O‘zA O`zbek

14.03.2019 16:15 Chop etish versiyasi

PEFA: O‘zbekiston barqaror va samarador davlat budjetiga ega

PEFA: O‘zbekiston barqaror va samarador davlat budjetiga ega

Toshkentda 14 mart kuni Jahon banki va Yevropa Ittifoqi ko‘magida olib borilgan O‘zbekistonda davlat xarajatlari va moliyaviy hisobdorlik (PEFA)ni baholash natijalari taqdimoti o‘tkazildi.

Tadbirda tegishli vazirlik va idoralar, Jahon banki, Yevropa Ittifoqi ekspertlari ishtirok etdi.

PEFA ko‘magida davlat mablag‘larini boshqarish samaradorligining puxta, izchil va aniq ma’lumotlarga asoslangan tahlili amalga oshiriladi. Hozirgi kunga qadar 150 mamlakatda xalqaro standartlar va ilg‘or tajribalar asosida 600 dan ortiq ana shunday baholash o‘tkazilgan.

Mamlakatimizda davlat xarajatlari va moliyaviy hisobdorlik bo‘yicha olib borilgan tahlillar sohada taraqqiyot ko‘rsatkichlarini baholash va mavjud to‘siqlarni aniqlash imkonini berishi bilan ahamiyatli.

O‘zbekistonda bunday o‘rganish ilk bor 2012 yilda olib borilgan. Jahon banki va Yevropa Ittifoqi ekspertlari 2018 yil sentabr oyidan joriy yil yanvariga qadar navbatdagi baholashni o‘tkazdi.

Taqdimotda baholash natijalari e’lon qilindi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston barqaror va samarador davlat budjetiga ega. Shunga qaramay, mamlakatimiz oldida davlat aktivlari va majburiyatlarini boshqarishni yaxshilash, o‘rta muddatli budjetni rivojlantirish, fiskal strategiyani ishlab chiqish, davlat mablag‘lari xarajatlari ochiqligini ta’minlovchi ishlarni davom ettirish vazifalari turibdi. Bundan tashqari, hisob-kitob va audit sohasida xalqaro standartlarni joriy qilish zarurati ham bor.

– O‘zbekistonda 2017 yilda boshlangan islohotlar o‘z samarasini bera boshladi, – dedi Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari Eduards Stiprays. – Buni PEFAning baholash natijalari ham ko‘rsatib turibdi. Ya’ni 2012 yilgi ko‘rsatkichlar bilan solishtirganda, O‘zbekistonda yuqori o‘sish sur’atlariga erishilgan.

Tadbirda Jahon bankining mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari Xideki Mori baholash natijalari davlat mablag‘larini boshqarishning yanada samarali tizimini yaratish, davlat budjetining ochiqligi esa investitsiyaviy jozibadorlikni oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

O‘zbekistonda PEFAning joriy baholash natijalari mamlakatimizning 2018-2025 yillarga mo‘ljallangan Davlat mablag‘larini boshqarishni isloh qilish strategiyasini yangilashda qo‘llaniladi.

Malohat Husanova, O‘zA
1 328