O‘zA O`zbek

25.09.2018 Chop etish versiyasi

Paxtachilikda klaster – yuqori daromad manbai

Paxtachilikda klaster – yuqori daromad manbai Joriy yilda Surxondaryo viloyatining Angor tumanidagi “Angor Surxon Gʻururi” masʼuliyati cheklangan jamiyati birinchi martaklaster usulida paxta xomashyosi yetishtirdi.

Tadbirkorlarning viloyatda hosilni parvarishlashdan tortib, tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha boʻlgan bosqichni oʻz ichiga qamrab olgan yangi loyihani amalga oshirishi uchun oʻtgan yil kuzda tumandagi “Sharof Rashidov”, “Qorasuv” va “Navshahar” massivlaridan hosildorligi past, shoʻrlangan yer maydoni ajratib berilgan edi. Bu yerda ular eng zamonaviy agrar talablarga javob beradigan rivojlangan davlatlar tajribasi asosida paxta yetishtirishni yoʻlga qoʻydi.

Ilgʻor innovatsion gʻoyalarni joriy etib, hosildorlikni 20-25 sentnerdan 50-60 sentnerga yetkazishni moʻljallagan tadbirkorlar yerga egalik qilgach, mavjud maydonlarning meliorativ holatini yaxshilash, sifatli shudgorlash va zararkunandalar koʻpayishining oldini olishga alohida ahamiyat qaratdi. Shu maqsadda ekin maydoni atrofidagi kanallar, ariq-zovurlar loy, qamish va boshqa zararli oʻtlardantozalandi. Yerni tez va chuqur shudgorlash uchun 220 va undan yuqori ot kuchiga ega traktorlar, zamonaviy texnologik chizellardan foydalanildi.

– Bu jarayonda uzoq yillardan buyon yerning “bez” qatlami boʻlib kelgan va shuning oqibatida hosildorlikni pasaytirib yuborgan qatqaloqni yanchish agrotexnologiyasi qoʻllanilib, chizel bilan 60 santimetr chuqurlikda haydaldi, – deydi “Angor Surxon Gʻururi” MCHJagronomi A.Toʻrayev. – Unumdor tuproq va mineral oʻgʻitlar bilan boyitildi. Bir gektar ekin maydoniga 300 kilogramm ammofos, 100 kilogramm kaliy, 50 kilogramm azot berildi. Bu ekin ildizini 50-60 santimetr yer qatlamiga yetkazib, suvning 70-80 santimetr chuqurlikka singishiga puxta zamin yaratdi. Hosildorlikni ikki barobargacha oshirdi. Bu yumushlarga xorijlik tajribali mutaxassislar jalb etilgani ham yutuqlar omili boʻldi.

Zamonaviy innovatsion usullar asosida paxta yetishtirish va uni qayta ishlab, tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha boʻlgan jarayonni oʻzlashtirishga ahd qilgan ishbilarmonlar erta bahorda 5 ming 800 gektar maydonga “Surxon-14”, “Surxon-16”, “Namangan-77”, “Iolatan-14 A 1” va “Jarqoʻrgʻon” navli chigit urugʻlarini xorij tajribasi asosida bir tekis undirib oldi. Nihollar qator orasini yumshatish, kultivatsiyalash, yagana qilish ishlari uyushqoqlik bilan tashkil etildi. Bu yumushlarni tez va sifatli bajarish uchun xorijdan keltirilgan texnikalar kuchidan samarali foydalanildi. Meʼyoridan ancha issiq boʻlgan yoz faslida gʻoʻzani sharbat usulida tungi sugʻorish yoʻlga qoʻyilgani, mahalliy va mineral oʻgʻitlar bilan oʻz vaqtida oziqlantirilgani, begona oʻtlardan tozalanib, belgilangan muddatlarda chekanka qilingani ham oʻtgan yillarga nisbatan moʻl va sifatli hosil yetishtirishda muhim ahamiyat kasb etdi.

– Dalalarimizda paxta qiygʻos ochilgan, – deydi “Angor Surxon Gʻururi” MCHJ rahbari A.Norqobilov. – Har kuni oʻrtacha besh ming terimchi 180 tonnagacha paxta termoqda. Ularning unumli mehnat qilishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Endi qoʻshimcha terimchilarni jalb etib, ular sonini 12 ming nafarga yetkazishni moʻljallayapmiz. Buning uchun mahallalaradagi kayvoni ayollarni jalb etmoqdamiz. Bunda 100nafar koʻngilli hasharchini toʻplab bergan kayvonilarga oʻn kun uchun 500 ming soʻmdan mukofot puli beriladi. Terim pulini ham kunlik berib borishni yoʻlga qoʻymoqchimiz. Bu bizning mashaqqatli mehnat evaziga toʻplangan xomashyoni yogʻin-sochinli kunlarga qoldirmay, qisqa kunlarda yigʻib olishimizga imkoniyat yaratadi.

Hisob-kitoblarga koʻra, mavjud paxtazorga har kuni 10 mingdan ortiq terimchi jalb etilsa, bir kunda oʻrtacha 400 tonnadan ortiq xomashyo terib-yigʻib olinadi va qabul punktiga topshiriladi. Bu yil terim puli miqdorining yanada oshirilgani, yaratilgan sharoitlar va ish haqining oʻz vaqtida berilayotganidan terimchilar mamnun.

5 (2).jpg

4 (1).jpg

– Paxta terimida mehnatga yarasha haq toʻlanayotgani bizni yanada koʻproq ishlashga undamoqda, – deydi Angor tumanidagi Oxunboboyev mahallasida yashovchi Barno Qultoyeva. – Men oʻzim har kuni 120 kilogrammdan oshirib paxta teryapman, bu oilamizga oʻrtacha 100 ming soʻm qoʻshimcha daromad, degani. Terim puli oʻz vaqtida berilmoqda. Barcha sharoit yaratilgan. Bepul issiq ovqat berilyapti. Shuning uchunmahallamizning oʻzidan har kuni 400 dan ortiq terimchi ishtirok etmoqda.

Zamonaviy agrotexnologiyalardan foydalanib, paxta yetishtirgan tadbirkorlar dastlabki yilda mavjud maydonlardan 17 ming 800 tonna yuqori sifatli xomashyo topshirishni rejalashtirgan edi. Hosil moʻl. Endi mavsum yakunigacha bu koʻrsatkichni 20 ming tonnadan oshirishmoʻljallanmoqda. Yigʻib olinayotgan paxta hosili 250 dan ortiq tashish texnikasi yordamida peshma-pesh qabul punktiga yetkazib berilmoqda.

Viloyatda klaster usulini qoʻllash bu yil “Angor Surxon Gʻururi” MCHJda ilk sinovdan oʻtkazilmoqda. Kelgusida ular paxta yetishtirishdan tortib, to xomashyodan tayyor mahsulot ishlab chiqarish bilan yakunlanadigan toʻliq toʻqimachilik ish jarayoni siklini yaratadi. Innovatsion toʻqimachilik klasteri tashkil etilib, oʻzlari yetishtirgan paxtani qayta ishlovchi zamonaviy fabrika va zavod quriladi. Korxona bilan aholi oʻrtasidagi uzviy bogʻliqlikni taʼminlash orqali paxta xomashyosini chuqur qayta ishlash yoʻlga qoʻyiladi. Joylarda qishloq xoʻjaligi hamda yengil sanoat tarmogʻini yanada rivojlantirish, mahsulot sifatini yaxshilash hisobiga qoʻshimcha qiymat yaratilib, tayyor eksportbop mahsulot ishlab chiqarish xajmi koʻpaytiriladi. 1000 dan ortiq yangi ish oʻrni tashkil etilib, ularning turmush farovonligi yanada oshiriladi.

4 997
Xolmoʻmin Mamatrayimov, Jonibek Qoʻzimurodov (surat), OʻzA