Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

17.10.2012 21:34 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston paxtachiligi va to‘qimachilik sanoatining yangi istiqbollari

Toshkentda 17 oktabr kuni Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan tashkil etilgan VIII Xalqaro O‘zbekiston paxta va to‘qimachilik yarmarkasi boshlandi.

O‘zbekiston dunyoda paxta yetishtirish bo‘yicha oltinchi, uni eksport qilish bo‘yicha uchinchi o‘rinda turadi. Mamlakatimiz jahon to‘qimachilik bozorining eng faol ishtirokchilaridan biri hisoblanadi. “O‘zekspomarkaz”da ochilgan VIII Xalqaro O‘zbekiston paxta va to‘qimachilik yarmarkasi ushbu sohada mamlakatimiz bilan savdo, ishlab chiqarish va investitsion hamkorlikni rivojlantirishga qiziqish ortib borayotganini yana bir bor namoyon etmoqda. Turli mamlakatlarning paxta va to‘qimachilik sanoati vakillari, treyderlar bu yerda nafaqat ushbu tarmoqlarni rivojlantirish tendensiyalari, ularning mahsulotlariga bo‘lgan talab va taklifning o‘zgarib turishi, dunyo bozoridagi narx kon’yunkturasini muhokama qilish, balki o‘zbek paxta tolasini hamda undan tayyorlangan to‘qimachilik mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha bevosita shartnomalar tuzish imkoniyatiga ega bo‘lmoqdalar.

VIII Xalqaro O‘zbekiston paxta va to‘qimachilik yarmarkasining ochilish marosimida Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan va butun dunyoda “o‘zbek modeli” deb e’tirof etilgan taraqqiyotning uzviy qismi hisoblangan keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlar salmoqli natijalar berayotgani ta’kidlandi. Davlatimiz rahbari tomonidan yuritilayotgan puxta o‘ylangan iqtisodiy siyosatning izchil amalga oshirilishi tufayli mamlakatimiz iqtisodiyotining raqobatbardoshligi, jumladan, milliy paxta va to‘qimachilik kompleksi samaradorligini oshirish, paxta tolasidan yuqori qo‘shimcha qiymatga ega sifatli mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish hamda eksport tarkibida uning ulushini ko‘paytirish hisobidan yildan-yilga ortib bormoqda.

O‘zbekiston bugun iqtisodiyoti jadal rivojlanib borayotgan davlatlardandir. Dunyoda global moliyaviy-iqtisodiy inqiroz hamon davom etayotgan bir paytda mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotining o‘sish sur’atlari yiliga o‘rtacha 8,2 foizni tashkil etayotgani ham milliy iqtisodiyotimizning barqarorligi hamda ulkan salohiyatga ega ekanidan yorqin dalolat beradi. Statistik ma’lumotlar ushbu ijobiy tendensiya joriy yilda ham saqlanib qolishini ko‘rsatmoqda.

Mamlakatimizda jahonning eng yuksak talablariga javob beradigan paxta tolasini yetishtirish, qayta ishlash va sotish bo‘yicha tashkil etilgan zamonaviy kompleks ham jadal sur’atlar bilan rivojlanmoqda. Sohada chuqur tarkibiy islohotlarning amalga oshirilishi, barcha bo‘g‘inlarning tizimli ravishda modernizatsiya qilinishi, texnik va texnologik qayta jihozlanayotgani, tegishli infratuzilmaning jadal rivojlanayotgani, shuningdek, zamonaviy bozor mexanizmlarining keng joriy etilayotgani sababli ushbu kompleks faoliyatining samaradorligi yuksalmoqda. Bu esa sarflanayotgan mablag‘lardan samarali foydalanish darajasini oshirmoqda.

Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan ishlab chiqilgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi bu boradagi jarayonni yanada kuchaytirish uchun yangi, yanada keng imkoniyatlar ochib berayotir. Ushbu dasturiy hujjatga muvofiq iqtisodiyotni erkinlashtirishni jadallashtirishga qaratilgan qonunchilik bazasi takomillashtirilmoqda, iqtisodiyotimiz, shu jumladan, paxta tolasini yetishtirish hamda to‘qimachilik kabi muhim tarmoqlar raqobatbardoshligini yanada oshirishga doir aniq maqsadli chora-tadbirlar hayotga tatbiq etilmoqda.

Eng yuqori standartlarga mos o‘zbek paxta tolasiga jahon bozorida talab ortib borayotir. Xalqaro O‘zbekiston paxta va to‘qimachilik yarmarkasining o‘zbekistonlik sheriklari bilan amaliy munosabatlarni kengaytirishdan manfaatdor ishtirokchilari soni yildan-yilga ko‘payib borayotgani ham shundan dalolatdir. Misol uchun, 2005-yilda o‘tgan dastlabki yarmarkaga dunyoning 30 mamlakatidan 170 ga yaqin treyderlik va to‘qimachilik kompaniyalari vakillari tashrif buyurgan bo‘lsa, o‘tgan yili ularning soni 660 nafardan oshdi. Bu yil sakkizinchi marotaba o‘tkazilayotgan yarmarkada esa 38 davlatdan paxta va to‘qimachilik sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan kompaniyalarning ming nafardan ortiq vakili ishtirok etmoqda. Shunisi e’tiborliki, nafaqat tolamizga talab yuqori bo‘lgan Janubi-sharqiy va Janubiy Osiyo mamlakatlarining to‘qimachilik kompaniyalari, balki o‘zbek to‘qimachilik mahsulotlarini sotish bo‘yicha muvaffaqiyatli biznes yuritayotgan Yevropa, Lotin Amerikasi hamda boshqa mintaqalar savdo firmalarining O‘zbekiston bilan hamkorlikdan manfaatdorligi ortib borayotgani natijasida paxta hamda undan tayyorlanayotgan tovarlarimizni yetkazib berish jug‘rofiyasi ham tobora kengaymoqda.

– Bunday yirik xalqaro tadbirda ishtirok etish men uchun katta sharaf, – deydi «Cotton Outlook» xalqaro axborot agentligining boshqaruvchi direktori R.Batler. – Agentligimiz dunyoning turli davlatlarida yetishtiriladigan paxta tolasi sifatini muntazam monitoring qilib boradi, talab va taklif tendensiyalarini o‘rganadi. O‘zbekiston tola yetkazib beruvchi olti yetakchi davlatdan biridir. O‘zbek paxtasi barcha xalqaro standartlarga javob berishi va keng iste’molchilar talablarini qondirayotgani tufayli mamlakatingiz jahon bozorida o‘z o‘rnini barqaror saqlab turibdi.

Darhaqiqat, O‘zbekistonda paxtachilikni rivojlantirish eng ilg‘or agrotexnologiyalarni qo‘llash, xususiyatlari yaxshilangan yangi navlarni yaratish va paxta tozalash sanoatiga innovatsiya ishlanmalarini joriy qilishga asoslangan. Misol uchun, istiqlol yillarida o‘zbekistonlik seleksionerlar paxtaning 162 navini yaratdi, ularning ertapisharligi, hosildorligining yuqoriligi, tolasining tozaligi va uzunligi, zararkunandalarga chidamliligi hamda mamlakatimizning turli hududlari iqlim sharoitiga mosligi bilan ajralib turadigan 45 tasi davlat reyestriga kiritilgan va yetishtirish uchun tavsiya etilgan. Bugungi kunda dalalarimizda yetishtirilgan hosilning 83 foizini “oliy” va “yaxshi” navli paxta tolasi tashkil etadi. O‘zbek paxtasi jahon bozorida talab etiladigan va asosiy sifat ko‘rsatkichlaridan biri bo‘lgan mikroneyr darajasiga to‘liq javob beradi.

Albatta, O‘zbekistonda bunday sifatli paxtani yetishtirishda, birinchi navbatda, mehnatsevar dehqon va fermerlarimizning xizmati kattadir. Davlatimiz rahbari tomonidan belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash doirasida fermerlik harakatini rivojlantirish va yanada kengaytirish uchun barcha shart-sharoitlar yaratildi. Fermer xo‘jaliklarini imtiyozli kreditlar bilan ta’minlash tizimi tashkil etilib, muntazam takomillashtirilmoqda, ular eng sara urug‘lik, qishloq xo‘jalik texnikasi, yoqilg‘i-moylash materiallari bilan ta’minlanmoqda, davlat buyurtmasi doirasida ishlab chiqarayotgan mahsulotlarining xarid narxlari oshib borayotir.

Paxta tozalash sanoati ham jadallik bilan modernizatsiya qilinmoqda, ishlab chiqarishga eng zamonaviy texnologiyalar joriy etilmoqda. So‘nggi yillarda mamlakatimizning turli hududlaridagi barcha paxta tozalash zavodlari rekonstruksiya va modernizatsiya qilindi. Buning natijasida ishlab chiqarish hajmi 22 foizdan oshdi, tola sifati ham ortdi.

Yarmarka qatnashchilari bu yerda namoyish etilayotgan va joriy mavsumda mamlakatimiz paxta zavodlari tomonidan ishlab chiqarilgan paxta tolasi navlarining namunalari bilan tanishish imkoniga ega. Yarmarkada sotib olinadigan har bir toy paxta sifati “Sifat” O‘zbekiston paxta tolasini sertifikatlash markazi tomonidan kafolatlangan. Markaz va uning barcha hududiy laboratoriyalari paxta tolasini tekshirish uchun eng zamonaviy HVI yuqori texnologik tizimlar bilan jihozlangan. Shu bilan birga, yaqin kelajakda ushbu jarayonni yanada modernizatsiya qilish rejalashtirilmoqda.

Yarmarkaning ochilishida O‘zbekistonda rivojlangan bozor iqtisodiyotini shakllantirish va uni yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishga yo‘naltirish davomida to‘qimachilik sanoati ham izchil rivojlanib, yangi korxonalar ishga tushirilayotgani, ularning ishlab chiqarish quvvati ortib borayotgani ta’kidlandi. Bundan tashqari, paxta tolasini chuqur qayta ishlash hajmi oshmoqda. Bu ko‘rsatkich XX asrning 90-yillaridagi 7 foizdan 2011-yilda 40 foizga o‘sdi. Mamlakatimizda katta hajmda xomashyo, ishlab chiqarish resurslari va yuqori malakali kadrlar mavjudligi bois ushbu jarayon yanada jadallashmoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, yaqin yillar ichida O‘zbekistonda yetishtirilayotgan jami paxta tolasining 70 foizgacha bo‘lgan qismi o‘zimizda chuqur qayta ishlanadi.

Prezidentimiz Islom Karimovning 2010-yil 15-dekabrda qabul qilingan “2011-2015-yillarda O‘zbekiston Respublikasi sanoatini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida”gi qarori ushbu vazifalarni hal etishga qaratilgan. Mazkur hujjatda ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish, mahalliy xomashyoni chuqur va sifatli qayta ishlash hisobidan eksportga mo‘ljallangan raqobatbardosh sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish, ularni xorijda sotish bozorlarini kengaytirish zarurligi qayd etilgan.

Bugun mamlakatimizda 2,2 mingdan ortiq yengil sanoat korxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning 280 dan ortig‘i “O‘zbekengilsanoat” davlat aksiyadorlik kompaniyasi tarkibiga kiradi. Shu bilan birga, qo‘shma korxonalar soni ham ko‘paymoqda. 2015-yilga mo‘ljallangan yengil sanoatni rivojlantirish dasturiga muvofiq sohaga eng zamonaviy texnologiyalar joriy etilmoqda, ishlab chiqarilayotgan mahsulot turlari har yili yigirmadan ortiq turga ko‘paymoqda. Bugun O‘zbekistonda tayyorlanayotgan to‘qimachilik mahsulotlari dunyoning qirqdan ziyod davlatiga eksport qilinmoqda. Talab esa yanada oshmoqda.

Mamlakatimizda qulay investitsiya va ishbilarmonlik muhiti yaratilgani sababli to‘qimachilik sanoatiga investitsiyalar, shu jumladan, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish hajmi oshmoqda. Bu esa faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlashni jadallashtirish, xorijiy ishlab chiqaruvchilar bilan muvaffaqiyatli raqobatlasha oladigan yangi zamonaviy korxonalarni tashkil etish imkonini bermoqda.

– Kompaniyamiz dunyoning ko‘plab mintaqalarida qirqta korxonaga ega va o‘z mahsulotlarini yuzdan ortiq mamlakatga yetkazib beradi, – deydi “Indorama Grupp” to‘qimachilik kompaniyasi vitse-prezidenti P.Kejrival. – 2010-yilda O‘zbekistonda Markaziy Osiyodagi eng zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan “Indorama Qo‘qon tekstil” qo‘shma korxonasini tashkil qildik. Korxonada jahon talablariga javob beradigan va mamlakatingizda yetishtirilayotgan paxta tolasining yuqori sifatini to‘liq aks ettiradigan ip ishlab chiqarilmoqda. O‘zbekistonlik sheriklar bilan hamkorligimiz katta istiqbolga ega, buning uchun mamlakatingizda barcha shart-sharoitlar yaratilgan. O‘zbekistonda hukm surayotgan barqarorlik, jumladan, iqtisodiy barqarorlik bu borada muhim omil bo‘layotir. Biz ushbu hamkorlikdan g‘oyat manfaatdormiz va uni yanada rivojlantirish niyatidamiz.

Yarmarkada O‘zbekiston yengil sanoat korxonalarining keng turdagi mahsulotlari – ip, polotno, gazlamalar, tayyor trikotaj, shuningdek, ipak buyumlari namoyish etilmoqda. Bundan tashqari, “O‘zbekengilsanoat” davlat aksiyadorlik kompaniyasi huzurida faoliyat ko‘rsatayotgan “Sharq liboslari” dizayn markazi liboslar namoyishini tashkil etdi. Dizaynerlarimiz tomonidan jahon moda sanoati tendensiyalari va milliy an’analarimiz, mintaqamizning issiq iqlim sharoiti hisobga olingan holda, o‘zimizning tabiiy matolardan tayyorlangan rang-barang liboslar modellari xorijiy ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Bu yilgi yarmarkaning o‘ziga xos jihati shundaki, unda mamlakatimiz hududlarining investitsiya salohiyati va to‘qimachilik sanoatini rivojlantirishga doir yangi loyihalar taqdim etilmoqda. Xorijiy ishbilarmon doiralar vakillari mamlakatimiz to‘qimachilik sanoatiga sarmoya kiritishdan manfaatdor ekanini ta’kidladilar. Ularning hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdorligi nafaqat paxtamiz va undan tayyorlangan tovarlar yuqori sifatga egaligi, balki mamlakatimizda ularni xarid va transportirovka qilish, kafolatli yetkazib berish uchun yaratilgan qulay sharoitlar, transport koridorlari tizimi yo‘lga qo‘yilgani, moslashuvchan narx siyosati mavjudligiga asoslangan.

Xususan, Xalqaro paxta assotsiatsiyasi prezidenti A.Estiv, “Cotton Bangladesh” xalqaro agentligi bosh muharriri K.Axsan, Tianjin paxta birjasi direktori Bi Yujuan (Xitoy), To‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar xalqaro federatsiyasining (ITMF) boshqaruv kengashi a’zosi, “Riter AG” kompaniyasi raisi P.Gnegi va boshqalar shu haqida gapirdi. Ular Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda puxta o‘ylangan va istiqbolga mo‘ljallangan izchil iqtisodiy islohotlar siyosatining amalga oshirilayotgani natijasida milliy iqtisodiyotimizning raqobatbardoshligini yanada yuksaltirish uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilganini ta’kidladilar. Bu esa O‘zbekiston bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar ochmoqda.

Yarmarkaning birinchi ish kunida o‘zbek paxtasi va to‘qimachilik mahsulotlarini xarid qiladigan davlatlarning delegatsiyalari bilan muzokaralar o‘tkazildi. Ularda mamlakatimizning ishlab chiqaruvchi korxonalari va tashqi savdo kompaniyalari vakillari qatnashdi.

VIII Xalqaro O‘zbekiston paxta va to‘qimachilik yarmarkasining ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.Mirziyoyev so‘zga chiqdi.

 


O‘zA, Anna Ivanova, Sarvar O'rmonov (surat)
24 673