Reklama huquqi asosida

13 989
Sh.Mamaturopova, OʻzA