O‘zA O`zbek

28.12.2018 Chop etish versiyasi

Paxta xomashyosini yetishtirish samaradorligi oshiriladi

Mamlakatimiz hududlarining tuproq-iqlimi va boshqa sharoitlarini hisobga olgan holda tomchilatib sugʻorish texnologiyalarini qoʻllash uchun ilmiy-amaliy va uslubiy asoslari shakllantiriladi va tomchilatib sugʻorish texnologiyalarini qoʻllagan holda paxta yetishtirishda foydalaniladigan qishloq xoʻjaligi texnikasi, mashina va mexanizmlarni, shuningdek, mineral oʻgʻitlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi. Bu haqda davlatimiz rahbarining joriy yil 28 dekabrdagi “Paxta xomashyosini yetishtirishda tomchilatib sugʻorish texnologiyalaridan keng foydalanish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga oid kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida belgilab qoʻyildi.

Shuningdek, davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan paxta xomashyosi ishlab chiqaruvchilariga tomchilatib sugʻorish texnologiyalarini joriy qilish uchun paxta xomashyosi ekiladigan maydonning har bir gektariga 8 million soʻm subsidiya taqdim etiladi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan paxta xomashyosi ishlab chiqaruvchilariga tomchilatib sugʻorish tizimlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ularning butlovchi qismlarini sotib olish uchun ajratiladigan kreditlar boʻyicha foiz xarajatlari tijorat banklari tomonidan belgilangan foiz stavkasidan bir gektarga 20 million soʻmdan oshmaydigan qismining10 foizli punkti miqdorida qoplanadi.



4 277
Muhayyo Toshqorayeva, OʻzA