O‘zA O`zbek

19.03.2020 Chop etish versiyasi

Paxtachilik rivoji bozor tamoyillarini oʻzgartiradimi?

Paxtachilik rivoji bozor tamoyillarini oʻzgartiradimi?
Munosabat

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-martda “Paxtachilik sohasida bozor tamoyillarini keng joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qarori qabul qilindi.

Albatta, har bir qabul qilinayotgan qaror mamlakat iqtisodiy ravnaqida muhim hisoblanadi. Biroq ularning ijrosini taʼminlash koʻproq oʻsha soha vakillarigagina bogʻliqdir.

Oʻz-oʻzidan savol tugʻiladi: bu qaror paxtachilik sohasida qanday imkoniyatlarni ochib beradi?

Mazkur hujjat Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 23-oktyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga moʻljallangan strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi farmoni ijrosini taʼminlash, davlat buyurtmasi hajmlarini bosqichma-bosqich kamaytirish, shu jumladan, paxta xomashyosi yetishtirish, xarid qilish va sotishda erkin raqobatni taʼminlaydigan bozor tamoyillarini joriy etish, ushbu yoʻnalishda fermer xoʻjaliklari manfaatdorligini oshirish hamda qishloq xoʻjaligi sohasiga investitsiyalarni keng jalb qilish maqsadida qabul qilindi.

Qaror bilan quyidagi asosiy vazifalarni amalga oshirish meʼyor va mexanizmlari belgilab berildi. 2020-yil hosilidan boshlab, davlat tomonidan paxta xomashyosi ishlab chiqarish va sotish rejasini belgilash amaliyoti bekor qilinishi, paxta xomashyosining xarid narxini belgilash amaliyotidan voz kechilishi, paxta xomashyosi yetishtiruvchilarga rayonlashtirilgan gʻoʻza navlarini erkin tanlash huquqi berilishi kabi bir qator qulayliklar yaratiladi.

Buni biz quyidagicha asoslaymiz. Masalan, davlat buyurtmasining mavjudligi paxta xomashyosini yetishtiruvchilarning iqtisodiy manfaatdorligi inobatga olinmasdan barcha mahalliy hokimiyat organlari jalb etilishi ish samaradorligining pasayishiga, hajm ortidan qoʻshib yozishlar va ajratilayotgan resurslardan maqsadsiz foydalanishga olib keladi. Bu jihat paxta yetishtiruvchilar iqtisodiy barqarorligini taʼminlab bermaydi. Shu bois, bugungi kunda klaster faoliyatini takomillashtirish zarurati tugʻilayotganini alohida taʼkidlash kerak.

Joriy yilda paxta-toʻqimachilik klasterlari soni 86 taga yetkazilib, umumiy maydonning 93 foizni tashkil etadi. Klaster usuli joriy etilishi xususiy sektorning rivojlanishiga asos boʻlib, davlat buyurtmasiga ehtiyoj qolmaydi. Klasterlar oʻz ehtiyojlari asosida paxta xomashyosi hajmini mustaqil belgilaydi. 2019-yil paxta xomashyosini yetishtirish tannarxi 4150 soʻm/kg tashkil etgan boʻlsa, davlat xarid narxlari oʻrtacha 4280 soʻm/kg ni tashkil etib, rentabellik oʻrtacha 3 foiz boʻlgan.

Qozogʻistonda ushbu koʻrsatkich oʻrtacha 20 foiz va boshqa paxta yetishtiruvchi rivojlangan mamlakatlarda 30 foizgachani tashkil etadi.

Paxta-toʻqimachilik klasterlari tashkil etilmagan hududlarda paxta tozalash korxonalari ishtirokida fermer xoʻjaliklarining ixtiyoriy kooperatsiyalarini tashkil etish ham ushbu qarorda koʻrsatib oʻtilgan. Bu ishlar ham tizimli amalga oshiriladi. Masalan, kooperatsiya aʼzolari tomonidan paxta xomashyosi yetishtirish uchun zarur boʻlgan mulk komplekslari, texnika, uskuna, transport vositalaridan, paxta tozalash zavodlaridan birgalikda foydalanishni tashkil etish, shartnoma asosida kooperatsiya aʼzolarini qishloq xoʻjaligi texnikasi, yonilgʻi-moylash materiallari, mineral oʻgʻit, urugʻlar, shuningdek, kimyoviy himoya vositalari bilan taʼminlash kabi talablar qoʻyilmoqda.

Bu jarayonda xorijiy tajribalarga ahamiyat qarataylik. AQSH, Turkiyada paxta yetishtirish asosan kooperatsiya usulida amalga oshiriladi va faqatgina qayta ishlash sohasi klasterlarga birlashtirilgan. Aynan bu kabi xorij tajribasini amaliyotga tatbiq etish ham maqsadga muvofiqdir.

Yana bir muhim jihat borki, bu 2021-yil hosilidan boshlab paxta xomashyosini yetishtirishni kreditlash tartibi fermer xoʻjaliklari tomonidan mustaqil ravishda aniqlanadi. Ayni talab boʻyicha yer maydoni toʻliq klasterga berilgan hududlar bundan mustasnodir.

Paxta xomashyosini yetishtirish uchun ajratiladigan imtiyozli kreditlar qatʼiy belgilangan 12 ta yoʻnalish boʻyicha berilishi, agrotexnik tadbirlarni oʻz vaqtida amalga oshirish uchun zarur mablagʻlarni erkin taqsimlay olmaslik hosilning 15-20 foizgacha kamayishiga olib kelgan. Ushbu muammolar yechimini topishda ham qaror ijrosi muhim ahamiyat kasb etadi. Bundan tashqari, unda “Oʻzpaxtasanoat” AJ tizimini isloh qilish masalasi ham asosiy oʻrinni egallagan.

Muxtasar aytganda, tizimni qayta koʻrib chiqish paxta-toʻqimachilik sohasida monopoliyadan toʻliq voz kechish, paxta xomashyosini yetishtirishdagi rentabellikni 25-30 foizgacha yetkazishga imkoniyat yaratadi.

Shahobiddin ORTIQOV,
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi
Oziq-ovqat sanoatini va qayta ishlash sohalarini
rivojlantirish boshqarmasi boshligʻi.

5 292
OʻzA