O‘zA O`zbek

14.03.2019 16:52 Chop etish versiyasi

Parrandachilik: klaster va samaradorlik

Parrandachilik: klaster va samaradorlik

Farg‘ona viloyatida parrandachilik klasteri tashkil etish va rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Klaster faoliyatida tuxum yetishtirishdan boshlab ozuqa bazasi yaratish, laboratoriya va inkubatoriyalar tashkil etish, tovuq parvarishlash, so‘yish, bo‘laklarga ajratish sexlari, qadoqlash va eksportgacha bo‘lgan barcha jarayon qamrab olinadi. Bu borada tarmoq korxonalari tomonidan ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, sohaga innovatsion g‘oya va zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish maqsadida Germaniya, Belgiya, Italiya va Rossiya singari davlatlarning yirik kompaniyalari bilan yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilmoqda.

Prezidentimizning 2018 yil 13 noyabrdagi “Parrandachilikni yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.

– Parrandachilik tarmog‘ini rivojlantirish maqsadida davlatimiz tomonidan loyihalarni moliyalashtirish uchun parrandachilik korxonalariga imtiyozli kreditlar ajratilib, 2021 yil 1 noyabrga qadar import qilinayotgan ozuqa komponentlari, asbob-uskuna va jihozlar bojxona to‘lovlaridan ozod etildi, – deydi Beshariq tumanidagi “Vodiy naslli parranda” xususiy korxonasi tasarrufida tashkil etilgan parrandachilik klasteri rahbari Bohirjon Turdaliev. – Hokimlik ko‘magida ozuqa bazasi yaratish uchun 524 gektar yer ajratildi. Bu davlatimiz rahbari tomonidan importni kamaytirish va eksport hajmini oshirish bo‘yicha parrandachilik klasterlari oldiga qo‘yilayotgan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash imkonini beradi.

Ta’kidlash joizki, korxonada jo‘ja boqish, tuxum joylashtirishga mo‘ljallangan karton qutilar tayyorlash kabi 9 ta sex faoliyat ko‘rsatmoqda. Klaster tizimi asosida oyiga 100 ming bosh jo‘ja ochirishga mo‘ljallangan inkubatsiya sexi hamda bitta zamonaviy tovuq so‘yish sexi qurilayotir. 70 kishi mehnat qilayotgan korxona tomonidan oyiga 2,5-3 million dona tuxum Farg‘ona vodiysi va Toshkent shahri bozorlariga yetkazib berilmoqda. Afg‘onistonga eksport qilinmoqda. Ayni paytda korxona mahsulotlari eksporti geografiyasini yanada kengaytirish bo‘yicha biznes-reja ishlab chiqilayotir.

6.JPG

Klaster tizimiga o‘tilgach, xalqaro sifat kafolatini ta’minlash, jahon bozorida korxona brendini yaratish maqsadida Gollandiyadan markirovka jihozlari olib kelindi. 2019 yilda 50 dan ortiq va 2020 yilda 100 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratish evaziga so‘yish va go‘sht sexlari qurish, qadoqlash liniyasi, muzlatgich omborxonalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. 2 milliard so‘mlik yangi texnika vositalari xarid qilinadi hamda korxona to‘liq tuxum va go‘sht yetishtirish tarmoqlariga ixtisoslashadi.

– Klasterning eng muhim jihati shundaki, ozuqa bazasi ilgari asosan sotib olingan bo‘lsa, bundan buyog‘iga faqat o‘zimiz yetishtiramiz, – deydi korxona bosh hisobchisi Hasanboy Rabiev. – Bu yil bug‘doy, makkajo‘xoridan tashqari, soya, tariq ekish bo‘yicha ham tajriba-sinov yili bo‘ladi. Ekin turlari hosil salmog‘i va sifatiga qarab ozuqa bazasi yaratiladi. Shu maqsadda ajratilgan ekin maydonlarining meliorativ holatini yaxshilash ishlari olib borilmoqda. Toshkent traktor zavodidan 4 ta texnika xarid qilish uchun kelishuv ishlari amalga oshirilmoqda. Inkubatoriya kapital rekonstruksiya qilinib, aprel oyidan aholi xonadonlari, korxona-tashkilotlarga buyurtma asosida jo‘ja yetishtirib berish ishlariga kirishiladi. Ayni jarayonda tovuq go‘ngini qayta ishlash orqali qishloq xo‘jaligi uchun mahalliy o‘g‘itlar tayyorlash ham rejalashtirilmoqda.

Parrandachilik tarmog‘ida katta salohiyat va ilmiy-amaliy tajribaga ega korxona mutaxassislari tomonidan sohada tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagini bildirganlar uchun mahorat darslari ham tashkil etilmoqda.

Mas’udjon Sulaymonov, Muqimjon Qodirov (surat), O‘zA
1 395